O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi
19/04/2008 - 07:28 9435
18 aprelda Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2008 yilda iqtisodiy islohotlarning eng muhim vazifalari amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash chora-tadbirlari har tomonlama muhokama qilindi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan shu yil 8 fevralda respublika hukumati majlisida belgilab berilgan 2008 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulotning 8,1 foizga, sanoat ishlab chiqarishi hajmining 10,6 foizga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi hajmining 4,8 foizga, qurilish ishlari hajmining 5,0 foizga, chakana tovar aylanmasining 12,7 foizga, pulli xizmatlar hajmining 19,8 foizga o‘sishini ta’minlaganligi qayd etildi.
Tashqi savdo aylanmasi barqaror yuqori sur’atlarda, eng avvalo eksportning 56,1 foiz darajasida o‘sishi hisobiga oshmoqda. Davlat budjeti profitsit bilan ijro etildi, inflatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi.
2008 yilgi Investitsiya dasturini, iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash dasturlarini amalga oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar investitsiyalar hajmining 41 foizga, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning 56,8 foizga o‘sishiga ko‘maklashdi. Joriy yilning birinchi choragi mobaynida “General Motors O‘zbekiston” qo‘shma korxonasida yangi modeldagi “Neksiya-2” avtomobilini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, 105 ta ishlab chiqarish obyekti, shu jumladan Pomuq konida qo‘shimcha siqish kompressor stansiyasi, “Tagus tekstil”, “Samo Sherteks” qo‘shma korxonalari va “Baypak” xorijiy korxonasi to‘qimachilik korxonalari, “Qiziriq Zarafshon un” qo‘shma korxonasida un va “Quvasoy qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatida shifer ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli yalpi ichki mahsulotda kichik biznesning ulushi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 foizga o‘sdi. Kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan kreditlar hajmi 269 milliard so‘mni tashkil etdi yoki o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 39,8 foizga ko‘paydi.
Maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar hisobot davrida qariyb 170 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish, shu jumladan xizmatlar va servis sohasida 67 mingtadan ortiq, kasanachilikni tashkil etish hisobiga 55 mingta ish o‘rni tashkil qilish imkonini berdi.
Yoshlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga, ular uchun yangi ish o‘rinlari barpo etishga, yosh oilalarning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilashga, yoshlarning ta’limi sifatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan “Yoshlar yili” Davlat dasturi tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan faol chora-tadbirlar ko‘rildi. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilda 1,5 trillion so‘m ajratish nazarda tutilmoqda. Qurolli Kuchlardagi xizmatdan qaytgan 3,2 ming nafar yoshlar ishga joylashtirildi. Qishloq joylarda yosh oilalarga qoramol sotib olish uchun 1,4 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.
Majlisda 2008 yilgi Investitsiya dasturini, shuningdek iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash dasturlarini amalga oshirishning borishi har tomonlama muhokama qilindi. Qishloq va suv xo‘jaligi, neft-gaz, kon-metallurgiya tarmoqlarida, qurilish materiallari sanoatida ayrim investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tasdiqlashni va ularni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etishni tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Ushbu masalani muhokama qilish yakunlari bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari oldiga ishlab chiqarishning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini so‘zsiz ta’minlashga, 2008 yilgi Investitsiya dasturiga hamda modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash tarmoq dasturlariga kiritilgan obyektlarni o‘z vaqtida ishga tushirishga, ushbu maqsadlar uchun investitsiyalarni, eng avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirilgan zarur chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning joriy yil 15 aprelda Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ishonchli ta’minlash masalalari respublika hukumati majlisi qatnashchilarining diqqat-e’tiborida bo‘ldi. Aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashning holati viloyatlar, tumanlar va shaharlar bo‘yicha har tomonlama tahlil qilindi.
Respublika hukumati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar aholining ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarining kafolatli qondirilishini ta’minlayotganligi qayd etildi. Respublikaning ishlab chiqarish salohiyati hamda don, un, o‘simlik yog‘i va boshqa turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining shakllantirilgan ishonchli zaxiralari, ulgurji va chakana savdodagi zarur zaxiralar aholining ularga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplaydi, ichki iste’mol bozorining uzluksiz to‘ldirilishini ta’minlaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirilmoqda va yangi ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirilmoqda. Faqatgina joriy yilning birinchi choragida 43 ta yangi oziq-ovqat sanoati korxonalari ishga tushirildi.
