O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi: to‘rtinchi kun tafsilotlari

21/11/2019 - 20:28 4756

O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining navbatdagi ish kuni ham sermahsul va sermazmun bo‘ldi. Elektron kooperatsiya birjasi portali orqali tuzilayotgan shartnomalar, kooperatsion aloqalarni mustahkamlash borasida o‘zaro fikr, axborot almanishuvlar ushbularni tasdiqlab turibdi.

Ma’lumot o‘rnida: 21 noyabr soat 18:00 holatiga portal foydalanuvchilari (ro‘yxatdan o‘tganlar) soni 12 733 ta, joylashtirilgan tovarlar soni esa 16 093 tani hamda tuzilgan shartnomalar soni 1 540 ta va ularning umumiy qiymati 614 838 mln.so‘mni tashkil etmoqda.

Bugun, tadbir doirasida Xalqaro savdo markazi (ITC) majlislar zalida tashkil etilgan taqdimotlar o‘z nihoyasiga etdi. Bo‘lib o‘tgan taqdimotlarda sanoat tarmoqlari tashkilotlari bilan bir qatorda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchilari hududlarning bu boradagi salohiyati va imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berdilar.

Joriy yilda mamlakatimizda jami 873 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 18,2 trln. so‘mlik mahalliylashtirilgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish belgilangan. Shuningdek, tarmoq tarkibiga kiruvchi korxonalarda 493 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 15,6 trln. so‘mlik va hududiy korxonalarda 380 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 2,5 trln. so‘mlik mahalliylashtirilgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish belgilangan. Muhimi, ushbu islohotlar natijasida yangi ish o‘rinlari yaratiladi, xalqimizning yashash tarzi yuksalib, farovonligi oshadi.

Ta’kidlash joizki, taqdimotlar yakunida sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ishtirokchilarining talablariga ko‘ra Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bo‘lim boshlig‘i Farrux Xo‘jamqulov tomonidan yana bir bor elektron portal haqida taqdimot o‘tkazilib, uning ahamiyati, qulayliklari xususida tushuntirildi. Shu o‘rinda, tadbir ishtirokchilari bu borada o‘z fikrlarini bildirib, qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.

Axborot xizmati