Tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik
04/04/2008 - 07:20 10875
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 3 aprel kuni Buxarestda NATO/Yevroatlantika hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etdi.
Bu yerda Yevroatlantika hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlik, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga doir masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston 1994 yildan buyon NATO bilan “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturi doirasida hamkorlik qilib kelmoqda. Bu borada yo‘lga qo‘yilgan aloqalar xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, shuningdek, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, narkotrafik, transmilliy uyushgan jinoyatchilik kabi xavfsizlikka yangi tahdid va xatarlarga, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishiga qarshi kurashishga ko‘maklashmoqda.
Mamlakatimiz vakillari keyingi yetti yil davomida “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturining 400 dan ortiq tadbirida ishtirok etdi.
O‘zbekiston ilm-fan vakillari ilmiy hamkorlik doirasida NATOning “Ilm-fan orqali xavfsizlik sari” dasturida ishtirok etmoqda. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda yuzdan ziyod ilmiy-texnik loyiha amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sammitdagi nutqida, “NATOning tobora siyosiy tuzilma shaklini olayotgani bugungi kunda haqiqatga aylanmoqda, – deb ta’kidladi. – Va bu, o‘z navbatida, Yevroatlantika hamkorlik kengashi – SEAPni yanada rivojlantirish va mustahkamlashning yaxshi omilidir”. Davlatimiz rahbari NATO bilan amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini qayd etdi.
Prezident Islom Karimov sammit qatnashchilarini keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga chaqirdi. Bugungi kunda xalqaro tashkilotlar va ayrim mamlakatlar ushbu yo‘nalishda muayyan ishlarni amalga oshirmoqda. Biroq bu hali yetarli emas. Afg‘oniston jahon hamjamiyati uchun hali-hanuz tahdidlar o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda. Aslini olganda, hech bir mintaqa yoki mamlakat o‘zini terrorizm xavfidan butunlay xoli, deb hisoblay olmaydi. Ushbu balo-qazo biron bir mintaqa yoxud mamlakatga kirib bormasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Prezident Islom Karimov Afg‘onistonda faqat harbiy yo‘l bilan tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligini doimo ta’kidlab keladi. Darhaqiqat, 30 yildan buyon tinchlik nimaligini bilmay kelayotgan mamlakatda qurol bilan barqarorlik o‘rnatib bo‘lmaydi. Bunda aholini qurolsizlantirish, tinch hayotga yo‘naltirish, odamlarda bunyodkorlik hissini uyg‘otish, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etish, islohotlarni bosqichma-bosqich olib borish va amaliy samaralar berishiga erishish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti sammit ishtirokchilarini 1997-2001 yillarda BMT ko‘magida samarali faoliyat ko‘rsatgan “6+2” muloqot guruhi doirasida Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish bo‘yicha muzokara jarayonini qayta tiklashga da’vat etdi. Ushbu muloqot guruhi Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yagona xalqaro amaliy mexanizm edi. Uning doirasida ko‘p tomonlama diplomatiyaning noyob tajribasi to‘plangan, mazkur muammo yuzasidan umumiy prinsip va yagona yondashuvlar ishlab chiqilgan edi. Ammo 2001 yilda xalqaro koalitsiya tomonidan terrorchilikka qarshi operatsiya boshlangani munosabati bilan mazkur guruhning faoliyati susaydi.
Islom Karimov hozirgi voqelikni va muzokaralar jarayonida NATO vakolatxonasi albatta ishtirok etishini hisobga olgan holda, “6+2” guruhini “6+3” guruhiga aylantirishni taklif etdi.
Shuni yana bir bor ta’kidlash joizki, xavfsizlik va hamkorlik masalalari bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Xavfsizlik hamkorlik orqali ta’minlanadi, hamkorlik esa xavfsizlik ta’minlangandagina rivojlanadi. Bu jihatdan Buxarest sammiti qatnashchilarining fikrlari hamohangdir.
Manba: www.uza.uz