2007 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida
25/07/2007 - 03:34 9558
2007 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan respublika hukumatining 2007 yil 12 fevraldagi yig‘ilishida belgilab berilgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor vazifalarini, shuningdek, rivojlanishning muhim maqsadli kompleks va sohalar dasturlarini amalga oshirishni ta’minlashga qaratildi. Natijada asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘sish sur’atlari, joriy yilda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun puxta zamin hozirlaydigan dinamikaga ega bo‘ldi. I. Makroiqtisodiy tendensiyalar 2007 yilning birinchi choragida erishilgan iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’ati ikkinchi chorakda ham saqlab qolindi. Bu esa birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning 9,7 foizga o‘sishini ta’minladi. Iqtisodiy o‘sishda xo‘jalik yurituvchi subyektlar, aholi va tashqi savdo hamkorlar umumiy talabining o‘sishi, shuningdek, iqtisodiyotning ana shu talabni qondirishga tayyorligi muhim omil bo‘ldi. Sanoat ishlab chiqarishi (o‘tgan yilning tegishli davridagiga nisbatan 11,6%), investitsiyalarni o‘zlashtirish (40,2%), qurilish ishlari hajmi (20,5%), eksport (39,0%), chakana savdo aylanmasi (16,8%) va pulli xizmatlar (25,1%) o‘sishining yuksak sur’atlari shundan dalolat beradi. Qishloq xo‘jaligi barqaror rivojlandi, sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmi 5,5 % ga o‘sishi ta’minlandi. O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida) Ko‘rsatkichlar nomi: 2006 yilning 1-yarim yilligi / 2007 yilning 1-yarim yilligi Yalpi ichki mahsulot: 106,6 / 109,7 Sanoat mahsulotlari hajmi: 109,7 / 111,6 Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish: 120,6 / 119,0 Yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlari: 107,2 / 105,5 Asosiy kapitaldagi investitsiyalar: 106,9 / 140,2 Qurilish ishlari: 106,1 / 120,5 Chakana savdo aylanmasi: 111,6 / 116,8 Aholiga pulli xizmat ko‘rsatish: 113,3 / 125,1 Olib borilayotgan qat’iy pul-kredit siyosati pul massasi ustidan nazorat o‘rnatish hisobidan makroiqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvvatlash bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash imkoniyatini berdi. Shuningdek, kapital oqimlarining xo‘jalik yurituvchi subyektlar talabi va taklifiga muvofiq samarali qayta taqsimlanishiga xizmat qildi. Ushbu choralar iste’mol narxlari indeksini prognoz ko‘rsatkichlar chegarasida ushlab turish imkonini berdi – 2,7 % (2006 yilning I yarim yilligida 3,5 %) va ayni paytda ichki bozorning tovar massasi bilan to‘ldirilishiga ko‘maklashdi. Tijorat banklarining umumiy kapitali o‘tgan yilning birinchi yarim yilligidagiga nisbatan 17,2% ga o‘sdi. Aholining banklardagi depozitlari 37,2 % ko‘paydi. Real sektorga kredit qo‘yilmalarning umumiy miqdori 5,4 % ga o‘sdi. Budjet-soliq siyosati xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soliq yukini kamaytirish bilan bir paytda budjetning daromad va xarajat qismlari muvozanatini ta’minladi. Iqtisodiy o‘sish, biznesning qonuniylashtirilishi soliqqa tortish bazasini kengaytirdi va bu soliqni ma’muriylashtirishni takomillashtirish choralari bilan bir qatorda Davlat budjeti daromadlari o‘sishini ta’minladi. 2007 yilning birinchi yarmida Davlat budjeti daromadlari tasdiqlangan yillik ko‘rsatkichlarga nisbatan 53,7 foizni tashkil etdi (2006 yilning birinchi yarim yilligida 47,5 %). Davlat budjeti 1,9 foiz profitsit bilan bajarildi. II. Tarkibiy-investitsiya siyosati va real sektor tarmoqlarini rivojlantirish Investitsiya dasturiga muvofiq investitsiyalarning asosiy hajmi ishlab chiqarish tarmoqlariga, jumladan, neft va gaz sektoriga, telekommunikatsiyalar sohasiga va yengil sanoatga, shuningdek, ishlab chiqarish infratuzilmasini barpo etishga (temir yo‘l va avtomobil yo‘llari, elektr tarmoqlariga) yo‘naltirildi. Barcha moliyalash manbalarini e’tiborga olgan