Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

24/02/2020 - 16:26 4353

2020 yilning 24 fevral kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5886-son Farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha 2020 yilda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda, qayd etilgan Farmonga asosan 2020 yil 1 yanvardan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi joriy etilgani ta’kidlandi. Unga muvofiq ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta’minlash maqsadida Moliya vazirligi pul mablag‘larini tijorat banklariga 15 yil muddatga bozor shartlari asosida joylashtiradi, shuningdek tijorat banklari aholiga o‘z mablag‘lari va Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ipoteka kreditlarini taqdim etadi.

Yangi tartibga asosan tijorat banklari tomonidan ipoteka kreditlari quyidagi shartlarda berilishi belgilandi:

  • bitta qarz oluvchiga beriladigan kreditning cheklangan miqdori belgilanadi;
  • qishloq joylarda - uy-joyning hisob qiymatidan 90 foizdan oshmagan miqdorda, 15 yilga, 10 foiz boshlang‘ich badal bilan;
  • shahar joylarda - uy-joyning hisob qiymatidan 80 foizdan oshmagan miqdorda, 15 yilga, 20 foiz boshlang‘ich badal bilan;
  • sotib olinadigan uy-joy qiymati uy-joyning hisob qiymatidan oshib ketgan taqdirda, farqi aholi tomonidan to‘lanadi.

Ipoteka kreditlari va Moliya vazirligi resurslari foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi o'zgarishiga qarab pasaygan taqdirda pasayadi, ko‘tarilganda o‘zgarmasdan qoladi.

Yangi tartib bo‘yicha davlat buyurtmachi bo‘lib o‘zi loyihani tayyorlab, o‘zi uy qurmaydi. Bu ish to‘liq xususiy pudratchilar tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat aholiga ipoteka kreditlarini ularga maqbul sharoitlarda berish orqali uy-joyga talabni yaratib, ipoteka bozorini rivojlantiradi.

Birinchidan, yangi tartib asosida tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z mablag‘i va boshqa jalb qilingan mablag‘lar hisobidan 2020 yilda hududlarning qishloq joylarida hamda viloyat shaharlari va Toshkent shahrida 17 ming 750 ta kvartirali uy-joylar qurilishini amalga oshiriladi. Bunda, uy-joy loyihasi hususiy pudratchi tashkilotlar tomonidan tayyorlanadi.

Ikkinchidan, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun yer uchastkalari tadbirkorlik sub’ektlariga:

- qishloq joylarda tender savdolarida yutib chiqqan tadbirkorlik sub’ektlariga yer maydonlari beg‘araz ajratib beriladi;

- Toshkent shahri va shaharlarda yer maydonlari pullik asosda «E-IJRO AUKSION» elektron auksion orqali beriladi. Bunda, muhandislik-transport kommunikatsiyalarini qurish elektron auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti tomonidan o‘z mablag‘lari va boshqa manbalar, hisobidan amalga oshiriladi.

Uchinchidan, aholining uy-joyga muxtoj kismini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi, eng muhimi, aniq manzilli tizim joriy etiladi.

Yangi tartibni amalga oshirishda uy-joylar aholi talabidan kelib chiqqan holda massiv shaklida quriladi.

Avvallari qishloq joylarida qurilayotgan ko‘p qavatli arzon uylar tarqoq joylashganligi sababli ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish va ularni saqlash xarajatlari hamda infratuzilma ob’ektlarini (yo‘l, ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi) o‘tkazish ishlariga ko‘p miqdorda mablag‘ talab etilar edi. Natijada, qurilgan uylar uzoq muddat o‘z xaridorlarini topmagan.

Endi esa, uy-joylar viloyat, tuman va shahar markazlariga tutash hamda infratuzilma ob’ektlari mavjud hududlarda har biri kamida 200 ta xonadonli ko‘p qavatli uydan iborat massiv shaklida quriladi.

Bu esa – infratuzilma xarajatini kamaytiradi, aholining iqtisodiy faolligini oshiradi, yerlardan samarali foydalanish imkonini beradi.

Yangi tartibning yana bir afzalligi – avvalgi yillarga o‘xshab uy-joylarni qurib, keyin unga xaridor qidirish oqibatida tayyor uylar yillab sotilmasdan qolishini oldini olish maqsadida shaharlarda qurilishni moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi.

Ya’ni tayyor qurilgan uy-joylarga talabgorlar ro‘yxati shakllantirilib, boshlang‘ich badal yig‘ilib, moliyalashtirish ochiladi.

Shuningdek, yangi tartib joriy etilishi natijasida loyihalash va qurilish ishlarini bajarishda raqobat muhiti shakllanadi hamda tadbirkorlik sub’ektlarining ishtiroki uchun qulay sharoit yaratiladi, qurilish materiallarini markazlashtirilgan tartibda yetkazib berish tizimi bekor qilinadi, barcha turdagi qurilish materiallari qurilish tashkiloti va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xarid qilinadi. Bu o‘z navbatida qurilish materiallari bevosita tadbirkorning o‘zi tomonidan sotib olinishi sababli qurilish materiallari bozorida raqobat rivojlanadi va uy-joylarning narxi va sifatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, qishloq joylarda ko‘p kvartirali uy-joylarni quruvchi tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘yiladigan malaka talablarini, tanlov savdolarini o‘tkazishda «qiymat — miqdor» mezonlaridan foydalanilishi, ya’ni xalqaro amaliyotni inobatga olgan holda quriladigan uy-joylarning 1 m.kv narxidan kelib chiqib tanlovarni o‘tkazilishi sog‘lom raqobat muhitini shakillanishiga va uylarning arzonlashishiga olib kelishi yuzasidan fikirlar bildirildi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida uy narxini arzonlashtirish va sifatini oshirish uchun innovatsion qurilish materiallarini ishlatish hamda energotejamkor va muqobil energiya manbalaridan foydalaniladigan yoritish va isitish tizimlari, uskuna, qurilma va moslamalar bilan jihozlash zarurligi ishtirokchilar tomonidan e’tirof etildi. Hususan, g‘isht o‘rniga gazobeton va penobetondan ishlatilsa, gaz sarfi 8 baravar kamayishi, issiqlik saqlash esa 5 baravar oshishi hamda bunda tuproq deyarli ishlatilmasligi sement va armatura uchun sarflanidigan xarajat qisqarishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish bilan bir qatorda, mamlakatimizda ishlab chiqilgan ayrim import o‘rnini bosuvchi va uyning qiymatini arzonlashtiruvchi mahsulotlarning ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Tadbir jarayonida qatnashgan ishtirokchilarga qabul qilingan farmonning mazmun mohiyati va uning doirasida davlat muassasalari tomonidan amalga oshiralidigan chora-tadbirlar to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar berildi.

Yig‘ilish ishtirokchilarini qiziqtirgan barcha savollariga tegishli javoblar Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Markaziy bank vakillari tomonidan taqdim etildi. Shuningdek, qabul qilingan farmon ijrosi yuzasidan xususiy pudrat tashkilotlari bilan fikr almashuvi bo‘lib o‘tdi.