O‘zbekiston - Rossiya: hududlararo munosabatlar istiqbollari

11/10/2018 - 12:04 12498

Bugun mamlakatimiz taraqqiyotining asosini tashkil etgan Harakatlar strategiyasida o‘zaro manfaatli xalqaro aloqalar alohida o‘rin tutadi. 

Ma'lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik  munosabatlari jadal rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda. Ushbu hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida Prezidentimiz  Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz hududlarining Rossiya oblastlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkam aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Bu, ayniqsa joriy yilning 18-19-oktyabrida Toshkentda o‘tkazilishi  rejalashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik birinchi forumi (Forum) doirasida amalga oshiriladigan hayotiy loyihalarda ham o‘z aksini topadi.

O‘z navbatida joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar Rossiyaning ko‘pgina hududlarida bo‘lib, o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatib qaytishmoqda. 

Teng manfaatli hamkorlik

Rossiya O‘zbekistonning yirik savdo va investitsiyaviy hamkori hisoblanadi. Bugungi kunda neft-gaz majmui, mashinasozlik va elektrotexnika sanoati, to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalar tayyorlanib, amaliyotga tadbiq etilmoqda. Buni raqamlar ham tasdiqlaydi: O‘zbekiston MDH davlatlari o‘rtasida Rossiya bilan tovar aylanmasi bo‘yicha 4 o‘rinda turadi. 2017-yil yakunlariga bu ko‘rsatkich 3,6 milliard AQSH dollarini tashkil etdi va 33,9 foizga o‘sdi. 

Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha Rossiyaning mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 16 foizga to‘g‘ri keldi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2,5 milliard AQSH dollarini (eksport - 811 million, import - 1,7 milliard dollar) tashkil etdi.

Mamlakatimizda Rossiya Federatsiyasi kapitali ishtirokidagi 1200 ga yaqin korxonalar faoliyat yuritib kelmoqda. 

Istiqbolli hamkorlikning yana bir yorqin ifodasi - tomonlar imzolagan hukumatlararo bitimga muvofiq atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida strategik loyihani amalga oshirishga kirishildi.

Ma'lumki, davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarda hududlararo hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Hozirda mamlakatimiz xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari Rossiya Federatsiyasining o‘nlab yirik shaharlari va sanoati rivojlangan hududlaridagi korxonalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi integratsiya jarayonlarining chuqurlashuvi hududlarning bevosita iqtisodiy aloqalari ko‘lamining kengayishini taqozo etmoqda. Binobarin, bunday moslashuvchan bozor munosabatlari davlatlarimiz tajribasida o‘zining afzalliklarini kun sayin ko‘rsatib borayotir. 
 
Shu ma'noda Toshkentda o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik birinchi forumi (Forum) bevosita iqtisodiy aloqalar uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonchimiz komil.

Hududlararo  forum:
tashriflar, tajriba almashishlar, umidbaxsh g‘oyalar

Ilk marotaba o‘tkazilayotgan mazkur forum keng qamrovligi bilan ajralib turadi. Xususan, tadbirda ishtirok etayotgan kontingent darajasining yuqoriligi bilan ahamiyatlidir. Forumga tashrif buyurishi kutilayotgan rasmiy doiralar vakillari orasida Rossiya Federatsiyasining iqtisodiy rivojlanish, tashqi ishlar, qishloq xo‘jaligi, ta'lim va fan vazirlari, Savdo-sanoat palatasi raisi, Tatariston Respublikasi Prezidenti, shuningdek Altay o‘lkasi, Samara, Penza, Orenburg, Leningrad, Rostov, Chelyabinsk, Ivanovo, Nijegorodsk, Sverdlovsk, Novosibirsk, Tyumen, Novgorod, Astraxan kabi oblastlar gubernatorlarining borligi fikrimizning yorqin tasdig‘idir. Qolaversa, «Gazprom», «Kamaz», «Rosatom», «UralEnergoResurs», «Tatneft», «Renaissance heavy industry», «TYAJMASH», «Kombaynovыy zavod «Rostselmash» singari 750 dan ziyod nufuzli va yirik korxonalar, kompaniyalar, jamiyatlar, firmalar birinchi rahbarlarining qatnashishi tadbirning qanchalik dolzarbligini ham anglatadi.

Muhimi, unda ikki davlat rahbarining shaxsan ishtiroki Forum ishining samaradorligiga munosib hissa qo‘shadi.

Yana bir jihat. Ushbu Forumning o‘tkazilishi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga chiqqanligi bilan ham izohlanadi. Bo‘lajak Forum doirasida ikki davlatning hududlararo ko‘plab investitsion kelishuvlari imzolanishi kutilmoqda. Shuningdek, Rossiya hududlarida viloyatlarimiz savdo uylari va ulgurji taqsimot markazlari, qo‘shma korxonalar faoliyat yuritishini tashkillashtirish ham rejalashtirilgan.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida birinchi marotaba o‘tkazilayotgan mazkur Forum doirasida yirik summadagi qator eksport va import shartnomalari tuzilishi ko‘zda tutilmoqda. E'tiborlisi, ularning aksariyati O‘zbekistondan eksport qilinadigan mahsulotlar va xizmatlarga oid bitimlardir.

Agarda tuziladigan eksport shartnomalar tarkibi va yo‘nalishlarini kuzatadigan bo‘lsak, unda, asosan, yuqori sifatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, kimyoviy o‘g‘itlar, yengil avtomobillar, neft-kimyo, charm-poyabzal, oziq-ovqat, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari, tabiiy o‘tlar asosida tayyorlangan farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, transport hamda sayyohlik xizmatlarini ko‘rsatish ko‘zda tutiladi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bunday bevosita hududlararo munosabatlarning kengayishi ikki mamlakat ichki salohiyati va imkoniyatlarining to‘laqonli ishga solinishiga mustahkam poydevor yasaydi. 

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik birinchi forumi ushbu davlatlarning ko‘p qirrali va uzoq muddatli strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama mustahkamlanishiga va yanada rivojlanishiga xizmat qilishi, tabiiy. 

Obiddin MAHMUDOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi 
Axborot xizmati bosh mutaxassisi.