Chimkent shahrida bo‘lib o‘tadigan hududlararo hamkorlikning Birinchi forumi haqida

14/11/2018 - 18:41 6832

2018-yil 15-noyabr kuni Chimkent shahrida Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida hududlararo hamkorlikning Birinchi forumi bo‘lib o‘tadi.

Forumda O‘zbekiston tomonidan vazirlik va idoralar vakillari, hududlar, tashkilotlar, kompaniyalar va xususiy ishbilarmon doiralar rahbarlaridan iborat 200 ga yaqin vakillar ishtirok etadi.

Forum o‘z ishini “Chegaradosh hududlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorliklarining istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlangan Ishbilarmonlar yig‘ilishi bilan boshlaydi. 

Forum doirasida to‘rtta shu'ba yig‘ilishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bular:

”Markaziy Osiyoda Buyuk Ipak yo‘lining yo‘laklari. Turizm rivojining zamonaviy bosqichlari”; 

“Yangi imkoniyatlar sari - yakdillikda”;

“Sanoat, transport va logistika sohasidagi hamkorlikning istiqbollari”;

“Agrarsanoat majmuasi sohasi va suvdan foydalanishning muqobil uslublarini  amaliyotga tatbiq etishda hamkorlikning istiqbollari”.

Shuningdek, chegaradosh hududlarning ishbilarmonlik doiralari tomonidan Kontaktlar birjasi ham o‘tkazilishi mo‘ljallangan. Bunda ko‘plab savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy shartnomalarga imzo chekish rejalashtirilgan.

Shu kunning o‘zidayoq O‘zbekiston va Qozog‘istonning sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi hamda O‘zbekistonning milliy taomlari festivali ham bo‘lib o‘tadi.

Axborot xizmati