holda hisobot davrida 2631,2 milliard so‘mlik (yil prognoziga nisbatan 52,2%) investitsiyalar o‘zlashtirildi. O‘tgan yilning birinchi yarmidagiga nisbatan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 40,2 % ga (2006 yilning birinchi yarmida 6,9 % ) oshdi. Investitsiyaviy faollikni rag‘batlantiruvchi omillar qatorida soliq yukining kamayishi, xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish uchun investitsion muhitning yaxshilanishi, shu jumladan, texnologik jihozlarni olib kirish uchun soliq va bojxona imtiyozlarining berilishi, shuningdek, hukumat tomonidan qabul qilingan rasmiyatchilik jarayonlarini soddalashtirish, ma’muriy ishlarni yaxshilash hamda butun investitsiyaviy jarayonni doimiy monitoring qilish bo‘yicha tizimli choralarni sanab o‘tish mumkin. Kapital qo‘yilmalarning texnologik va takror ishlab chiqarish tarkiblarida ijobiy siljishlar qayd etildi. O‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmida ishlab chiqarish sohasiga barcha kapital qo‘yilmalarning 63,9 %, noishlab chiqarish sohasiga - 36,1 % yo‘naltirildi. O‘tgan yildagiga nisbatan ishlab chiqarishga oid qurilishning salmog‘i o‘sdi (2006 yilning I yarmida 63,4 %), bu hol ishlab chiqarish sohalari obyektlari qurilishidagi ishlar ko‘lami kengayishi bilan bog‘liq. Kapital qo‘yilmalarning umumiy hajmida yangi qurilish – 35,3 %, modernizatsiyalash, ta’mirlash va texnologik qayta jihozlash – 50,4 % ni tashkil etdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmidan yangi obyektlarni qurishga 46,9%, modernizatsiyalash, ta’mirlash va texnologik qayta jihozlashga - 26,2 % va boshqa yo‘nalishlarga (shu jumladan geologik-qidiruv ishlari) – 26,9% yo‘naltirildi. Investitsiyalarni moliyalash manbalari tarkibida markazlashgan investitsiyalar ulushi ularning umumiy hajmidagi 27,6% ni tashkil etdi va jadal rivojlanayotgan qurilish va budjet hamda budjetdan tashqari jamg‘armalar tomonidan moliyalanadigan obyektlar ( kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, umumta’lim maktablari, qishloq vrachlik punktlari) ishga tushirilishi hisobidan o‘tgan yilning tegishli davridagiga nisbatan birmuncha o‘sdi (27,2%). Investitsiyalar o‘sishining asosiy hajmi xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan ta’minlandi. Ularning hajmi 416,7 million AQSH dollariga teng bo‘lib, o‘tgan yilning tegishli davridagiga nisbatan 2,2 marotaba ortdi, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar – 308,9 million dollarni tashkil etdi, bu 2,4 marotaba ko‘pdir. Investitsiyaning umumiy hajmida xorijiy investitsiyalar ulushi 19,8 foizni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi esa – 14,7 foizni tashkil etdi. Mamlakatimiz xo‘jalik yurituvchi subyektlarining yuqori investitsiyaviy faolligi iqtisodiyotga sarmoya kiritish hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 29,7% ga oshganligi va investitsiyalarning umumiy hajmida ularning salmog‘i yuqoriligicha qolayotganligi bilan tasdiqlanadi (44,5 %). Ishlab chiqarish investitsiyalari hisobidan hisobot davrida 155 ta yangi yirik va kichik sanoat ishlab chiqarish korxonasi, shu jumladan, ikkinchi chorakda – 117 ta obyekt ishga tushirildi. Xususan, “Gazli-Saprimoy” gaz quvuri uchastkasi bo‘yicha 50,5 km. quvur yotqizildi, “O‘zlashtirish qiyin bo‘lgan Shimoliy Nishon, Qamashi, Beshkent, Shakarbuloq konlarida ish olib borish” va “Tajriba-sanoat ekspluatatsiyasi davrida Ko‘kdumaloq konini jihozlash” loyihalari bo‘yicha 8 ta quduq burg‘ulandi, Ko‘kdumaloq konida yondosh gazlarni utillashtirish bo‘yicha uchta moslama, 102 km. elektr uzatish liniyasi ishga tushirildi. Kalava, matolar, trikotaj mato, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, ipak xomashyosiga ishlov berish, poyabzal ishlab chiqarish bo‘yicha 30 ta yengil sanoat va to‘qimachilik sanoati obyekti, shuningdek, 55 ta oziq-ovqatni qayta ishlash sanoatiga oid obyekt ishga tushirildi. Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘li qurilishi nihoyasiga yetmoqda, uning ishga tushirilishi shu yilning sentabr oyiga mo‘ljallangan. Hisobot davrida ishlab chiqarishga oid xorijiy investitsiyalarning asosiy qismi yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyoviy va neft-kimyo sanoati, qishloq, suv xo‘jaligi va iste’mol mollari ishlab chiqarish, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi sohalariga yo‘naltirildi. Paxtani qayta ishlash, yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari va qora metallurgiya sanoati obyektlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha ishlab chiqilgan va tasdiqlangan o‘rta muddatli dasturlar ham investitsiyaviy faollikning oshishiga ko‘maklashdi. Ularning doirasida 2007 yildan 2011 yilgacha bo‘lgan davrda umumiy miqdori 490 milliard so‘mga teng 140 ta loyihaning amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Noishlab chiqarish sohasi obyektlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari o‘z vaqtida tayyorlangani, qurilishlarning manzilli ro‘yxatlari tasdiqlangani tufayli va kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va maktablar qurilishiga oid markazlashgan mablag‘lar hisobidan birinchi yarim yillikda ushbu maqsadga mo‘ljallangan markazlashgan mablag‘larning 82 foizi o‘zlashtirildi (2006 yilning 1 yarim yilligida o‘zlashtirish 65 % ni tashkil etgandi). Kapital qo‘yilmalar limitining tezkorlik bilan o‘zlashtirilishi obyektlarning ko‘pchiligini belgilangan muddatlarda ishga tushirish uchun qulay sharoit yaratdi. Birinchi yarim yillikda kasb-hunar kollejlarida 7890 o‘quvchiga mo‘ljallangan 12 ta obyekt (2006 yilning birinchi yarmida 3600 ta), akademik litseylardagi 1440 o‘quvchiga mo‘ljallangan (2006 yilning birinchi yarmida 990 ta) 2 ta obyekt foydalanishga topshirildi. Bir yo‘la 595 patsiyentni qabul qilish imkoniga ega 11 ta qishloq vrachlik punkti, 150 o‘rinlik kasalxonalar, 862,3 kv.metr suv quvurlari (yil prognoziga nisbatan 142 %) va 410,2 km. gaz quvurlari (89 %), 3700,6 kv.metr turar-joy (54%) , 37 ta bolalar sporti obyekti foydalanishga topshirildi. Umumiy foydalanish xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha tasdiqlangan dasturlarga muvofiq 2007 yilning birinchi yarmida 65524,4 million so‘mlik yoki belgilangan hajmga nisbatan 100,5% yo‘l ishlari bajarildi. Umumiy foydalanish xalqaro va davlat ahamiyatiga molik 68,8 km ta’mirlangan avtomobil yo‘llari, 162,8 metr 4 ta ko‘prik foydalanishga topshirildi. Investitsiyalar hajmining yuqori sur’atda o‘sishi qurilish ishlari bozorining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Pudrat qurilish ishlari hajmi o‘tgan yilning birinchi yarim yilligidagiga nisbatan 20,5 % ga ortdi. Sanoatning rivojlanishi va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish. 2007 yilning birinchi yarim yilligida sanoat ishlab chiqarishining o‘sishida (111,6%) ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash, soliq yukini kamaytirish, korxonalar moliyaviy ahvolini mustahkamlash, ularning aylanma mablag‘larini oshirish va aholi real daromadlarining ko‘payishi muhim omil bo‘ldi. Bu esa korxonalarning investitsiyaviy tovarlarga, aholining - mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga, avvalo, avtomobilsozlik va murakkab maishiy texnika tovarlariga bo‘lgan talabining o‘sishiga olib keldi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish (o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan foiz hisobida) Ko‘rsatkichlar nomi: 2006 yilning 1-yarim yili / 2007 yilning 1-yarim yili Sanoat, jami: 109,7 / 111,6 shu jumladan: elektr energetikasi: 107,6 / 99,4* yoqilg‘i: 100,1 / 112,0 qora metallurgiya: 106,8 / 110,5 rangli metallurgiya: 100,8 / 98,3 kimyo va neft-kimyo: 116,9 / 120,3 mashinasozlik va metallni qayta ishlash: 119,8 / 129,5 yog‘och, yog‘ochni qayta ishlash, selluloza-qog‘oz: 118,0 / 125,3 qurilish materiallari sanoati: 111,8 / 116,4 yengil sanoat: 111,4 / 112,1 oziq-ovqat sanoati: 129,2 / 107,9 boshqa sohalar: 121,3 / 124,0 * energiya tejash dasturlarini joriy etish hisobidan. Yoqilg‘i sanoati (112 %), qora metallurgiya (110,5 %), kimyo va neft-kimyo sanoati (120,3 %), mashinasozlik va metallni qayta ishlash (129,5 %), qurilish materiallari sanoati (116,4%) va yengil sanoat (112,1 %) yuqori sur’atda o‘sdi. Mahalliy va import xomashyoni qayta ishlashni ko‘paytirish hisobidan benzin (106,5%), dizel yoqilg‘isi (102,5%), mineral o‘g‘itlar (107,2%), avtomobillar (130,8 %), dorivor vositalar (162,9 %) ishlab chiqarish hajmi oshdi. Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirish dasturini amalga oshirish hisobidan 2007 yilning birinchi yarmida soha tarmoqlari tomonidan ishlab chiqarish sur’ati 116,4 foizga oshirilgan holda, 390,4 milliard so‘mlik, jumladan, «O‘zqurilishmateriallari» aksionerlik kompaniyasi 303,8 milliard so‘mlik yoki 2006 yilning birinchi yarim yilligidagiga nisbatan 119 foiz ko‘p mahsulot ishlab chiqardi. 3148,6 ming tonna (113,3 %) sement, 240,6 million dona (131,2 %) shifer ishlab chiqarish ta’minlandi. Bu pudrat asosidagi qurilish ishlarini yuqori sur’atlarda saqlash imkonini berdi. Qurilish materiallarining 64 foizi birja savdolari orqali sotildi. Mahalliylashtirish dasturi bajarilishi to‘g‘risida. 2007 yilning birinchi yarmida Mahalliylashtirish dasturi doirasida 1079,2 milliard so‘mlik (yillik ko‘rsatkichga nisbatan 66,3 foiz) yoki 2006 yilning shu davridagiga qaraganda 1,6 marta ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi. 166 ta korxonada amalga oshirilayotgan 265 ta loyiha bo‘yicha 1038,3 milliard so‘mlik mahsulot sotildi, jumladan, 367,6 million AQSH dollariga teng mahsulot eksport qilindi. Import o‘rnini bosish samaradorligi 863,0 million dollarni tashkil qildi, 486 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Iste’mol bozorining ahvoli. 2007 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 19,0 foizga oshdi. Muzlatgichlar ishlab chiqarish (3,8 marta), qadoqlangan tabiiy choy (158,7 foiz), spirtsiz ichimliklar (1,7 marta), meva va sabzavot konservalari (1,6 marta), non va non mahsulotlari (122,5 foiz), gilam va gilamchilik mahsulotlari (124 foiz) va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish ancha ko‘paydi. Yengil sanoat korxonalarini texnik modernizatsiya qilish dasturining amalga oshirilishi iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Yangi investorlarga sotilgan korxonalarda («Olotteks» qo‘shma korxonasida 187,9 foiz) ishlab chiqarish hajmi oshdi, «Spenteks Toshkent-To‘ytepa» (avvalgi «Kobul tekstil»), «DEU Farg‘ona tekstil» to‘qimachilik korxonalarida, «Mimatosh tekstil» xorijiy korxonasi va boshqa korxonalarda ishlab chiqarish qaytadan yo‘lga qo‘yildi. Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish chakana savdo aylanmasini 16,8 foizga oshirish imkonini berdi. Mamlakatimizning barcha hududlarida yuqori sur’atli tovar aylanmasiga erishildi. Xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish, tadbirkorlikning qo‘llab-quvvatlanishi natijasida 2007 yilning birinchi yarmida xizmat ko‘rsatish hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga qaraganda 24,5 foizga, jumladan, aholiga pulli xizmat ko‘rsatish hajmi 25,1 foizga oshdi (2006 yilning birinchi yarmida 13,3 foiz). Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish qariyb 75 mingta yangi ish o‘rnini tashkil etish va ushbu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 42,8 foizga yetkazish imkonini berdi. Transport, aloqa va axborotlashtirish, moliya, bank sohasida, mehmonxona xo‘jaligida xizmat ko‘rsatish, avtomobillar va boshqa texnikalarni ta’mirlash bo‘yicha va boshqa xizmatlar hajmi yuqori sur’atda o‘sdi. III. Xususiylashtirish dasturini amalga oshirish, iqtisodiyotning xususiy tarmog‘ini rivojlantirish 2007 yilning birinchi yarmida 281 ta davlat aktivi (korxonalar, mulkchilik obyektlari, aksiyalar paketi), jumladan, birja, kimoshdi va tanlov