O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4302-son Qarori yuzasidan ma'lumotnoma

22/05/2019 - 23:29 9006

Mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal rivojlantirishning muhim shartlari hisoblanadi.

Bu borada Prezidentimiz tomonidan korxonalar o‘rtasida barqaror kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va ularni kengaytirish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish, ushbu jarayonga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini faol jalb qilish zarurligiga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ichki bozordagi ehtiyojlar hajmlarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini amalga oshirish orqali sanoat kooperatsiyasini va talab yuqori bo‘lgan tovarlarning alohida turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish uchun foydalanilmayotgan imkoniyatlar hamon mavjud.

Shu bois, sanoat korxonalari orasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish bugungi sharoitimizda korxonalar va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyati barqarorligining kuchli omili bo‘lib xizmat qilishi darkor. Mahsulotlarning yangi turlarini o‘zlashtirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligi va daromadlarini ko‘paytirishning muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori qabul qilinishidan asosiy maqsad - mamlakatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, kichik biznes sub'yektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etish, ular orasida sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish hamda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini kamaytirishga erishishdir.

Qarorda O‘zbekiston Respublikasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning uzoq muddatga mo‘ljallangan quyidagi ustuvor yo‘nalishlar nazarda tutildi:

·    sanoat mahsulotlari bozorining barcha qatlamlaridagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni maqsadli jalb qilish, barcha manfaatdor doiralarga respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining turlari, texnik tavsiflari va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida batafsil ma'lumot berish orqali dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish va muntazam ravishda sanoat yarmarkalari o‘tkazish;

·    hamkorlar topish, xo‘jalik, shu jumladan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishning muhim vositasi sifatida elektron kooperatsiya portalining faoliyatini tashkil etish, unda sanoat mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha xo‘jalik shartnomalarini (kontraktlarni) tezkorlik bilan masofadan tuzish imkoniyatini taqdim qilish;

·    texnoparklar va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish, davlat xaridlari tizimi orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun barqaror talabni shakllantirishni nazarda tutadigan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish.

Aynan shuning uchun ham mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida 2000 yildan buyon 3 mingdan ziyod loyihalar amalga oshirildi, ilgari import bo‘yicha keltirilgan 4,8 mingdan ziyod yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Qarorda bugungi kunda Respublikamiz ichki bozorida talab yuqori bo‘lgan ximiya, rezina va plastmassa, metallurgiya, oziq-ovqat, trikotaj mahsulotlari, qurilish materiallarining 100 ga yaqin ro‘yxati shakllantirilgan. 

Qarorning yana bir ahamiyatli jihati shundan iboratki, unda 2019 yilda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan o‘zlashtirilishi tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallarning yangi turlarini o‘zlashtirgan korxonalarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan loyihani amalga oshirish uchun olingan kreditning 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdoriga kafillik berish va Ro‘yxat bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun tijorat banklari kreditlar foiz stavkalarining 5 foizgacha qoplash shaklida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Bunday chora-tadbirlarning amalga oshirilishi pirovardida kichik biznes sub'yektlarining yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirib, yangidan-yangi imkoniyatlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada, bir tomondan, yirik sanoat korxonalarining iqtisodiy samaradorligi oshsa, boshqa tomondan, kichik biznes sub'yektlarining ko‘payishi, ular ishlab chiqarish hajmi va daromadlarining sezilarli darajada o‘sishi, va eng muhimi, yangi ish o‘rinlarining tashkil etilib, bandlikning oshishi ta'sirida aholi farovonligi, turmush darajasi yuksalib boradi.