O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot

11/02/2008 - 00:54 8961


8 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2008 yilda islohotlarni yanada chuqurlashtirishning eng muhim vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma’ruza qildi.

Davlat rahbarining ma’ruzasida iqtisodiyotni isloh qilish va erkinlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, uni tarkibiy o’zgartirish va modernizatsiya qilish chora-tadbirlarining izchil amalga oshirilishi natijasida iqtisodiyotning yuqori barqaror o’sish sur’atlari va makroiqtisodiy barqarorligi, inflyatsiya darajasining pasayishi, aholining ish bilan bandligi va turmush darajasi oshishi ta’minlanayotganligi qayd etildi.

2007 yil yakunlari bo’yicha respublikaning yalpi ichki mahsuloti 9,5 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 12,1 foizga, qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish – 6,1 foizga, pulli xizmatlar ko’rsatish – 20,6 foizga, pudrat qurilish ishlari hajmi 15,7 foizga o’sdi. Eksportning yuqori darajada (40,7 foizga) o’sishi hisobiga to’lov balansining barqarorligi va mamlakat oltin-valyuta zaxirasining o’sishi ta’minlandi. Davlat byudjeti profitsit bilan ijro etildi, inflyatsiya darajasi 6,8 foizni tashkil etdi va prognoz ko’rsatkichidan oshmadi.

Qulay investitsiya muhiti hamda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash dasturlarining faol amalga oshirilishi iqtisodiyotga yo’naltirilgan investitsiyalar hajmining 23,0 foizga o’sishini ta’minladi. Xorijiy investitsiyalar hajmi sezilarli darajada ko’paydi, uning tarkibida jalb qilingan to’g‘ridan-to’g‘ri investitsiyalar ulushi 83,0 foizni tashkil etdi.

Iqtisodiyotni erkinlashtirish va qulay tadbirkorlik muhiti yaratish yuzasidan ko’rilgan chora-tadbirlar natijasida kichik biznes jadal sur’atlarda rivojlanmoqda, iqtisodiyotda xususiy sektor kengaymoqda. 2007 yilda yalpi ichki mahsulotda xususiy sektorning ulushi 85 foizga yetdi, xususiy sektorda sanoat mahsulotining qariyb 80,0 foizi ishlab chiqarilmoqda, qishloq xo’jaligi mahsuloti va chakana tovar aylanmasi hajmlari to’liq ushbu sektorga to’g‘ri keladi.

Qishloq joylarda islohotlar davom ettirilmoqda, fermer xo’jaliklari qishloq xo’jaligi mahsulotlarining asosiy yetishtiruvchilariga aylandi. Asosiy ekinlar hosildorligi sezilarli darajada o’sdi, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash rivojlanmoqda. Joylarda qishloq xo’jaligi ishlab chiqaruvchilariga zarur xizmatlarni ko’rsatuvchi bozor infratuzilmasi sub’ektlarining keng tarmog’i tashkil etildi. Qishloq xo’jaligi xomashyosini kompleks qayta ishlovchi 200 dan ortiq agrofirma faoliyat ko’rsatmoqda.

Bank-moliya tizimida islohotlarni yanada chuqurlashtirish va ko’lamlarini kengaytirish bo’yicha qabul qilingan dasturlarni tizimli amalga oshirish bozor infratuzilmasini yanada mustahkamlashga va kengaytirishga ko’maklashdi. O’tgan yilda tijorat banklarining ustav kapitallari 2006 yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko’paydi, ularning jami kapitali esa 40 foizdan ortiqqa ko’paydi va 1,5 trillion so’mga yetdi. Tadbirkorlar va xususiy shaxslarga berilgan mikrokreditlar hajmi 70 foizga o’sdi.

Rivojlantirishning qabul qilingan maqsadli kompleks dasturlari izchil amalga oshirilishi, soliq yukining pasayishi, shuningdek ish haqi miqdori oshirilishi tufayli aholining ish bilan bandligi oshishi va farovonligining izchil o’sishi ta’minlanmoqda. Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,5 barobarga ko’paydi. 2007 yilning dekabr oyida xo’jalik yurituvchi sub’ektlar va byudjet sohasini hisobga olganda o’rtacha oylik ish haqi 210 AQSh dollari ekvivalentini tashkil etdi.

Qo’shimcha ravishda 630 mingdan ortiq yangi ish o’rinlari tashkil etildi, ularning qariyb uchdan ikki qismi qishloq joylarga to’g‘ri keladi. Yangi tashkil etilgan ish o’rinlarining 65 foizga yaqini kichik tadbirkorlik va xizmat ko’rsatish sohasiga, 20 foizdan ortig’i kasanachilikka to’g‘ri keladi. Yangi ish joylarini tashkil etish bo’yicha tubdan ko’rilayotgan chora-tadbirlar ish bilan band bo’lmagan mehnatga layoqatli aholi foizini 2007 yilning oxiriga 5 foizgacha kamaytirish imkonini berdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti o’z ma’ruzasida mavjud hal etilmagan muammolarga e’tiborni qaratdi va 2008 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim vazifalari va yo’nalishlari dasturiga alohida to’xtaldi.

Majlisda iqtisodiyot vazirining birinchi o’rinbosari G.Saidova, Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi M.Anorboyev, Buxoro viloyati hokimi S.Husenov, Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Z.Niyozov, iqtisodiyot vaziri B.Xo’jayev, “O’zbekengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi R.Ro’ziqulov, Yog’-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi M.G‘afurovning hisobotlari eshitildi.

Muhokamalar davomida joriy yil uchun belgilangan islohotlarni yanada chuqurlashtirishning eng muhim vazifalari so’zsiz bajarilishini ta’minlash barcha darajalardagi davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining asosiy vazifasi ekanligi ta’kidlandi.

2008 yil so’zsiz ravishda islohotlarni va jamiyatimiz hayotida yangilanish jarayonlarini rivojlantirish va chuqurlashtirishning mantiqiy davomi bo’lishi, tarkibiy o’zgartirishlarni amalga oshirish, iqtisodiyotning potensiali, barqarorligi va muvozanatlashganligini mustahkamlash, umuman mamlakatning gullab-yashnashi yo’lida kuchli turtki berishi, aholi turmushi sifatini yaxshilash uchun eng muhim ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda yangi qadam bo’lishi alohida qayd etildi.

Majlisda masalalarni muhokama qilish yakunlari bo’yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Manba: www.uza.uz