O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini amalga oshirish bo‘yicha uchinchi majlis yuzasidan press-reliz
14/12/2018 - 15:48 6448
2018-yil 14-dekabr kuni Toshkent shahridagi “City Palace Hotel” mehmonxonasida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini amalga oshirish bo‘yicha uchinchi majlis tashkil etildi.
Majlis ishida Yevropa Ittifoqidan 14 nafar va O‘zbekistonning vazirlik va muassasalari tomonidan 20 nafar vakil qatnashdi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va siyosiy sohalarda ikki tomonlama ijobiy o‘zgarishlar mavjudligini e'tirof etishdi.
Shuningdek, yoqilg‘i-energetika majmuasida texnik modernizatsiyalash va texnologik qayta jihozlash borasida, iqtisodiyot tarmoqlarining energiyaning ekologik toza manbalarini tatbiq etish, energiyaning muqobil manbalaridan, jumladan quyosh va shamol energiyalaridan foydalanishni rivojlantirish va kengaytirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish borasida hali to‘liq ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligi to‘g‘risida ham fikr yuritildi.
Yevropa Ittifoqi vakillari Yevropa Ittifoqining energetika siyosati, Yevropa investitsiya banki va Yevropa rekonstruksiya va taraqqiyot banki tomonidan amalga oshirilgan ishlar, IRENA xalqaro agentligining mintaqaviy strategiyasi bilan majlis ishtirokchilarini tanishtirdilar. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” va “O‘zbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyatlari hamda boshqa tashkilotlarning vakillari Yevropalik mehmonlarni energetika sohasida istiqboldagi o‘rta va uzoq muddatli rejalari bilan tanishtirib o‘tdilar.
Tomonlar O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning aniq yo‘nalishari bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildilar. Shuningdek, hamkorlik masalalarini tezkorlik bilan hal qilish maqsadida ikki taraf sub'yektlari o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishga kelishib oldilar.