savdolarida 173 ta obyekt sotildi. Davlat mulkini xususiylashtirish bilan bog‘liq barcha manbalardan tushgan mablag‘ 50,8 milliard so‘m yoki o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 155 foizni tashkil etdi. Tadbirkorlik faoliyati bilan erkin shug‘ullanish kafolatlarini ta’minlash, berilgan imtiyozlar, tekshirishlar soni, hisobdorlik va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashishni kamaytirish, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risida xabar qilish mexanizmini joriy etish, mahsulot va xizmatlarni sertifikatlash tartibini birxillashtirish, kichik biznes subyektlarining kredit hamda xomashyo resurslaridan foydalanishini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar 2007 yilning birinchi yarmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ro‘yxatga olingan tadbirkorlik subyektlarining umumiy soni 415 mingtani tashkil etdi yoki 8 foizga ko‘paydi, faoliyat ko‘rsatayotgan kichik korxonalar soni esa yil boshidagiga nisbatan 9,5 foizga o‘sdi. Kichik biznesning eksportdagi ulushi 6,7 foizdan 12,4 foizga oshdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida 244,9 mingta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Natijada kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38,1 foizga ko‘paydi. 2006 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 34,1 foiz bo‘lgan edi. IV. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish Birinchi yarim yillikda qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining o‘sishi 5,5 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilga qaraganda kartoshka (108,2 %), sabzavot (110,2 %), poliz mahsulotlari (114,4 %), go‘sht (106,2 %), sut (105,8 %) va tuxum (109,2 %) ko‘p ishlab chiqarildi. Tugatilgan 329 ta shirkat xo‘jaligi negizida 25,17 mingtadan ortiq fermer xo‘jaligi tashkil etildi. Yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga 604,2 ming gektar yer biriktirilgan. Faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklarining umumiy soni 2007 yil 1 iyul holatiga ko‘ra 212,5 mingtani tashkil etdi. Ular 5677 ming gektar maydonda dehqonchilik qilmoqda. Ushbu xo‘jaliklarda 1317,1 mingdan ortiq kishi ish bilan band. Shirkatlar negizida fermer xo‘jaliklarini tashkil etish jarayoni deyarli yakuniga yetdi. Fermer xo‘jaliklari faoliyatini tashkil etish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha 83, mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlaydigan 94 ta punkt, 295 ta muqobil MTP, 66 ta mini-bank, 223 ta suvdan foydalanuvchilar uyushmasi va boshqa tuzilmalar tashkil etildi. Joriy yilning birinchi yarmida fermer xo‘jaliklariga 2120 dona qishloq xo‘jalik texnikasi lizing asosida berildi. Davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishga kredit ajratish miqdorini mahsulot umumiy qiymatiga nisbatan 50 foizdan 60 foizga ko‘paytirish choralari ko‘rildi. Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirish dasturini bajarish bo‘yicha ishlar faol davom ettirilmoqda. 2007 yilning birinchi yarmida kimoshdi punktlari orqali 9914 bosh zotdor qoramol sotildi (birinchi yarim yillik topshirig‘iga nisbatan 110,1 foiz). Joriy yilning birinchi yarmida qoramol sotib olish uchun 25,1 mingta oilaga 18,4 milliard so‘m mikrokredit ajratildi. Bu prognoz ko‘rsatkichga nisbatan 127,8 foizni tashkil etadi. Chorva mahsulotlari ishlab chiqaradigan dehqon va fermer xo‘jaliklarini ozuqa bilan ta’minlash uchun omuxta yem sotadigan 134 ta savdo shoxobchasi tashkil etildi. Bu prognoz ko‘rsatkichga nisbatan 25 ta ko‘pdir. Birinchi yarim yillikda qoramollar soni 430,7 mingga ko‘payib, jami 7206 mingtaga yetdi. Meva-sabzavotchilik va uzumchilik dasturi doirasida qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va ularni qayta ishlash korxonalari kooperatsiyasini tashkil etish uchun joylarda 201 ta agrofirma, 35 mingtadan ortiq meva-sabzavotchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tashkil