Davlat budjeti ijrosiga bag‘ishlandi
18/08/2007 - 03:36 10100
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2007 yil birinchi yarim yillik ijrosiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur qo‘mita raisi A.Ahadov boshqargan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, banklarning rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari S.Bekenovning hisoboti tinglandi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2006 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2007 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning eng muhim ustuvor vazifalarining hayotga izchil tatbiq etilishi joriy yilning birinchi yarmida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ijobiy tendensiyalarni yanada mustahkamlash imkonini bergani ta’kidlandi. Yalpi ichki mahsulot 2006 yilning shu davridagiga nisbatan 109,7 foizni tashkil qildi. Mahsulot eksporti 39 foizga oshdi. Uning 70 foizini xomashyo bo‘lmagan eksport tashkil etgani ta’kidlandi. Tashqi savdoning ijobiy saldosi salkam 1,7 milliard AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan qariyb ikki baravarga ortgani qayd etildi. Hisobot davrida Davlat budjeti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlangan ko‘rsatkichlar doirasida ijro etildi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,9 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Majlisda Davlat budjetining xarajatlarida asosiy e’tibor aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, budjetdan ajratilgan mablag‘larning samaradorligini oshirish, investitsiya dasturi xarajatlarini budjetdan moliyalashtirishni optimallashtirish, ish haqi, stipendiya va aholiga boshqa to‘lovlar bo‘yicha xarajatlarni to‘liq va o‘z vaqtida moliyalashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, soliq yukini kamaytirish asosida tadbirkorlik faoliyatiga keng yo‘l ochib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga qaratilgani ta’kidlandi. O‘tgan davrda “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi doirasida ko‘zda tutilgan barcha tadbirlar o‘z vaqtida va to‘la moliyalashtirildi hamda aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari yanada kengaytirildi. Majlisda muhokama etilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Manba: www.uza.uz