“Faxriy unvonlar uchun to‘lovlar miqdorini oshirish to‘g‘risida”
18/12/2007 - 04:29 8239
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni.
Mamlakatimiz ilm-fani, adabiyoti va san’atini, iqtisodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirish, xalqimizning madaniyati va ma’naviyatini yuksaltirishga, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga katta hissa qo‘shib kelayotgan shaxslarni munosib rag‘batlantirish va qo‘shimcha ravishda moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
1. 2008 yilning 1 yanvaridan boshlab davlatimizning faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan shaxslar – “Xalq” va “Xizmat ko‘rsatgan arbob” faxriy unvonlari egalari uchun berib kelinayotgan to‘lovlar eng kam ish xaqining 2 barobari, “Xizmat ko‘rsatgan” faxriy unvoni sohiblari uchun esa eng kam ish haqining 1 barobari miqdorida oshirilib, har oylik to‘lovlarning miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, faxriy unvonlar egalariga to‘lovlar har oyda O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlar hisobidan amalga oshiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda faxriy unvonlar egalariga to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibini tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov
Toshkent shahri, 2007 yil 17 dekabr
Источник: www.uza.uz