Tizim xodimlari malakasini oshirish davom etmoqda
11/09/2019 - 18:50 5680
Vazirlikda 10-11 sentabr kunlari “Tuman (shahar)da aholi turmush farovonligini oshirish hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishni rejalashtirish” mavzusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmalarining Ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va tahlil qilish yig‘ma bo‘limlari xodimlari hamda tumanlar va shaharlar bo‘limlarining ijtimoiy masalalar bo‘yicha shug‘ullanadigan xodimlari ishtirokida navbatdagi ikki kunlik seminar o‘quvi tashkil etildi.
O‘quv kursida tuman(shahar)dagi demografik holat, mehnat salohiyati va uni baholash uslubiyoti, aholi turmush darajasini ifodalovchi ko‘rsatkichlar va ularning tizimli tahlili, aholining umumiy daromadlari, iste’mol savatchasi tushunchasi va uning tarkibi, ijtimoiy infratuzilmani tashkil qilish, boshqarish va rivojlantirish tendensiyalari, tuman(shahar)ning ijtimoiy salohiyatini baholash hamda korrupsiya va unga qarshi kurash tadbirlari kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Ma’ruzalarni Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining olimlari va yuqori malakali ilmiy xodimlari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Ichki ishlar vazirligi akademiyasining professor-o‘qituvchilari olib borishdi.
Tinglovchilar o‘quvlarda ish faoliyatlariga doir zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini boyitib, malaka darajasini oshirganliklaridan mamnun. Shu bilan birga, joylarda sohaga oid ayrim muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirishdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur o‘quv kurslari “Iqtisodiyot va sanoat vazirligi quyi tizimi xodimlarini 2019 yilda malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv seminarlarini o‘tkazish jadvali”ga asosan tashkil etilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi o‘quv kurslari keyingi guruhlarda tumanlar va shaharlar bo‘limlarining xodimlari uchun noyabr oyiga qadar davom etadi.