O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘n olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

01/06/2007 - 03:32 8568

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘n olti yilligini munosib kutib olish, bu qutlug‘ sana munosabati bilan mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish yo‘lida erishilgan ulkan yutuq va natijalarni xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, vatandoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbi va ongiga bebaho ne’mat bo‘lmish mustaqillikning beqiyos ahamiyati, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada chuqurroq singdirish maqsadida: 1. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘n olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 2. Respublika komissiyasi “Bu bayram - barchamizniki, butun xalqimizniki” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini 20 kun muddatda ishlab chiqsin. 3. Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar va tantanali marosimlarni ko‘tarinki ruh va kayfiyatda, tashkiliy, g‘oyaviy-badiiy jihatdan yuksak saviyada, aholining barcha qatlamlari, keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazish uchun “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalariga alohida tadbirlar rejasini tayyorlash va amalga oshirish tavsiya etilsin. Ushbu tadbirlar rejasida quyidagi masalalarga e’tibor qaratilsin: istiqlolning yosh avlod taqdirida, ularning zamonaviy dunyoqarashi, bilim va tafakkuri, faol grajdanlik pozitsiyasini shakllantirish, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashdagi beqiyos o‘rni va ahamiyatini, yigit-qizlarimizning ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarida, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ko‘z qorachig‘idek asrash borasida erishayotgan yutuqlarini aniq hayotiy misollar orqali ko‘rsatish va keng targ‘ib etish; xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini, ijtimoiy faolligini yuksaltirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, el-yurt tayanchi bo‘lmish oila institutini har tomonlama mustahkamlash, uning farovonligini oshirish bo‘yicha, jumladan, “Ijtimoiy himoya yili” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini aks ettirish; mamlakatimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, yurtimiz shuhratini dunyoga tarannum etish, yoshlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalashda o‘z shaxsiy ibrati va hayotiy tajribasi bilan namuna ko‘rsatayotgan, el-yurtga xizmati singgan keksa avlod vakillariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, faxriylarning mehnatini munosib qadrlash, ular ishtirokida turli suhbat va uchrashuvlar, ma’rifiy tadbirlar uyushtirish; istiqlolimiz bilan bog‘liq ezgu tushunchalarni yanada chuqurroq anglash, uning qanday kurash va mashaqqatlar, fidokorona mehnat va qat’iyat evaziga qo‘lga kiritilgani, keng ko‘lamli islohotlarimiz mohiyat e’tibori bilan inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilganini ta’sirchan usul-uslublar orqali yoritish, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har qaysi insonning jamiyatimizdagi tub o‘zgarishlardagi ishtiroki, hayotga ongli munosabati, daxldorlik tuyg‘usi va mas’uliyat hissi, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik fazilatlari tobora kuchayib borayottanini, bu esa barcha yutuqlarimizning, bugungi va ertangi taraqqiyotimizning asosiy sharti va garovi bo‘lib xizmat qilayotganini har tomonlama chuqur ochib berish. 4 .Respublika komissiyasi o‘z yig‘ilishlarida markazda va joylarda amalga oshirilayotgan tadbirlar rejasini bajarish bo‘yicha hisobotlarni muntazam ravishda eshitib borsin. 5. Mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan senarist va rejissorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh san’atkorlar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin. 6. Bayram munosabati bilan shahar va qishloqlarda, mahalla va guzarlarda, ko‘pqavatli uylar atrofida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilsin. 7. Madaniyat va sport ishlari vazirligi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari bilan birgalikda Vatanimiz istiqlolini tarannum etadigan eng yaxshi qo‘shiq va musiqiy asarlar uchun respublika tanlovini o‘tkazish maqsadida uning nizomini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin. Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilinsin. 8. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan birgalikda avgust oyining oxirida mamlakatimiz mustaqilligiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘ va eng aziz” an’anaviy tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazsin. 9. Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi va Bastakorlar uyushmasi yosh ijrochilar o‘rtasida “Nihol” mukofotiga nomzodlarning respublika saralash bosqichini hamda g‘oliblar ijrosidagi konsert dasturini avgust oyining birinchi yarmida yuqori darajada tashkil etsin. 10. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy budjetlar hamda joylardagi ishlab chiqarish korxonalari, xo‘jaliklar, jamg‘armalar hisobidan; Toshkent shahrida respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi. 11.O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mustaqillikning o‘n olti yilligi bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin. 12. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov Toshkent shahri, 2007 yil 30 may

Manba: www.uza.uz