SANOAT YARMARKASI VA KOOPERATSIYA BIRJASI: birinchi kun tafsilotlari
18/11/2019 - 20:32 7097
Bugun poytaxtimizning “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati a’zolari ishtirok etishdi. Tadbirni Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jaev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Undan so‘ng tadbir qatnashchilari ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan namoyish etilayotgan mahsulotlar, butlovchi qismlar, materiallar va xom-ashyolar turlari bilan tanishdilar.
Ta’kidlash joizki, joriy yilda ko‘rgazma maydoni 18 ming kv.m. dan ziyodni tashkil etib, 1-4 pavilonlarni o‘z ichiga oldi. Ko‘rgazmada 1000 ga yaqin sanoat korxonalari o‘zlarining 10 000 tadan ortiq mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.
Shundan so‘ng, Iqtisodiyot va sanoat vaziri hamda Savdo-sanoat palatasi raisi ishtirokida sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus brifing tashkil etildi.
Kunning ikkinchi yarmida “O‘zekspomarkaz”ning Xalqaro savdo markazi (ITC) majlislar zalida Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “O‘zmetkombinat” AJ va “Gidro-Stanko-Servis” korxonasi kabi sanoat tarmoqlari tashkilotlari hamda Navoiy, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari tomonidan kun tartibi yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali (www.cooperation.uz) haqida ham taqdimot o‘tkazildi. Bunda barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning portalda mahsulotlarini sotishda va boshqa oldi-sotdi ishlarini amalga oshirishdagi qulayliklariga batafsil to‘xtalindi.
Bu o‘rinda shuni aytish joizki, elektron kooperatsiya portali faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha katnashchilar tomonidan qator takliflar bildirildi.
Eslatma: tadbirning ikkinchi kunida ham “O‘zekspomarkaz”ning Xalqaro savdo markazi (ITC) majlislar zalida soat 10:00 dan 16:00 gacha turli sanoat tarmoqlari tashkilotlari va viloyatlar hokimliklarining taqdimotlari bo‘lib o‘tadi. Barchangizning faol qatnashishingizni so‘rab qolamiz.
Axborot xizmati