“Mikrokreditbank”: xizmat turlari kengaymoqda

01/04/2008 - 07:08 8736

“Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2007 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2008 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida bank-moliya tizimida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samaralarini berayotganialohida ta’kidlandi.

Hozirgi kunda 33 mingdan ortiq aksiyadorga ega “Mikrokreditbank” o‘zining saksonga yaqin filiali va 270 minibanki orqali aholiga ko‘plab turdagi bank xizmatlari ko‘rsatmoqda.

“Mikrokreditbank” boshqaruvi raisi J.Sayfuddinovning ta’kidlashicha, xususiy biznesni rag‘batlantirishda moliyaviy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan mazkur bank tomonidan 2007 yilda tadbirkorlarga 56 milliard so‘mlik kredit berilgan. Bu 2006 yildagiga nisbatan 2,2 barobar ko‘p demakdir. Ana shunday yordamlar tufayli 40 mingdan ortiq yangi ish o‘rni ochildi.

Bank Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bilan hamkorlikda Jizzax, Navoiy, Samarqand, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida faoliyat yuritayotgan fermer ayollarga, ayniqsa, faol mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda banklar o‘rtasida sog‘lom raqobatning kuchayishi ularni o‘z mijozlari uchun yangidan-yangi qulayliklarni tezkor joriy etishga undaydi. “Mikrokreditbank”ning xizmat doirasi ham kundan-kunga kengayib borayotir. Bunda aholi hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning turli xil moliyaviy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan iste’mol krediti muhim o‘rin tutadi.

Shu maqsadda salkam 8,5 ming oilaga imtiyozli mikrokreditlar ajratildi. Shuningdek, uy-ro‘zg‘or jihozlari va maishiy texnika vositalari sotib olish, to‘y marosimlarini o‘tkazish uchun besh milliard so‘mlik imtiyozli iste’mol kreditlari berildi.

Prezidentimizning 2007 yil 21 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida 2010 yilgacha bo‘lgan davrda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori joylarda aholiga zamonaviy va sifatli servis xizmati turlarini kengaytirishda muhim omil bo‘layotir. Bank 2007 yilda ushbu maqsadda 7,6 milliard so‘m miqdorida xizmatlar ko‘rsatdi.

O‘tgan yili bank tomonidan xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit liniyalari va grantlarini jalb etish borasida ham qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, BMT Rivojlanish dasturi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining ikki tumanida kichik grantlar bo‘yicha ajratilgan mablag‘ to‘liq o‘zlashtirildi.

Tadbirda bankning mamlakatimizda biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan bank xizmati turlarini yanada ko‘paytirish va sifatini yaxshilash hamda oilalar uchun ishonchli daromad manbalari yaratish borasidagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga doir vazifalari belgilab olindi.

Manba: www.uza.uz