“Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunning amal qilish mexanizmlarini takomillashtirish

11/04/2008 - 07:26 8101

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi, “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi va “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunlarning amal qilish mexanizmlarini takomillashtirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Parlament quyi palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning vakillari, olimlar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar.

Mazkur qo‘mita raisi A.Mo‘minov boshqargan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari X.Do‘stmuhamedov, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining o‘rinbosari A.Xo‘jayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda taraqqiyotning muhim omili bo‘lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, sohadagi yutuqlarni hayotga izchil tatbiq etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladilar.

Seminarda nomi zikr etilgan qonunlarning amal qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Ayni paytda elektron raqamli imzoni ommaviylashtirish, uni, jumladan, ta’lim muassasalari, budjet va jamoat tashkilotlariga elektron raqamli imzo va dastur mahsulotlaridan imtiyozli foydalanish shartlari asosida taqdim etish muhim ahamiyatga ega.

Bu borada yurtimizda yuridik shaxslardan moliyaviy va soliq hisobotlarini qabul qilish tizimini tashkil etish, aholi va xo‘jalik subyektlari o‘rtasida keng tushuntirish ishlarining olib borilishiga erishish maqsadga muvofiqdir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunini amal qilish samaradorligini yanada oshirish maqsadida tegishli me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan bir qator fikr va mulohazalar bildirildi.

Manba: www.uza.uz