Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari chet ellik jurnalistlarni qabul qildi
12/11/2018 - 18:36 7016
Bugun Iqtisodiyot vazirligida Shveysariyaning “Shveysariya radio va televideniyesi” hamda Avstriyaning “Die Presse” gazetasi kabi yetakchi ommaviy axborot vositalarining vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Chet el jurnalistlarini Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Bahrom Niyozmatov qabul qildi.
Vazirlikka tashrif buyurgan jurnalistlar O‘zbekiston Respublikasida oxirgi yillarda jadal sur'atlar bilan olib borilayotgan islohotlarga ijobiy nazar bilan qarar ekan, o‘zlarini qiziqtirgan ayrim savollarni o‘rtaga tashladilar.
Jumladan: O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti holatini, ya'ni kuchli tomonlari va qaysi sektorlarga ko‘proq e'tibor qaratish kerakligini hisobga olgan holda qanday tasvirlab bergan bo‘lardingiz;
yaqin yillarda iqtisodiyotning qaysi tarmoqlarini rivojlantirish Iqtisodiyot vazirligining ustuvor rejalariga kiradi;
O‘zbekiston o‘zining qadimgi betakror arxitektura yodgorliklari va tarixiga egaligi bilan jahonga mashhurdir. Shularni hisobga olgan holda, kelajakda turizm iqtisodiyotda qanday rolga ega bo‘lishi kerak;
kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus choralar ko‘rilmoqdami va bu yo‘nalishda kelgusida nimalar rejalashtirilgan;
vazirlik nuqtai nazaridan kelajakda iqtisodiyotning xususiy va davlat sektorlari orasidagi mutanosiblik qanday namoyon bo‘ladi; va shu kabi boshqa savollar muhokama qilindi.
Uchrashuvda vazirlikning turli yo‘nalishlardagi mas'ul mutaxassislari ham ishtirok etdilar.
Axborot xizmati