Shu bilan birga, respublika hukumati majlisi o‘tkazilishi arafasida amalga oshirilgan o‘rganish natijalari respublikada ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari turlarini yanada ko‘paytirish va sifatini oshirish, chakana savdo korxonalarini, ayniqsa, qishloq joylardagi savdo korxonalarini oziq-ovqat tovarlari bilan barqaror ta’minlashda ulgurji savdo bo‘g‘inining rolini mustahkamlash zarurligini ko‘rsatdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari zimmasiga aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror, uzluksiz ta’minlash hamda savdoda, dehqon va oziq-ovqat bozorlarida narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.
Shuningdek, 2008 yilda sabzavot, poliz mahsulotlari, kartoshka, chorvachilik mahsulotlari, o‘simlik yog‘i va guruch ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Tijorat banklariga meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va kartoshka xarid qilish shartnomalari bo‘yicha fermer xo‘jaliklarini o‘z vaqtida avans mablag‘lari bilan ta’minlash uchun agrofirmalarga va tayyorlov tashkilotlariga imtiyozli kreditlar ajratish, shuningdek yuqori sifatli urug‘lik kartoshka, poliz va meva-sabzavot ekinlari urug‘lari va ko‘chatlari, nihollar, yosh qoramol xarid qilish uchun dehqon va fermer xo‘jaliklariga kreditlar berish tavsiya etildi.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasiga, Yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasiga Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan savdo shoxobchalarida, ayniqsa, uzoq qishloq aholi punktlaridagi savdo shoxobchalarida omuxta chorva ozuqalari, shrot va sheluxaning o‘z vaqtida keltirilishi va aniq manzilli sotilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Aholini ish bilan band etish muammolarini hal qilish amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh ustuvor vazifasini – inson manfaatlari ustuvorligini ro‘yobga chiqarishda hamon eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu borada yirik korxonalarning kasanachilik bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish alohida muhim ahamiyat kasb etadiki, u ancha kam kapital xarajatlar bilan yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini ta’minlaydi. Elektrotexnika sohasi, yengil sanoat va poyafzal ishlab chiqarish sanoatida, Buxoro, Namangan va Toshkent viloyatlarida korxonalar va kasanachilik mehnati o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish ishlari yetarli bo‘lmayotganligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalariga Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda 2008 yilda kasanachilik ish o‘rinlarini tashkil etish parametrlarini qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Korxonalarning kasanachilar bilan kooperatsiyasini rivojlantirish va kasanachilik mehnati turlarini kengaytirish bo‘yicha salohiyati va imkoniyatlarining to‘liq ishga solinishini ta’minlash, xo‘jalik yurituvchi subyektlarni kasanachilikni kengaytirganlik uchun rag‘batlantirish va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmni joriy qilish, shuningdek korxonalar tomonidan kasanachilar bilan tuziladigan mehnat shartnomalari talablariga, shu jumladan ularni buyurtmalar, xomashyo, asbob-uskunalar bilan o‘z vaqtida va to‘liq hajmda ta’minlash, ish haqini to‘lashga doir talablariga so‘zsiz rioya qilinishi zarurligi qayd etildi.
Majlisda boshoqli ekinlarning 2008 yilgi don hosilini o‘rib-yig‘ib olish mavsumiga g‘alla o‘rish-yig‘ish texnikasini tayyorlashni tugallash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash ishlarini tashkil etish va jadallashtirish, shu jumladan melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazishni jadallashtirish bo‘yicha ishlarning bajarilishi muhokama qilindi.
“O‘zmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasiga Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasini boshqarish departamenti bilan birgalikda Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturida nazarda tutilgan import melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiya vositalarini o‘z vaqtida xarid qilish, ulardan samarali foydalanilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish topshirildi.
Respublika hukumati majlisida kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha qaror qabul qilindi. Qarorda 2008 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalarining so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Manba: www.uza.uz