O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik forumi ish boshladi
25/02/2020 - 18:53 3954
Bugun, 25 fevral kuni Xorazm viloyati Urganch shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi ikkinchi hududlararo hamkorlik forumi boshlandi.
Forum O‘zbekiston - Qozog‘iston o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hududlarning sanoat salohiyati va imkoniyatlari to‘g‘risida o‘zaro ma’lumot almashish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish va istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan.
Anjumanning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi F. Ermanov, Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari K. Torebaev, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari G‘. Jamolov, Qozog‘istonning Smart Siti tashkil qilish bo‘yicha Nur-Sulton shahri hokimi o‘rinbosari M. Bekturova va boshqa mehmonlar so‘zga chiqishdi.
Shundan so‘ng, forum o‘z ishini “Chegara hududlarida qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil qilish orqali investitsion hamkorlik qilish”, “O‘zbekiston va Qozog‘istonning investitsion-innovatsion jozibasini oshirish”, “Sanoat kooperatsiyasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari”, “Farmasevtika, yengil sanoat, agrosanoat sohasidagi hamkorlik”, “Inson kapitalining rivojlanishi”, “Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi mehnat migratsiyalari jarayonlarini tartibga solish”, “Madaniyat va turizm, innovatsiyalar, oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik” mavzularidagi sessiyalar shaklida davom ettirdi.
Forumning ikkinchi kunida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin ishtirok etishi kutilmoqda.