Surxondaryo viloyati Kengashining sessiyasi
25/03/2008 - 07:06 9925
Shu yilning 25 mart kuni Termiz shahrida Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.
Surxon vohasi, uning fidoyi mehnatkashlari o‘z yurtini yanada obod qilish va taraqqiy toptirishda hech kimdan kam bo‘lmasdan, balki ba’zi bir jarayonlarda boshqalarga ibrat bo‘lib kelayotgani barchamizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi, dedi Yurtboshimiz.
Davlatimiz rahbari avvalo Surxondaryo viloyati keyingi yillar mobaynida erishgan ijtimoiy-iqtisodiy natijalar haqida to‘xtalib, 2007 yil yakuniga ko‘ra, bu yerda yalpi hududiy mahsulot hajmi 7 foizga o‘sgani, jumladan, sanoat mahsulotlari 10,4 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 2,3 foiz, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 9,4 foizga oshganini ta’kidladi.
Ma’lumki, bugungi kunda yurtimizdagi har qaysi hudud va mintaqa rivojida xorijiy investorlar bilan samarali hamkorlik qilish, iqtisodiyotga chet el sarmoyalarini faol jalb etish eng muhim va ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni Surxon vohasida ana shunday masalani qo‘yishga barcha asoslar borligini hammamiz yaxshi anglaymiz, dedi Islom Karimov. Avvalambor, Surxondaryo viloyatida noyob tabiiy boyliklarning ulkan zaxiralari mavjudligi ularni o‘zlashtirish va el-yurtimiz manfaati yo‘lida ishlatishga undaydi.
Ayniqsa, xalqimiz bunyodkorlik qudratining yana bir amaliy namoyoni bo‘lgan yirik kommunikatsiya inshooti – Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘lining ishga tushirilishi bu borada yangi-yangi imkoniyatlar va ufqlar ochganini o‘zimizga tasavvur qilish qiyin emas.
Bugun shuni alohida mamnuniyat bilan aytish mumkinki, Sherobod tumanidagi Beshbuloq konida aniqlangan 150 million tonna miqdoridagi xomashyo zaxirasi asosida salkam 300 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini joriy qilish hisobiga yuqori sifatli sement ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi. Shu maqsadda janubiy koreyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda qo‘shma korxona tashkil etildi.
2010 yilda ishga tushirish mo‘ljallanayotgan bu zavodning o‘zida mingdan ziyod yangi ish o‘rni ochilishini inobatga oladigan bo‘lsak, uning viloyat uchun nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham qanday muhim ahamiyatga ega ekani ayon bo‘ladi.
Ayni vaqtda yana bir istiqbolli loyiha – katta miqdorda polimetall zaxiralariga ega bo‘lgan Sariosiyo tumanidagi Xonjiza konida ham ana shu boyliklarni o‘zlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yili shu maqsadda 4 milliard 400 million so‘mlik kapital mablag‘ sarflanganining o‘ziyoq bajarilgan ishlar hajmidan dalolat beradi. Shuningdek, Boysun va boshqa hududlarda joylashgan yer osti boyliklarini o‘zlashtirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Viloyatda sanoat sohasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritganda, o‘tgan yili bu yerda 15 ta, jumladan, qurilish materiallari sanoatini modernizatsiya qilish hisobiga 6 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilganini qayd etish lozim.
Shundan so‘ng Islom Karimov majlis ahli e’tiborini viloyat iqtisodiyotida yetakchi tarmoq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasida keyingi yillarda muayyan natijalarga erishilayotganiga qaratdi. Ayniqsa, paxtachilik va g‘allachilik bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining bajarilishida hududda faoliyat ko‘rsatayotgan 14 ming 400 ta fermer xo‘jaligi hal qiluvchi kuch sifatida o‘zini namoyon etayotgani ta’kidlandi.
O‘tgan yili 2004 yilga nisbatan sabzavot 1,5 barobar, kartoshka 1,2 barobar, meva va uzum esa qariyb 2 barobar ko‘p yetishtirilgani albatta surxondaryolik sohibkorlarning samarali mehnati natijasidir.
