Qo‘shma loyihalarning samarali ijrosi
10/04/2008 - 07:25 9046
Mamlakatimizga tashrif buyurgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ijrochi direktori Kyung-Xo Kim qator vazirlik va idoralarda muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvi raisining o‘rinbosari B.Nurullayev bilan muloqot chog‘ida mamlakatimizda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan boshqa sohalar singari bank-moliya tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani, bu esa xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.
Osiyo taraqqiyot banki 1995 yildan buyon qator sohalarga sarmoya kiritish orqali yurtimizdagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. OTB bilan hamkorlik samarasi ta’lim, tabiiy resurslarni o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligi, transport va transport kommunikatsiyalari, sog‘liqni saqlash, bank-moliya, sanoat, savdo, energetika kabi sohalardagi o‘zgarishlarda, ayniqsa, yaqqol ko‘zga tashlanadi.
OTB 2006 yilning mart oyida O‘zbekiston uchun 2006-2010 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi va dasturini tasdiqlagan.
Shu kunga qadar mazkur xalqaro moliyaviy tashkilot mamlakatimizga bir milliard AQSH dollaridan ziyod miqdorda kredit ajratdi. Bu mablag‘lar transport infratuzilmasi, energetika, qishloq xo‘jaligi, kommunal xo‘jalik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, shuningdek, umumiy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi kabi sohalardagi strategik ahamiyatga molik 25 loyiha ijrosiga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, texnikaviy yordam tariqasida umumiy qiymati 72 million dollarga teng grantlar taqdim etilgan.
Yurtimizda OTB bilan birgalikda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan loyihalar o‘zaro hamkorlikning izchil rivojlanayotganidan dalolatdir. Shu o‘rinda Osiyo taraqqiyot banki Markaziy Osiyo mintaqaviy transport yo‘lagining bir qismi hisoblangan asosiy avtomagistralni rivojlantirish uchun O‘zbekistonga 75,3 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratganini qayd etish joiz. Bu mablag‘ “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov” avtomagistralining O‘zbekistonni Qozog‘iston, Afg‘oniston va Turkmaniston bilan bog‘laydigan uzunligi 1204 kilometrli qismini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
– O‘zbekiston – ulkan iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat, – dedi Kyung-Xo Kim. – Osiyo taraqqiyot banki mamlakatingiz bilan hamkorlikni yuksak qadrlaydi. Tashrif asnosida mamlakatingizda OTB bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qo‘shma loyihalar samarali ijro etilayotganiga guvoh bo‘ldik. Yurtingizda bank tizimini isloh qilish va erkinlashtirishning zarur huquqiy asoslari ishlab chiqilib, xorijlik ishbilarmonlar uchun qulay sarmoyaviy muhit yaratilgani bizni juda quvontirdi. Mamlakatingiz bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdorimiz.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida o‘tgan uchrashuvda mamlakatimiz bilan OTB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarning bugungi ahvoli va istiqboli yuzasidan fikr almashildi, hamkorlikda yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlariga oid masalalar muhokama qilindi.
Manba: www.uza.uz