O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi davom etmoqda

14/11/2007 - 04:24 19025

“O‘zekspomarkaz“da O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi davom etmoqda. Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston sanoatchilari forumining ikkinchi kuni “V.P.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat aksionerlik jamiyati, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, “O‘zqishloqxo‘jalikmashxolding” xolding kompaniyasi, “Fonon” hamda “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” ochiq aksionerlik jamiyatlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston dunyodagi samolyotsozlik sanoatiga ega sanoqli davlatlar sirasiga kiradi. Toshkentda ishlab chiqarilgan yuzlab “Il-76” rusumli transport samolyotlarini bugun yer sharining barcha qit’alarida ko‘rish mumkin. Shuningdek, bu yerda “Il-114” yo‘lovchi samolyoti ishlab chiqariladi, “An” rusumli og‘ir transport samolyotlari uchun qanotlar tayyorlash o‘zlashtirilgan. Korxonada Boeing, British Aerospace kabi korporatsiyalar bilan kooperatsiya doirasida buyurtma asosida turli butlovchi qismlar ham ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, bu yerda turli sanoat uskunalari va maishiy texnika vositalari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda “V.P.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat aksionerlik jamiyati qator qo‘shma korxonalarning ta’sischisi hamdir. - Korxonamiz Gollandiya, Italiya, Germaniyadan keltirilgan metallarga ishlov beradigan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, – deydi ana shunday qo‘shma korxonalardan biri – “Yevroosiyo TAPO-Disk” yopiq aksionerlik jamiyati bosh direktori G‘ulom Ortiqov. – Ellikdan ziyod turdagi avtomobil disklarini ishlab chiqaramiz. Xususan, Asakadagi “GM O‘zbekiston” qo‘shma korxonasiga mahsulot yetkazib beryapmiz. Rossiyaga eksport qilyapmiz. Kooperatsiya birjasi tashkil qilingani juda foydali ish bo‘ldi. Mamlakatimizdagi korxonalar bir-birining imkoniyatlarini yaxshi bilmasligi bois xomashyo, butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotlarni asosan chetdan olib kelardi. Biz birjada faoliyatimizni kengaytirish uchun ko‘plab yo‘nalishlarni kashf etdik. Qator korxonalar bilan frezer dastgohlari, konveyerlar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish yuzasidan muzokaralar olib boryapmiz. Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishning o‘sishi chakana savdo aylanmasi hajmi oshishini ta’minlamoqda. Xususan, joriy yilning to‘qqiz oyida bu boradagi ko‘rsatkich 18,4 foiz o‘sdi. Ayniqsa, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi korxonalarida jadal o‘sish kuzatilmoqda. Ular yanvar-sentabr oylarida 175 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi, 65 million dollarlik mahsulotni eksport qildi. Uyushma tarkibidagi o‘ttizdan ziyod korxona orasida “Andijonkabel”, “Fonon” singari yirik ishlab chiqarish subyektlari bor. Bu korxonalar kabellardan to televizorlargacha bo‘lgan ko‘plab turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan. “O‘zbekqishloqmash” ochiq aksionerlik jamiyati “O‘zqishloqxo‘jalikmashxolding” xolding kompaniyasi tizmidagi yetakchi sanoat korxonalaridan. - Korxonamizda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi moslamalari, don va chigit qadaydigan seyalkalar, mineral o‘g‘it sochqichlari, g‘alla va o‘t o‘rish uskunalari ishlab chiqariladi, – deydi “O‘zbekqishloqmash” ochiq aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi Mirjalol Miryahyoyev. – Zarur xomashyoni ilgari chetdan keltirar edik. Yaqinda polietilendan banka va bochkalar tayyorlashga kirishdik. Shunga o‘xshash boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtiryapmiz. 2007 yilda mahsulot eksport qilish rejasini 3,5 baravar ortig‘i bilan bajardik. Kelasi yil bu ko‘rsatkichni qariyb 6,5 baravarga oshirish niyatimiz bor. Korxonamiz mahsulotlari asosan Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistonga eksport qilinmoqda. Kelasi yili eksport jo‘g‘rofiyasini yanada kengaytirishni rejalashtiryapmiz. Mazkur birja va ko‘rgazma bizga turdosh korxonalar bilan yanada yaqin aloqa o‘rnatib, yangi sheriklar topish imkonini berayotganidan juda mamnunmiz. O‘zbekiston sanoatchilari forumining ikkinchi kuni umumiy qiymati 134 milliard so‘mlik 160 shartnoma imzolandi. Manba: www.uza.uz