Sirdaryo viloyati Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen hodisa oqibatida talofat ko‘rgan xo‘jaliklarda ekin ekish ishlari to‘g‘risida
09/06/2020 - 09:45 4753
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, “Sardoba” suv omboridagi fojia natijasida 108 ta fermer va qishloq xo‘jalik korxonasining jami 16 525 gektar yeri zararlangan. 9 734 gektar chigit, 6 821 gektar g‘alla, 231 gektar sabzavot ekinlari, 1 095 gektar poliz, 14 gektar kartoshka, 154 gektar bog‘ va 83 gektar bog‘ oralariga ekilgan sabzavot ekinlari suv ostida qolib, yaroqsiz holatga kelgan.
Bildirilishicha, yo‘qotilgan hosil o‘rnini qoplash va hudud aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash maqsadida zarar ko‘rgan ekin maydonlarining o‘rniga boshqa tuman yerlaridan qo‘shimcha ekish uchun 3 990 gektar yer maydoni ajratilib, hozirgacha 3 244 gektar maydonga ekish ishlari amalga oshirildi.
Shu bilan birga hudud iqtisodiyotini qayta tiklash, ijtimoiy ob'ektlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘iga muvofiq, joriy yil 17 aprelidan boshlab un mahsulotlarini aholi va boshqa aholi ehtiyoji uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida yetkazib berish bo‘yicha vaqtinchalik tartib joriy qilindi.
Mazkur tartib doirasida Sirdaryo viloyatiga joriy yil aprel-may oylarida jami 5 180 tonnadan ortiq un mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida yetkazib berildi. Shu bilan birga, joriy yilning iyun oyida 3 077,1 tonna un yetkazib berilishi mo‘ljallanmoqda.