O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot
28/03/2008 - 07:07 8594
Toshkent shahrida 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi ochildi.
Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, o‘tkazilayotgan tadbir kun tartibiga kiritilgan masalalarga faoliyati daxldor davlat organlarining rahbarlari hozir bo‘ldilar.
Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.
Senatorlar o‘z ishlarini «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Qayd etib o‘tilganidek, mazkur Qonun normalari bu sohadagi munosabatlarni tartibga solishning umume’tirof etilgan jahon standartlariga muvofiq bo‘lib, O‘zbekiston o‘zi qo‘shilgan xalqaro shartnomalar va konvensiyalarga sodiq ekanligidan, zimmaga olgan majburiyatlarini qat’iyat bilan ado etayotganligidan yana bir karra dalolat beradi. Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida mamlakatimiz xalqaro ko‘lamda faol hamkorlik olib borayotganligi ham ta’kidlab o‘tildi.
Fuqarolarimiz manfaatlarini huquqiy jihatdan ta’min etishga qaratilgan mazkur Qonunning kuchga kirishi odam savdosiga qarshi kurashish jabhasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga, shaxs, jamiyat va davlatni ana shu turdagi jinoyatning har qanday ko‘rinishlaridan himoya etish maqsadlariga erishishga, shuningdek bunday jinoiy faoliyatning oldini olish, uni aniqlash va bartaraf etishga, oqibatlarini kamaytirishga yordam beradi.
Shundan keyin «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi hamda «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ko‘rib chiqildi hamda ma’qullandi. Qayd etilganidek, ularning birinchisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 10 apreldagi Qarori bilan tasdiqlangan 2007-2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sug‘urta bozorini isloh qilish va rivojlantirish dasturining 1-bandi asosida ishlab chiqilgan. Qonun sug‘urta xizmatlarining raqobat bozorini shakllantirish, sug‘urta faoliyatining zamonaviy turlarini rivojlantirish va sifatini oshirish, sug‘urtalovchilarning kapitallashuv darajasini yuksaltirish hamda moliyaviy barqarorligini ta’min etishga qaratilgan. Ikkinchi Qonun esa O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga, shuningdek “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritadi, majburiy sug‘urta bo‘yicha tayanch stavkalar va koeffitsiyentlardan tashkil topadigan sug‘urta tariflarini davlat yo‘li bilan rasamadga solish tartibini belgilaydi.
Parlament yuqori palatasi a’zolari tomonidan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 20 iyulda qabul qilingan “2007–2010 yillarda xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida ishlab chiqilgan mazkur Qonun davlat mulki obyektlarini xususiy investorlarga sotish samaradorligini korxonalarni rivojlantirishga xususiylashtirilayotgan korxonalar ishlab chiqarishining yuksak darajasi yoki xizmat ko‘rsatishning yuqori sifatiga erishishga imkon beradigan investitsiyalarni jalb etish ishlarini har taraflama kuchaytirish yo‘li bilan ta’minlashga qaratilganligi qayd etib o‘tildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
«Jarima tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etish tartibini takomillashtirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqish asnosida shu narsa ta’kidlandiki, Qonunning asosiy maqsadi jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlik muqarrarligini jarima tariqasidagi jinoiy jazoni majburiy tartibda ijro etishning protsessual huquqiy mexanizmini yaratish yo‘li bilan ta’minlashdan iboratdir. Mazkur Qonunda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan bo‘lib, ular jarima jazosini jazoning boshqa turlari bilan almashtirish uchun asos bo‘ladigan holatlarni aniqlashtirmoqda, jarima jazosini yoki axloq tuzatish ishlarini boshqa jinoiy jazo choralari bilan almashtirish to‘g‘risidagi taqdimnomalarni, shuningdek sud ijrochisi jarimaning to‘lanmagan miqdorini jazoning boshqa turi bilan almashtirish haqida kiritgan taqdimnomalarni sud tomonidan ko‘rib chiqish tartibini rasamadga soladi. Yalpi majlis tomonidan Qonun ma’qullandi.
Shundan keyin «O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 2382-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi. Ta’kidlab o‘tilganidek, uning asosiy maqsadi kommunal xizmatlar iste’molchilari bunday xizmatlar to‘lovi bo‘yicha qarzlarini vaqtida to‘lashlarini hamda xodimlarga hisoblab chiqarilgan ish haqi ish beruvchilar tomonidan vaqtida to‘lanishini ta’minlashga, shuningdek kommunal xizmatlar to‘lovi va ish haqi bo‘yicha qarzlarni undirib olish tartibini soddalashtirishga qaratilgan choralar amalga oshirilishiga erishishdir. Kodeksning 2382-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartishlar sud buyrug‘i chiqarishda asos bo‘ladigan talablar ro‘yxatini kengaytirmoqda.
