Sho‘rlangan joylarda qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini yetishtirishning zamonaviy uslublari

01/02/2019 - 20:16 10673

Sirdaryo viloyatining Guliston davlat universitetida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan respublika hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan “Sirdaryo viloyati sho‘rlangan hududlarida qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini yetishtirishning zamonaviy texnologiyalari” mavzuida xalqaro tashkilotlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumki, Sirdaryo viloyatining umumiy yer maydoni 427,6 ming gektarni tashkil etadi. Shundan 287,1 ming gektari sug‘oriladigan maydon hisoblanadi. Viloyatning meliorativ holati tahlil qilinganda 8,1 ming gektar maydon kuchli sho‘rlangan, 49,8 ming gektar maydon o‘rta darajada sho‘rlangan, 220,5 ming gektar maydon esa kam sho‘rlangan maydonlarni tashkil qilmoqda. Sizot suvlarining sathi o‘rtacha 1,5-2 metrni tashkil etadi. 

Qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini oshirish uchun kurashda eng muhim vazifalardan biri yerlarning sho‘rlanish darajasini pasaytirishdan iborat, chunki ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy ishlanmalariga ko‘ra, kam sho‘rlangan yerlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish sho‘rlanmagan yerlardagiga nisbatan hosildorlikni o‘rta hisobda 6-7 foizga, o‘rtacha va kuchli darajada sho‘rlangan yerlarda esa 40-50 foizga va undan ham ko‘proq pasayib ketishiga sabab bo‘ladi. Statistik ma'lumotlarga nazar tashlanganda, hududda yerlarning sho‘rlanish darajasi respublikada eng baland ko‘rsatkichlardan birini, umumiy sho‘rlangan maydonlar jami sug‘oriladigan yer maydonlarining qariyb 97 foizini tashkil etadi.

Tadbirda sohaning tegishli mutaxassislari va mutasaddilari tomonidan viloyatda qishloq xo‘jaligi Sirdaryo hududining eng asosiy ichki imkoniyatini tashkil etuvchi soha ekanligini nazarda tutgan holda aniq takliflar bayon etildi. Xususan, sho‘rlanishning oldini olish hamda unga qarshi kurashishda yerni tekislash, ixota daraxtzorlar barpo etish, sho‘rni yuvish, agrotexnika tadbirlaridan to‘g‘ri foydalanish va sho‘rlangan yerlarda qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishni to‘g‘ri belgilash bo‘yicha kompleks agromeliorativ chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta'kidlandi. 

Shu o‘rinda, mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish darajasini oshirish, yerning sho‘rlanish darajasini pasaytirish hamda xududning tuproq-iqlim sharoitiga mos urug‘chilik, seleksiya va naslchilikning eng ilg‘or texnologiyalari asosida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish masalalari ham eng asosiy vazifalardan biri ekanligi ta'kidlandi.

Mazkur davra suhbatida BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik tashkiloti (FAO) loyihasi rahbari, Osiyo taraqqiyot banki koordinatori, Jahon banki mutaxassisi, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot tashkilotlari assotsiatsiyasi xalqaro tashkiloti konsultanti, Xalqaro bioxilma-xillik instituti konsultantlaridan iborat xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etishib, o‘z yo‘nalishlari yuzasidan ma'ruzalar qilishdi.

Davra suhbati mulohaza va tashabbuslarga boy bo‘lib, mazmunli o‘tdi. 

Axborot xizmati