O‘zbekiston sanoatchilari forumi yakunlandi

13/11/2007 - 04:28 19035

Toshkentda 12-17 noyabr kunlari O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi. Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarning yana bir samarasi bo‘lib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, valutani tejash, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, mahalliylashtirish qamrovini kengaytirish, korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil qilingan sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan 224 korxona, jumladan, turli vazirlik, kompaniya va konsernlar tarkibiga kiruvchi 142 yirik ishlab chiqarish subyekti ishtirok etdi. Qatnashchilar ilgari import qilingan va endilikda mahalliy xomashyo negizida o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar bilan tanishish, ularning savdosi bo‘yicha shartnomalar imzolash imkoniga ega bo‘ldilar. Prezidentimizning 2007 yil 12 noyabrda e’lon qilingan “Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni mamlakatimiz sanoat korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Forum doirasida o‘ttizdan ziyod yetakchi sanoat korxonasi va muassasaning taqdimoti o‘tkazildi. Bu tadbirlar tarmoqlararo va tarmoq ichidagi kooperatsiya bilan bog‘liq masalalar muhokamasi uchun qulay imkoniyat yaratdi. Kooperatsiya birjasi davomida mahalliy korxonalarga, jumladan, kichik biznes subyektlariga o‘zlashtirish uchun taklif etilayotgan mahsulotlar ro‘yxati taqdim qilindi. Har bir ishtirokchi o‘zini qiziqtirgan tarmoq yuzasidan to‘la ma’lumot olish, hamkorlik yuzasidan muzokaralar o‘tkazish, bitim va shartnomalar imzolash imkoniga ega bo‘ldi. O‘zbekiston sanoatchilari forumida umumiy qiymati jami 1 trillion so‘mdan ziyod 1,5 mingdan ortiq shartnoma imzolandi. Manba: www.uza.uz