Viloyatda qurilish va obodonchilik, ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish borasida ham bir qator ishlar bajarilmoqda. Masalan, 2005-2007 yillar davomida asosan qishloq joylarda 1 million 650 ming kvadrat metr uy-joy barpo etilib, 490 kilometrdan ortiq tabiiy gaz, salkam 700 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilgani ham ana shu ishlarning hajmi va ko‘lamini ko‘rsatadi.
Bu yerda o‘tgan yili 9 mingdan ziyod o‘quvchiga mo‘ljallangan 15 ta kasb-hunar kolleji, 16 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim oladigan 51 ta maktab foydalanishga topshirilgani, hech shubhasiz, yosh avlodimizning zamonaviy asosda ta’lim-tarbiya olishi uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, bugun Surxondaryo viloyatining qiyofasi o‘zgarib, ko‘plab sohalarda davrning o‘zi talab etayotgan yangilanish va o‘zgarishlarni amalga oshirish yo‘lida sezilarli ishlar qilinayotganini ko‘rish-kuzatish mumkin. Lekin viloyatda vujudga kelgan umumiy ahvolni tahlil qilib, xolisona baho beradigan bo‘lsak, bu yerdagi islohotlarning borishi, rivojlanish sur’atlari barchamizni qoniqtirmasligi tabiiydir, dedi Yurtboshimiz va majlis ishtirokchilari e’tiborini quyidagi masalalarga qaratdi.Misol uchun, sanoat sohasidagi ahvolni oladigan bo‘lsak, ko‘pgina jiddiy kamchilik va nuqsonlar borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu sohadagi islohotlarning asosiy sharti va mezoni bo‘lgan tarkibiy o‘zgarishlar jarayoni izchil amalga oshirilmayotgani tufayli sanoatning yalpi hududiy mahsulot tarkibidagi ulushi oxirgi yillarda o‘smasdan, bir holatda qolib kelmoqda.
Bu haqda gapirganda, viloyat uchun o‘ta muhim bo‘lgan, xomashyoni qayta ishlashga qaratilgan ishlab chiqarish sohalari, xususan, yengil sanoat korxonalarini rivojlantirish masalasida o‘zgarish sezilmayotganini qayd etish lozim.
Birgina misol. Aksariyat viloyatlarda pillani qayta ishlash masalasi to‘liq hal etilgan bir paytda Surxon vohasida yetishtirilayotgan 1200 tonna pilla xomashyosi umuman qayta ishlanmayotganiga nima desa bo‘ladi?
Faqat xomashyo yetishtirish hisobidan iqtisodiyotni rivojlantirib bo‘lmasligi, bunday yondashuv bugungi kunda bizga umuman to‘g‘ri kelmasligini kimgadir isbotlab, tushuntirib o‘tirishga hojat bormi?
Prezident yana bir muhim masala – Surxondaryo viloyatida xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha belgilangan reja va dasturlar to‘liq bajarilmayotgani haqida ham to‘xtalib, quyidagi fikrlarni bayon qildi.
Mulk egalarining xususiylashtirilgan korxonalarni zamon talablari asosida qayta jihozlash va modernizatsiya qilish, shu tariqa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni ko‘rmayotgani bu sohadagi ishlar xo‘jako‘rsin uchun, nomigagina bo‘lmoqda, deb aytishga asos beradi.
Tekshirishlar natijasida ilgari xususiylashtirilgan 265 ta korxonadan 25 tasi to‘la quvvat bilan ishlamayotgani, 13 ta korxona esa mutlaqo faoliyat yuritmayotgani aniqlandi.
Surxondaryoda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ham talab darajasida rivojlanmayapti. Buni birgina raqam, ya’ni 2007 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining soni 580 taga oshgani holda, ularning sanoat mahsulotlari hajmidagi ulushi 20,5 foizdan 16,7 foizga tushib qolgani ham tasdiqlab turibdi.
Bunday noxush holatning asosiy sababi shundaki, viloyatda tashkil etilgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining katta qismi asosan savdo-sotiq bilan shug‘ullanmoqda. Ular orasida mahalliy xomashyo asosida tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar soni barmoq bilan sanarlidir.
Viloyatga tashqaridan olib kelinadigan butlovchi qism va materiallarni shu yerning o‘zida kichik korxonalar tashkil etib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun mahalliylashtirish dasturida 2004-2007 yillar davomida bir qancha loyihalarni imtiyozli asosda amalga oshirish belgilangan edi. Ming afsuski, ana shunday e’tibor va imtiyozga qaramay, bu loyihalardan birontasi ham joriy etilmagan. Bunday ahvol avvalo Bandixon, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Sariosiyo, Uzun va Sherobod tumanlarida mavjud ekanini qayd etish zarur.
Viloyatda yana bir muhim yo‘nalish — xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishda ham oqsoqlik ko‘zga tashlanmoqda.
Misol uchun, 2007 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturi doirasida viloyatda 2 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, ular bo‘yicha ko‘zda tutilgan mablag‘ning atigi 7,6 foizi o‘zlashtirilganini qanday izohlash mumkin?
Takror va takror aytishga to‘g‘ri keladi – bugungi kunda yurtimizga chet el investitsiyalarini, zamonaviy texnologiyalarni olib kelmasdan turib, hech qanday rivojlanishga erishib bo‘lmaydi. Agar kimki boshqacha o‘ylasa, xato qiladi, dedi davlatimiz rahbari.
Albatta, butun dunyoda sarmoyador biron joyga o‘zidan-o‘zi kirib kelmaydi. Buning uchun ularning ko‘nglini topish, kerak bo‘lsa, ortidan yurish-yugurish, mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsion muhitning mohiyati va ahamiyatini, afzalligini tushuntirish, eng asosiysi, ularni o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishga qiziqtira bilish, zarur sharoitni tashkil etib, yo‘lini ochib berish kerak.
Mamlakatimizda bu masala bo‘yicha barcha muammolar yechilib, keng huquqiy zamin yaratib berilganiga qaramasdan, Surxondaryodagi rahbar va mutasaddilar bu o‘ta muhim masalada hali-beri loqaydlik va beparvolikka berilib kelmoqda.
Tabiiyki, iqtisodiyot sohasidagi bunday kamchiliklar viloyatning moliyaviy ahvoliga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Buni bugungi kunda 15 ta tuman va shahardan 13 tasi dotatsiyada qolib kelayotgani, ayniqsa, Bandixon va Oltinsoy, Boysun va Sherobod, Sariosiyo va Qiziriq tumanlarida dotatsiya darajasi yuqori ekani ham tasdiqlaydi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi samaradorligini kuchaytirish va shu asosda xalqimizning hayot farovonligini yuksaltirish butun yurtimiz qatori Surxondaryo viloyatidagi sug‘oriladigan ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, yerning tuproq unumdorligini oshirish bilan bevosita bog‘liq ekani haqida fikr yuritar ekan, Yurtboshimiz bugungi kunda viloyat bo‘yicha sug‘oriladigan yerlarning 48 foizi turli darajada sho‘rlangani, jumladan, 51 ming gektar yoki dehqonchilik qilinadigan yerlarning 16 foizi o‘rtacha va kuchli darajada sho‘rlanganiga e’tiborni qaratdi.
2008-2012 yillarga mo‘ljallangan davlat melioratsiya dasturiga ko‘ra, viloyatda 30 milliard so‘mlik, xususan, birgina joriy yilning o‘zida 5 milliard 400 million so‘mlik melioratsiya tadbirlari amalga oshiriladi. Shu maqsadda yil oxirigacha Surxon vohasiga 24 ta zamonaviy melioratsiya texnikasi olib kelish ko‘zda tutilmoqda, dedi Islom Karimov ushbu muammoni hal etish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar haqida to‘xtalib.
Ma’lumki, viloyat hududida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Amu-Zang mashina kanalini rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 112,6 million AQSH dollariga teng bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyiha to‘liq amalga oshirilgach, Angor, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot va Termiz tumanlaridagi dehqonchilik qilinadigan 100 ming gektar yer maydonining sug‘orish ta’minoti va meliorativ holatini yaxshilash imkoni tug‘iladi.
Albatta, qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti bilan bog‘liq bunday dolzarb masalalarni yechishda hukumatimiz, markaziy idoralar Surxondaryo viloyatiga doimo yordam berib kelgan va bundan buyon ham har tomonlama yordam beradi. Lekin bu yerda rahbar bo‘lib, yetakchi bo‘lib o‘tirgan shaxslar ham ushbu sohani rivojlantirish, shu orqali dehqon va fermerlarning daromadini oshirish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishi kerak. Taassufki, hozircha bunday intilish va amaliy harakatlarni ko‘rmayapmiz.
Masalan, paxtachilikni olaylik. Bu sohada ishni to‘g‘ri tashkil etolmaslik, g‘o‘za parvarishidagi asosiy agrotexnik tadbirlarning sifatsiz bajarilishi, zamonaviy texnologiyalarga rioya qilmaslik natijasida yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlari cho‘zilib, tola sifati pasayib ketmoqda.
Ana shunday xato va kamchiliklar tufayli o‘tgan yili Qiziriq (83,5 foiz), Angor (87,1 foiz), Termiz (92 foiz), Jarqo‘rg‘on (92,8 foiz) va Bandixon (94,2 foiz) tumanlarida paxta tayyorlash bo‘yicha shartnoma majburiyatlari bajarilmasdan qolib, dehqonlarimizning peshona teri to‘kib qilgan mehnatiga yarasha daromad ololmaganini qanday baholash mumkin?
Majlisda vohaning tuproq va iqlim sharoitiga mos, yangi va istiqbolli g‘o‘za navlarini yaratish bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha tahlil etilib, viloyatda bu borada ham yetarli ish olib borilmayotgani afsus bilan qayd etildi.
Birgina misol, “Termiz-31” ingichka tolali g‘o‘za navining vegetatsiya davri 135-145 kunni tashkil etadi, uning tolasi 1-tip emas, 3-tip bo‘lsa ham, viloyat va tuman rahbarlari 1995 yildan buyon ushbu navni ekishni so‘rab murojaat qiladi.
Bugungi kunda shuni aniq va ochiq aytishimiz kerak – Surxondaryo zaminiga mos keladigan, serhosil va ertapishar, sifatli tola beradigan, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan navlarni yaratish masalasi muammo bo‘lib qolmoqda.
Saxovatli Surxon tuprog‘i beqiyos imkoniyatlarga ega ekani, dehqonchilik ilmining haqiqiy ustalari aynan shu yerda mehnat qilishi barchamizga yaxshi ma’lum. Bu zaminda o‘smaydigan ekinning o‘zi yo‘q, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi, dedi Yurtboshimiz.
2007 yili viloyatda 350 ming tonna sabzavot, 76 ming tonna meva, 94 ming tonna uzum yetishtirilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Ammo bu mahsulotlarni qayta ishlash, eng muhimi, shu orqali yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi daromadlarini oshirish masalasi qanday hal qilinyapti, degan savolga, afsuski, ijobiy javob berish qiyin.
Vohaning Angor, Bandixon, Boysun, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarida meva va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha bironta korxona tashkil etilmaganini rahbar va mutasaddilar qanday izohlaydi?
Bu masalada na mahalliy hokimiyat, na tegishli vazirlik va korxonalar rahbarlari tashabbus va jonkuyarlik ko‘rsatmayapti.
Surxondaryo viloyatida serdaromad tarmoq bo‘lgan chorvachilikni rivojlantirish uchun mavjud katta imkoniyatlardan ham to‘liq foydalanilmayapti.
Ma’lumki, chorvachilik og‘ir va murakkab soha bo‘lib, chorva mollarining boshini ko‘paytirish, ularning naslini yaxshilash, kasalliklardan himoya qilish zamonaviy veterinariya xizmatini talab etadi.
Lekin bugungi kunda viloyatdagi mavjud 255 ta zooveterinariya shoxobchasining 230 tasi zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlanmaganini, ularda malakali mutaxassislar yetishmasligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu boradagi ahvolni albatta qoniqarli deb bo‘lmaydi.
Prezidentimiz o‘z nutqida Surxondaryo viloyatida dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy masalalarni yechish, odamlarning og‘irini yengil qilish, xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratib, keyingi yillarda bu borada birmuncha ishlar qilinganini e’tirof etgan holda, hali ushbu sohada ko‘plab kamchilik va nuqsonlar mavjudligi, ular aholining haqli e’tiroz va noroziligini uyg‘otayotganini ta’kidladi.
Masalan, sog‘liqni saqlash sohasini oladigan bo‘lsak, viloyatdagi 67 ta tibbiyot muassasasi kapital rekonstruksiya qilish va qayta ta’mirlashga muhtoj, ularning aksariyatidagi muhandislik tarmoqlari talabga javob bermaydi. Ayniqsa, Sherobod, Sariosiyo va Qiziriq tumanlarida aholining kasallikka chalinish darajasi viloyatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori ekani, ayrim shahar va qishloqlarda mutaxassis shifokorlar va maxsus tibbiy transport vositalari yetishmasligi tashvishlanarli hol.
Biz bugun mamlakatimizni yuksaltirish va yangilash bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirayotgan ekanmiz, bir haqiqatni hammamiz yaxshi anglab olishimiz zarur: qaysi jabhada bo‘lmasin – bu iqtisodiyotni isloh etish va modernizatsiya qilish bo‘ladimi, ijtimoiy soha, ta’lim-tarbiya va sog‘liqni saqlash borasidagi eng muhim yo‘nalishlarni izchil davom ettirish bo‘ladimi – bularning barchasida biz uchun inson manfaati va yana bir bor inson manfaati eng asosiy va ustuvor masala bo‘lib kelmoqda, dedi davlatimiz rahbari.
Bu borada aholining bandlik darajasini oshirish, shu asosda uning daromadlari va turmush farovonligini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masala yurtimizda nafaqat iqtisodiy, kerak bo‘lsa, siyosiy ahamiyatga ega.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi kunda Surxondaryo viloyatida bu borada ma’lum bir ishlar amalga oshirilganini, xususan, o‘tgan yili 42 mingdan ortiq, jumladan, kasanachilik hisobidan 7 ming 600 ta yangi ish o‘rni yaratilganini ijobiy baholash kerak. O‘tgan yil yakuniga ko‘ra viloyatda rasmiy hisobot bo‘yicha 35 mingdan ortiq kishi ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan. Lekin hammamiz yaxshi bilamizki, ko‘pchilik mehnatga layoqatli odamlar ish izlab yurgan bo‘lsa-da, bandlik xizmatlari idoralariga rasman murojaat qilmaydi. Shuning uchun bu masala bo‘yicha joriy etib kelinayotgan mezon va ko‘rsatkichlarni yana va yana bir bor aniqlab olish zarur.
Shuni aytish kerakki, yangi obyektlarni ishga tushirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish hisobidan ish joylari yaratish bo‘yicha Termiz, Muzrabot, Qiziriq va Denov tumanlarida yetarli ish olib borilmayapti. Shu bois bu hududlarda keyingi yillarda ushbu yo‘nalishda yaratilgan jami ish o‘rinlarining 5 foizga ham yetmagani, hech shubhasiz, hammamizni tashvishlantiradi.
Barchamizga yaxshi ayonki, har qaysi insonning, butun aholi farovonligini yuksaltirishning asosiy sharti – avvalambor odamlarni doimiy, barqaror ish bilan ta’minlash, ularning mehnat samaradorligini yanada oshirishdan iboratdir. Shundagina fuqarolarning oladigan maoshlari va daromadlari ham, hayot darajasi va sifati ham oshadi. Bir so‘z bilan aytganda, bu masalaga aynan ana shunday yondashuv bizning o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishishning yakkayu yagona yo‘lidir.
Men o‘zimning keyingi chiqishlarimda yurtimizdagi kasb-hunar kollejlarini bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizni birinchi galda ish bilan ta’minlash masalasiga qayta-qayta e’tibor qaratayotganim bejiz emas, dedi so‘zini davom ettirib Islom Karimov. Nega deganda, biz zamonaviy kasb va malakaga ega bo‘lgan bu yoshlarni iqtisodiyotimizning real soha va tarmoqlarida asosiy hal qiluvchi kuch sifatida ko‘ramiz.
Shu ko‘z bilan qaraganda, Surxondaryo viloyatida o‘tgan yili ana shunday o‘quv dargohlarini bitirgan 15 mingdan ortiq o‘quvchining 4 ming 520 nafari yoki 30 foizi ish bilan ta’minlanmagani viloyatdagi mutasaddi rahbarlarni bezovta qilmaydimi?
Bunday ahvolni keskin o‘zgartirish uchun birinchi galda ishchi kuchini ko‘p talab etadigan yengil va oziq-ovqat, mahalliy xomashyoni qayta ishlash sanoati korxonalarini tashkil etish yuzasidan aniq va amaliy chora-tadbirlar ko‘rish lozim. Shu bilan birga, kasanachilik, oilaviy tadbirkorlik, shaxsiy chorva xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ham ishlarni kuchaytirish zarur.
Odamlarni ish bilan band etish masalasida avvalo aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarida yangi-yangi imkoniyatlar mavjudligi hammamizga ayon bo‘lishi kerak. Mamlakatimiz bo‘yicha aholiga xizmat ko‘rsatish tarmog‘ining yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi 50 foizga yaqin bo‘lgan bir paytda Surxondaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 36 foizni tashkil etishini nima bilan izohlash mumkin?
Shahar va tuman hokimliklari, tijorat banklari aholi bandligini oshirish uchun o‘z ishimni ochaman degan tadbirkorlarga tegishli shart-sharoitlarni yaratish, mikrokreditlar ajratish bo‘yicha yanada faol ish olib borishlari lozim.
Bir so‘z bilan aytganda, bu masalaning ijrosi mahalliy hokimliklar tomonidan kundalik nazoratga olinishi, ularning doimiy e’tiborida bo‘lishi darkor.
Ma’lumki, har qanday tashkilot, korxona yoki jamoaning taqdiri va istiqbolini yuksak malakali, mustaqil fikrlaydigan, bilimli va tajribali kadrlar hal qiladi. Afsuski, Surxondaryoda kadrlarni tanlash, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yishdek o‘ta muhim masalada keyingi paytda bir qator kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda.
So‘nggi yillarda viloyat va mahalliy boshqaruv idoralari rahbarlari o‘z zimmasidagi vazifalarni samarali bajarish, fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan taklif va muammolarni chuqur o‘rganib, vaqtida yechish o‘rniga ko‘proq beg‘amlikka berilib, shaxsiy manfaatini o‘ylash bilan ovora bo‘lib yurganini, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, aytishga majburmiz, dedi Islom Karimov shu sohadagi ahvolga baho berar ekan.
Ishda jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygani uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.Xolmurodov, hokim o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasining raisi D.Avliyoqulovaning egallab turgan lavozimidan ozod etilgani, hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari X.Ramazonov esa o‘z mansab vazifasini suiiste’mol qilgani uchun sud hukmi bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, ozodlikdan mahrum etilgani ham shundan dalolat beradi.
Viloyat hokimligi tomonidan kadrlarga nisbatan talabchanlik va mas’uliyat bo‘shashib ketgani o‘z navbatida tuman va shahar bo‘g‘inlari rahbarlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Buni keyingi vaqtda Termiz shahri, Angor, Qiziriq, Muzrabot va Termiz tumanlari hokimlarining o‘z vazifasidan chetlatilgani ham isbotlaydi. Yoki bo‘lmasa, 2004-2007 yillar mobaynida viloyat tashkilotlarining 22 nafar rahbari turli kamchilik va qonun buzishlarga yo‘l qo‘ygani uchun o‘z vazifasidan bo‘shatilgani ham buning tasdig‘idir.
Surxondaryo viloyatida yuzaga kelgan bugungi ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish, mavjud muammolarning yechimini topish, eng muhimi, shu yurtda yashayotgan aholining hayotiy ehtiyojlarini qondirish, turmush darajasini oshirish uchun amaliy chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini yuqorida keltirilgan misollar yaqqol ko‘rsatmoqda.
Barchangizga ma’lumki, bundan to‘rt yil oldin biz Abdulhakim Eshmurotovga katta ishonch bildirib, uni Surxondaryo viloyatiga rahbar etib tasdiqlagan edik, dedi Prezidentimiz.
E’tirof etish kerakki, dastlab ish boshlagan paytida unda viloyat oldida turgan muammolarni yechish, islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qandaydir ijobiy harakat va intilishlar kuzatilgan edi. Afsuski, bunday harakatlar keyingi yillarda uning faoliyatida o‘z davomini topmadi. Shuni ochiq aytish kerakki, A.Eshmurotovning ish faoliyatida keng miqyosda fikr yuritish, qaror qabul qilishda mas’uliyat va javobgarlikni o‘z zimmasiga olish, prinsipiallik xususiyatlari yetishmadi. O‘zini ham, boshqalarni ham ayamasdan ishlash, ishlatish kayfiyati umuman namoyon bo‘lmadi.
Hech kimga sir emaski, hokimning talabchanligi va qat’iyati yetarli bo‘lmasa, u talab qilish o‘rniga kuzatuvchi bo‘lib tursa, bunday vaziyatda nafaqat uning bevosita qo‘l ostida ishlaydigan xodimlar, balki joylardagi rahbarlar tomonidan ham o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarash, o‘zibo‘larchilikka berilib ketish holatlari kuchayishi muqarrar.
Viloyatda kadrlar masalasi bilan bog‘liq yana bir holat shundan iboratki, Surxondaryo viloyati bo‘yicha 1996-2007 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini 71 nafar kishi bitirgan bo‘lsa, ularning 10 nafari o‘z joyiga yoki undan ham quyi lavozimlarga ishga tayinlangan. Faqat Prezident devonining aralashuvidan keyin ularning 6 tasi istiqbolli kadrlar zaxirasi ro‘yxatiga kiritilgan, xolos.
Bunday kamchilik va nuqsonlarning barchasi viloyat rahbarining mas’uliyatsizlik va beparvolik kayfiyatiga berilib, ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani bilan izohlanadi. Holbuki, viloyat miqyosida yetakchi lavozimga saylangan shaxs unga ishonch bildirgan odamlarning dardu tashvishlarini o‘z qalbidan, yuragidan o‘tkazib, mavjud muammolarning yechimini topishga bosh-qosh bo‘lishga har tomonlama qodir bo‘lishi shart.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. A Eshmurotov Surxondaryo viloyati hokimi vazifasidan ozod qilindi.
Prezident Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri vazifasida ishlab kelayotgan Turobjon Jo‘rayev Surxondaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi.
Bugun sizlar bilan viloyatdagi mavjud ahvolni atroflicha tahlil qilish asosida tegishli xulosalarni chiqarishga, tashkiliy masalalarni yechishga to‘g‘ri keldi. Bularning barchasi avvalambor yagona ezgu maqsadga, ya’ni yurtimiz tarixi va taraqqiyotida hamma vaqt o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lib kelgan Surxondaryo vohasini har tomonlama rivojlantirish, bu yerda yashayotgan xalqning bugungi va ertangi hayotini farovon qilishga qaratilganini barchamiz yaxshi anglaymiz. Ishonchim komilki, zahmatkash va bag‘rikeng, ko‘pni ko‘rgan Surxon ahli bugungi fikr-mulohazalardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, yangi rahbar bilan hamjihatlikda viloyatni ravnaq toptirish, uni yanada obod qilish uchun belni qattiq bog‘lab, astoydil mehnat qiladi, o‘zining ezgu maqsadlariga albatta yetadi, dedi pirovardida Yurtboshimiz.
Sessiyada so‘zga chiqqan “Surxon tongi” gazetasi bosh muharriri Ramazon Ashurov, Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi deputati Rayhon Rahimova, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Surxon” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Tursunpo‘lat Norboyev, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, Termiz davlat universiteti talabasi Aziza Shoymardonova va boshqalar viloyatda barcha soha va tarmoqlarda ishni Prezidentimiz nutqida bildirilgan tanqidiy fikrlar, taklif va xulosalar asosida tashkil etgan holda, mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, islohotlarning samaradorligini oshirish, bor kuch va imkoniyatlarni ana shu ezgu maqsad yo‘lida safarbar etish zarurligini ta’kidladilar.
Manba: www.uza.uz