Mis sanoati klasterini tashkil qilish va rivojlantirish doirasida mis xomashyosi, rangli va noyob metallarni qidirish jarayoniga xalqaro kompaniyalarni jalb qilish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv

03/02/2022 - 22:47 2612

Joriy yilning 31-yanvar sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov 4 ta mis xomashyosi, rangli va noyob metall konlari zaxiralarini JORC standarti asosida baholash bo‘yicha xalqaro kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

       Uchrashuvda Loyiha ofisining xalqaro consultanti Fransisko Igualada, “DMT GMBH & CO. KG” kompaniyasi vakili Taygler Ernst Bernhard, “Snowden Optiro” kompaniyasi vakillari Aziz Kukenov va Dias Jabayev, “Projekt Consult” kompaniyasi konsultantlari Zeyegers Haynts Yozef va Anna Chapligina, “Wardell-Armstrong” kompaniyasi vakili Ruslan Erjanov hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma’sul xodimlari ishtirok etdilar.

        Ma’lumot uchun: delegatsiya vakillari geologiya, mis, rangli va nodir metallar sohasidagi tadqiqotlar, 3D modellashtirishda xalqaro kompaniyalarning ishtiroki masalalari bo‘yicha hamkorlik yuzasidan 5 kunlik tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan.

        Uchrashuv davomida 4 ta mis xomashyosi, rangli va noyob metall konlari zaxiralarini JORC standarti asosida baholash uchun tanlov o’tkazilishi tartibi va shartlari muhokama qilinib, xalqaro kompaniyalar vakillari ushbu tanlovda ishtirok etish istagini bildirdilar. Shuningdek, xalqaro kompaniyalar vakillari uchun 4 ta mis xomashyosi, rangli va noyob metall konlari haqida to’liq ma’lumotlar joylarga chiqib mazkur konlarni bevosita ko’zdan kechirgan holda, avvalgi geologiya qidiruv ishlari bilan tanishgan holda ta’minilanishi bildirildi.

        Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov tomonidan rejalashtirilayotgan tanlov sof raqobat shartlari va shaffoflik tamoyillari asosida o’tishi milliy iqtisodiyotimizda ochiqlik va qulay investitsiya muhitini yaratishning muhim mezoni ekanligi alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, uchrashuvda geologiya sohasidagi tadqiqotlar, tog‘-kon sohasida mavjud metodlar, moliyaviy modellashtirish, xalqaro ekspertlar tajribalaridan foydalanish borasida fikr almashdilar.

       Uchrashuv so‘nggida tomonlar tashrif yakunlari bo‘yicha yana bir bor uchrashuv tashkil qilinishi lozimligi yuzasida kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati