Demografik jarayonlar va aholishunoslikning dolzarb muammolari tahlil etildi
25/12/2021 - 13:12 3298
Oʻzbekiston iqtisodiyotida demografik jarayonlar va inson kapitalini rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega. Mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti aynan ushbu jihatlar bilan bog‘liq. Shuning uchun ham bu masalaga davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminar ham O‘zbekistonda zamonaviy demografik jarayonlar va aholishunoslikning dolzarb muammolariga bag‘ishlandi.

Seminarda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, i.f.d., professor Xamid Abduramanov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Tashqi iqtisodiy faoliyat va turizm” kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Zulayho Qodirova hamda Kambag‘allikni qisqartirish strategiya va dasturlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurbek Yuldashev o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Demografiya aholining takror barpo bo‘lish qonuniyatlarini o‘rganuvchi soha bo‘lib, uning maqsadi muayyan hudud, mamlakat aholisining ko‘payishi va kamayish jarayonlarini o‘rganish, muammolarini belgilab, yechimlarni aniqlash hamda istiqbolini ko‘rsatib berishdan iborat.
– O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha o‘rtacha demografik salohiyatga ega davlat hisoblanadi. Joriy yilning noyabr oyi holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi 35 mln 176 ming kishini tashkil etdi, - deydi X. Abduramanov.
– Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, eng avvalo, demografik jarayonlar, xususan, inson omili e’tiborga olinishi lozim. Mavjud demografik salohiyatdan kelib chiqqan holda sohaga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.
Mutaxassislar tomonidan demografik jarayonlarni tahlil qilish, prognozlashtirish, inson kapitali darajasi va sifatini oshirishda innovatsion yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, sohada bir qator muammolar mavjudligi, ularni tizimli ravishda o‘rganib, yechim topish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Seminar yakunida demografiya sohasida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va bu yo‘nalishda loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati