MDHga a’zo davlatlarning mintaqalararo va chegaraoldi hamkorlik bo‘yicha Kengashining X yig‘ilishi
17/12/2021 - 13:22 3571
Joriy yilning 15-dekabr kuni videokonferensaloqa shaklida O‘zbekiston Respublikasi raisligida MDHga a’zo davlatlarning mintaqalararo va chegaraoldi hamkorlik bo‘yicha Kengashining X yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Armaniston Respublikasi Hududiy boshqaruv va infrastrukturalar vaziri o‘rinbosari V.Terteryan, Belarus Respublikasi Mogilev viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R. Straxar, Qozog‘iston Respublikasi Milliy iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari A. Kuantirov, Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy taraqqiyot vaziri o‘rinbosari D. Volvach, Tojikiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri o‘rinbosari A.Abdurahmonzoda, MDH Ijroiya qo‘mitasi direktori M. Miskin hamda Qirg‘iziston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vazirligi va MDHga a’zo davlatlar parlamentlararo Assambleyasi vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni Kengash raisi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayev o‘z ma’ruzasi bilan ochib berdi.
Kengash yig‘ilishining kun tartibiga 10 ta masala, xususan, MDHga a’zo davlatlarda hududlararo va chegaraoldi hamkorlik holati, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda MDHning hududlararo va chegaraoldi hamkorligi konsepsiyasi ijrosining borishi, shuningdek, MDH hududlari forumini tashkil etish va o‘tkazish konsepsiyasi loyihasini ko‘rib chiqish va boshqalar kiritildi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilar hududlararo va chegaraoldi hamkorligining holati haqida ma’ruza qildilar, xususan, O‘zbekiston tomoni hali ham davom etayotgan pandemiyaga qaramasdan, O‘zbekistonning MDH davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi hajmi oshganini, shuningdek, mintaqaviy va chegaraoldi hamkorlikni mustahkamlashga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, majlisda O‘zbekiston tomonidan tayyorlangan MDH hududlarining birinchi forumini o‘tkazish konsepsiyasi loyihasi ko‘rib chiqildi va ushbu forumni 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazish to‘g‘risida kelishildi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar Kengash majlisini yuqori saviyada tashkil etilganligi va sifatli tayyorlanganligini e’tirof etgan holda O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati