Avtomobilsozlikka oid yangi loyihalar muhokamasi

02/05/2007 - 03:24 8598

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1 may kuni Oqsaroyda General Motors-DAEWOO Auto and Technology (GMDAT) kompaniyasi prezidenti Maykl Grimaldini qabul qildi. – O‘zbekistonga ushbu tashrifingiz mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati bilan yaqindan tanishish, o‘zaro hamkorlikka doir masalalar yuzasidan fikr almashish uchun yaxshi imkoniyatdir, – dedi Islom Karimov. GMDAT 2002 yilda General Motors korporatsiyasi tomonidan Koreya Respublikasining DAEWOO Motors kompaniyasi zavodlari sotib olinishi natijasida tashkil topgan. DAEWOO Motors esa O‘zbekistonda ishlab chiqarishning yangi sohasi – avtomobilsozlikni o‘zlashtirishda muhim o‘rin tutgan. Uning sarmoyasi ishtirokida Andijon viloyatining Asaka shahrida “O‘zDEUavto” qo‘shma korxonasi tashkil etildi va 1996 yildan buyon har yili bir necha turdagi o‘n minglab yengil avtomobil ishlab chiqarilmoqda. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu zavod eng ilg‘or texnologik uskunalar, noyob texnika bilan jihozlangan. Uning mahsulotlari nisbatan arzonligi, qulayligi, zamonaviy texnik talablarga javob berishi bilan nainki yurtimizda, balki xorijda ham juda xaridorgir. Asakadagi korxonadan dastlab “Neksiya”, “Tiko”, “Damas” avtomobillari chiqqan bo‘lsa, keyinchalik ular safiga “Matiz” qo‘shildi. Bugungi kunda “O‘zDEUavto” o‘z mijozlariga yanada zamonaviy avtomobil – “Lasetti”ni ham taklif qilmoqda. Korxonada ishlab chiqarishni mahalliylashtirish izchil davom etmoqda. Joriy yil oxirigacha bu boradagi ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazish mo‘ljallangan. “O‘zDEUavto”ning mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga qo‘shayotgan hissasi katta. Korxona har yili ichki bozorga qariyb 60 ming, tashqi bozorga esa salkam 80 ming avtomobil chiqaradi. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston avtomobillari Rossiyada eng ko‘p sotiladigan xorij avtomobillari safidan muntazam joy olmoqda. Korxona 2008 yildan to‘la quvvat bilan ishlashga o‘tadi, bu yiliga 200 ming dona avtomobil ishlab chiqarish imkonini beradi. Zavodning ijtimoiy ahamiyati ham katta – mamlakatimizning aholi eng zich yashaydigan viloyatida minglab odamlar ish bilan ta’minlandi. O‘tgan yillar davomida korxonada yuksak malaka va chuqur bilimga ega, yuqori texnologiyali uskunalar bilan bemalol “tillasha” oladigan mehnat jamoasi shakllandi. Boshqacha aytganda, “O‘zDEUavto” O‘zbekiston ulkan imkoniyatlar mamlakati ekanligini, xalqimizning beqiyos bunyodkorlik salohiyatini to‘la namoyon etgan zamonaviy korxonalardan biridir. GMDAT kompaniyasi DAEWOO Motorsning ko‘plab xorijiy hamkorlari bilan aloqalarni davom ettirmoqda. Uning mahsulotlari dunyoning qariyb 150 mamlakatida sotiladi. 2006 yilda GMDAT Janubiy Koreyadagi eng jadal rivojlanayotgan avtomobilsozlik kompaniyasi sifatida e’tirof etildi. Mamlakatda sanoatning bu turida umumiy o‘sish 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, GMDATda 32 foizlik ko‘rsatkich qayd qilindi. U 2005 yilda 1,050 million, 2006 yilda 1,397 million dona avtomobil eksport qildi (ichki bozor uchun – 100 mingdan ziyod). 2007 yilda bu ko‘rsatkichni 1,726 millionga yetkazish rejalashtirilgan. Oqsaroyda bo‘lgan uchrashuvda Maykl Grimaldi GMDAT kompaniyasi o‘zbekistonlik sheriklari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi. Samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Muzokarada “O‘zDEUavto” aksiyadorlik jamiyati bilan GMDAT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlariga doir masalalar muhokama qilindi.

Manba: www.uza.uz