Tovar-xomashyo birjalari faoliyati samaradorligi oshiriladi
09/10/2019 - 14:37 5403
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi “Tovar-xomashyo birjalari faoliyati samaradorligini oshirish va birja savdosi mexanizmlarini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat O‘zAda e’lon qilingan.
Qarorda belgilangan tartibga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
- ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar yoki ustav fondi (kapitali)ning 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqariladigan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan o‘rnatiladigan kvotalar bo‘yicha faqat birja savdolari orqali eksport qilinadi;
- monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan texnik moy, omuxta yem, xo‘jalik sovuni, neft eritkichi, neft parafini va mis kuporosi ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta’minlangan holda realizatsiya qilinadi;
- mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta’minlangan holda realizatsiya qilinadi, respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarida joylashgan iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida o‘z savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmi bundan mustasno;
- monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan isitish yoqilg‘isi, yoqish mazuti, suyultirilgan gaz va neft bitumi faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta’minlangan holda realizatsiya qilinadi, maxsus iste’molchilarga o‘rnatilgan tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotiladigan hajmlar bundan mustasno;
- birja savdolariga qo‘yilishi lozim bo‘lgan, monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan ichki bozorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali realizatsiya qilinadigan yuqori likvidli va monopol mahsulot sotuvchilar tomonidan majburiy tartibda tovar-xomashyo birjalarida hisobga qo‘yiladi va ushbu ma’lumotlar tegishincha shartnoma tuzilgan va majburiyatlar bajarilgan vaqtdan boshlab uch kun muddatda birjaning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi;
- tovar-xomashyo birjalarida tomonlarning kelishuviga muvofiq birja savdolari qoidalari asosida chet el valyutasida import bitimlari tuzilishi mumkin. Bunda tuzilgan shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlar tovar-xomashyo birjalari tomonidan Valyuta operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritiladi.
Qarorning to‘liq matni
http://uza.uz/oz/documents/tovar-khomashye-birzhalari-faoliyati-samaradorligini-oshirish-09-10-2019