O‘zbekistonda 3,6 million tonnadan ziyod xirmon yaratildi

18/10/2006 - 03:01 10695

Mamlakatimiz paxtakorlari ulkan mehnat g‘alabasini qo‘lga kiritdilar – 3 million 600 ming tonnadan ziyod xirmon yaratildi. Lafzi halol mehnatkashlarimiz shartnoma majburiyatlarini qisqa muddatlarda – yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay ado etib, yuksak sifatli paxta xomashyosi tayyorlashga muvaffaq bo‘ldilar. Prezidentimiz Islom Karimovning O‘zbekiston paxtakorlari va barcha mehnatkashlariga yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, bugungi yuksak zafar mard va fidoyi dehqonlarimizning buyuk marralarni zabt etishga qodir ekanini yana bir karra amalda isbotlab bergani bilan qadrlidir. Mustaqillik yillarida Yurtboshimiz rahnamoligida barcha sohalar kabi qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida ham amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining samaralarini namoyon etmoqda. Paxtachiligimiz tarixida ilk marotaba o‘tgan yili oktabr oyining birinchi yarmida belgilangan yuksak marrani egallashga erishgan zarshunoslarimizning ana shu yutuqlari xayrli an’anaga aylanib ulgurgani buning yaqqol dalilidir. Joriy yilda tayyorlangan paxta hosilining 85 foizi fermer xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu bejiz emas. Zero, bunday salmoqli yutuqqa erishishda, avvalo, mamlakatimizda dehqon mehnatini qadrlash va rag‘batlantirish, yerga, mulkka egalik va manfaatdorlik tuyg‘usini qaror toptirish, eng muhimi, fermerlik harakatining yanada keng quloch yoyishi borasidagi izchil sa’y-harakatlar muhim omil bo‘lmoqda. Bu yil tayyorlov korxonalari bilan shartnoma tuzgan 85 mingdan ziyod fermer xo‘jaligining deyarli barchasi shartnoma majburiyatini ortig‘i bilan uddaladi. Vatanimizning ulkan xirmoniga, ayniqsa, Buxoro, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasi fermerlari katta hissa qo‘shdilar. Buxoro viloyatining Buxoro, Vobkent, Romitan, Qorovulbozor, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a, Amudaryo, Taxtako‘pir, Mo‘ynoq, Jizzax viloyatining Arnasoy, Do‘stlik, Paxtakor, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor, Nishon, Kasbi, Yakkabog‘ tumanlarida fermerlarning paxta tayyorlashdagi ulushi 100 foizni tashkil etgani alohida e’tiborga loyiq. Istiqlol yillarida yurtimizning yirik ilmiy tadqiqot institutlarida yuzdan ortiq ingichka va o‘rta tolali g‘o‘za navlari, jumladan, “Buxoro-6,” “S-6524”, “Namangan-77”, “Omad”, “Buxoro-8”, “Buxoro-102” kabi serhosil g‘o‘za navlari yaratilgani hosildorlikni keskin oshirish imkonini bermoqda. Ushbu navlar tezpisharligi, kasalliklar va zararkunanda hasharotlarga chidamliligi, tolasining sifati va jahon bozorida xaridorgirligi bilan ham ahamiyatlidir. Sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, qishloq xo‘jaligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasidagi ishlar ham bu yilgi muvaffaqiyatlarning garovi bo‘ldi. Joriy yilda yangi chopiq va transport traktorlari, tirkamalar, kultivator va chigit ekish agregatlari, purkagichlar, zanjirli haydov traktorlari yetkazib berish va ularning aksariyatini fermerlarga lizing shartnomasi asosida sotish borasidagi ibratli tajriba davom ettirildi. Dehqon va fermerlarni kredit resurslari, mineral o‘g‘itlar va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlash, turli zararkunanda hasharotlarga qarshi biologik usullarni qo‘llash kabi ishlarning to‘g‘ri va o‘z vaqtida tashkil etilgani Vatanimizning yuksak “oq oltin” xirmonini yaratishning yana bir manbaidir, desak, yanglishmaymiz. Ayni chog‘da, davlatimiz rahbari tomonidan paxta xomashyosi hamda tolasining sifatini xalqaro standartlar talablari darajasiga olib chiqish, uni zamonaviy bozor tamoyillari asosida sotishgacha bo‘lgan jarayonni isloh qilish ustuvor vazifa etib belgilangani sohadagi muvaffaqiyatlarda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hali dalalarimizda hosil mo‘l. Mirishkorlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilgan paxtaning qolgan qismini ham nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish borasidagi ishlari davom etmoqda.

Manba: www.uza.uz