Oboy ishlab chiqaruvchilar bilan davra suhbati
23/10/2019 - 16:22 5177
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi tashabbusi bilan oboy mahsulotini ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etilib, unda qator tegishli idoralar va bevosita ishlab chiqaruvchilar qatnashdi.
Uchrashuv ishtirokchilari oboy bozorining rivojlanishi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishdi. Konstruktiv muloqot davomida oboy ishlab chiqarish, import qilinadigan xomashyo va materiallarni mahalliylashtirish sohasida aniqlangan muammolarni hal etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Ta’kidlash joizki, uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 maydagi “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4335-son qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi. Xususan, davlatimiz rahbarining mazkur qarori bilan tasdiqlangan 2019-2025 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlariga muvofiq, oboylar va devorga yopishtirish uchun turdosh materiallar ishlab chiqarish hajmini 47 barobardan ortiq hajmga oshirilishi nazarda tutilgan.
Axborot xizmati