So‘ngra senatorlar “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi hamda «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Mazkur qonunlarning birinchisi iste’molchilarga o‘z huquqlari amalga oshirilishi kafolatlarini ta’minlashga, ularga tegishli standartlar va sifatga javob beradigan tovarlar (oziq-ovqat mahsulotlari) realizatsiya qilinishini ta’minlashga qaratilganligi qayd etib o‘tildi. Bu huquqiy hujjat tovarlarni ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati va saqlash sharoiti ko‘rsatilmagan holda ishlab chiqarish va sotish hollarini keskin kamaytirishga, ishlab chiqaruvchilarning (ijrochilarning, sotuvchilarning) realizatsiya qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) sifati uchun javobgarligini oshirishga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun iste’molchilardan asossiz ravishda haq undirilishiga yo‘l qo‘ymaslikka yordam beradi. Ko‘rib chiqilgan qonunlarning ikkinchisi asosida kiritilayotgan o‘zgartishlar esa ijtimoiy reklamali axborot, faoliyati qaysi manbalardan moliyalashtirilishidan qat’i nazar, barcha reklama tarqatuvchilar tomonidan joylashtirilishi majburiyligini belgilab qo‘ymoqda, bunday axborotning hajmini aniqlashtirmoqda hamda uni bepul joylashtirish tartibini belgilamoqda.
Shundan so‘ng «Voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Voyaga yetmaganlarning huquqlari hamda manfaatlarini himoya etishga, bolalar o‘rtasidagi jinoyatchilikka qarshi kurash va bunday jinoyatchilikning oldini olish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan mazkur Qonun bilan xususan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik hamda voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etganlik uchun jinoiy jazo choralarini belgilovchi, shuningdek ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaganlik uchun hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishda qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
«O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishda mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi parvozlarining xavfsizligi qoidalarini tartibga soladigan bir qator xalqaro shartnomalarga qo‘shilganligi, shuningdek bu sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilganligi ham ta’kidlab o‘tildi.Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda O‘zbekiston Respublikasining bayrog‘i ostidagi yoki O‘zbekiston Respublikasining portida ro‘yxatga olingan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ochiq havo yoki suv bo‘shlig‘ida bo‘lgan kemada ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka jalb etish, jumladan jarima jazolarini ko‘paytirish nazarda tutilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
«O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 389-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi. Qayd etib o‘tilganidek, hozirgi vaqtda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga oid jinoyatlar to‘g‘risidagi jinoyat ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan ko‘rilmoqda. Jinoyat-protsessual kodeksining 389-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartishlar bu toifadagi ishlarni jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlari sudloviga o‘tkazish imkonini beradi hamda odil sudlovni amalga oshirish masalalarida tuman (shahar) bo‘g‘iniga mansub huquqni muhofaza qilish organlari bilan yanada jipsroq hamkorlik yo‘lga qo‘yilishini ta’min etadi.
«O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 58-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishda yuqori palata a’zolari tomonidan qayd etib o‘tildiki, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksida jazo tayinlashda tamom bo‘lgan, ya’ni jinoiy qasd oxiriga yetkazilgan jinoyat bilan tamom bo‘lmagan jinoyat o‘rtasidagi tafovut inobatga olinmaydi. Kiritilayotgan o‘zgartishlar jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilishning ijtimoiy xavfi tamom bo‘lgan jinoyatnikiga nisbatan ancha kamligini inobatga olgan holda, kamroq jazo muddati tayinlash imkonini beradi. Shu bilan birga, mazkur yengillashtiruvchi holatlar o‘ta xavfli retsidivistlarga, uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan, tinchlik va xavfsizlikka qarshi tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun, shuningdek og‘irlashtiradigan holatlarda sodir etilgan jinoyatlarga jazo tayinlashda qo‘llanilmaydi. Senatorlar Qonunni ma’qulladilar.
«Bojxona imtiyozlarining qo‘llanilish tartibini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 109-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ham ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Bu qonunlarning birinchisi O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni, ularning butlovchi qismlarini, shuningdek xomashyo va materiallarni olib kirayotgan chet ellik investorlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlarni qo‘llashni tartibga soladi. Ikkinchi Qonunda esa tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari bo‘lmish jismoniy va yuridik shaxslar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash tartibini birxillashtirish va rasamadga solish nazarda tutilmoqda.O‘zbekistonning xalqaro shartnomalar va konvensiyalarga qo‘shilishiga taalluqli, shuningdek mamlakatimizning xalqaro hamkorligini rivojlantirishga oid qonunlarni ko‘rib chiqishga yalpi majlis ishida katta e’tibor berildi. Shunday qonunlar jumlasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2008 yil 19 fevralda kiritilgan «Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi konvensiyani (Jeneva, 1973 yil 26 iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi hamda «Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi konvensiyani (Jeneva, 1999 yil 17 iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari kiradi – senatorlar ularni ma’qulladilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2007 yil 20 dekabrda kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasining Yadroviy terrorizm aktlariga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga (Nyu-York, 2005 yil 13 aprel) qo‘shilishi haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham senatorlar tomonidan ma’qullandi. Mazkur Qonunni ko‘rib chiqish asnosida ta’kidlab o‘tildiki, yalpi qirg‘in qurollari tarqatilishi oldini olish, tegishli konvensiyalarga qo‘shilishni ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasida xalqaro majburiyatlarga muvofiq katta ish olib borildi. Yadroviy terrorizm aktlariga qarshi kurashga oid xalqaro konvensiya xalqaro hamjamiyatning yadroviy terrorizmga har tomonlama qarshilik ko‘rsatishini ta’minlashga yordam beradi va ushbu Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlar uchun bunday hodisaga qarshi kurashda, shu jumladan xalqaro hamkorlik vositalari orqali kurashda huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish imkonini yaratadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Senat a’zolari boshqa huquqiy hujjatlarni ham ko‘rib chiqdilar hamda ma’qulladilar.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati
Manba: www.uza.uz