etildi. V. Tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish 2007 yilning birinchi yarmida tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 26,3 foizga o‘sdi. Eksport umumiy hajmi 39, import hajmi esa 9,5 foizga ko‘paydi. Natijada savdo balansining ijobiy saldosi 1656,5 million AQSH dollarini tashkil qildi. Bu 2006 yilning shu davridagiga qaraganda qariyb 2,3 martaga ko‘p demakdir. Oziq-ovqat va iste’mol tovarlari (2,3 marta), kimyo mahsulotlari (1,6 marta), energiya manbalari va neft mahsulotlari (2,1 marta), qora va rangli metallar prokati (1,4 marta), mashina va uskunalar (1,5 marta), xizmatlar (1,2 marta) eksporti jadal o‘sdi. Import darajasining o‘sishi iqtisodiyot ko‘lamining, birinchi navbatda, investitsiya loyihalari va sanoatning o‘sishi bilan bog‘liq. Mashina va uskunalar importi 2,3 foizga oshdi va joriy yilning qolgan davrida ham bu ko‘rsatkich ko‘plab investitsiya loyihalarini amalga oshirish nihoyasiga yetishi sababli yanada o‘sadi. Mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan va yuqori qo‘shimcha qiymatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi qismlar, xomashyo va materiallar importi 27,4 foizga ko‘paydi. V1. Ijtimoiy sohani rivojlantirish Yuqori sur’atdagi iqtisodiy o‘sish aholi bandligi, uning real daromadlari va turmush darajasi yuksalishini ta’minladi. Aholining real pul daromadlari 21,3 foiz va o‘rtacha oylik ish haqi 48 foizga oshdi. Bandlikni ta’minlash bo‘yicha hududiy dasturlariga muvofiq joriy yilning 6 oyi mobaynida jami 314,8 mingta yoki dasturlar ko‘rsatkichlariga nisbatan 114 foiz ish o‘rni tashkil etildi. Mehnat bozorida faol siyosat yuritish aholi bandligini 3 foizga ko‘paytirishga yordam berdi va ish bilan band bo‘lganlar soni 10,6 million kishiga yetdi. 2007 yilning birinchi yarmida qo‘shimcha 96,1 ming kishi kasanachilikning turli shakllari bilan qamrab olindi. Bu hisobot davrida tashkil etilgan ish o‘rinlari umumiy sonining 31 foizini tashkil qiladi. Kasanachilik orqali ish o‘rinlarini tashkil etayotgan kichik korxonalar uchun imtiyozlarni joriy etish, shuningdek, kasanachilik shartnomalarini tuzish bo‘yicha ish beruvchilar bilan tushuntirish ishlarini amalga oshirish natijasida kichik hamda yirik sanoat korxonalari bilan hamkorlikda 40,2 mingta ish o‘rni yaratildi. Bu 2006 yilning shu davridagiga qaraganda 45 foiz ko‘pdir. Joriy yilning birinchi yarmida «Ijtimoiy himoya yili» Davlat dasturi doirasida aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash ishlari davom ettirildi. Dasturning birinchi yarim yillikda ko‘zda tutilgan deyarli barcha vazifalari bajarildi, qariyb 203,5 milliard so‘m o‘zlashtirildi. Aholini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash maqsadida hisobot davrida 28,5 mingta kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilaga qoramol bepul berildi. Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 7,4 mingta kam ta’minlangan oilaga 5,7 milliard so‘mlik mikrokredit ajratildi. Nogironlar uchun 2049 ta ish o‘rni tashkil etildi. Homiylar mablag‘lari hisobidan 30,8 ming yolg‘iz kishiga moddiy yordam ko‘rsatildi. Ehtiyojmand oilalarga beriladigan nafaqa va moddiy yordamning o‘rtacha miqdori 33 foizga ko‘paydi. Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida o‘z biznesini tashkil etish, uy-joy va iste’mol tovarlarini xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 20,4 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan iqtisodiy rivojlanishning puxta o‘ylangan strategiyasining izchillik bilan amalga oshirilishi natijasida ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ulkan ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Bu, o‘z navbatida, 2007 yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishni ta’minlash, aholi bandligi va daromadlarini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning bajarilishida muhim omil bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi.
Manba: www.uza.uz