Mehnat qilib qadr topganlar

23/05/2018 - 18:43 7915

Mukofot muborak, aziz ustozlar!

Bugun jonajon vatanimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, iqtisodiy islohotlar o‘ziga xos mazmun-mohiyatga ega. Chunki bu bunyodkorliklar zamirida shu yurt, shu mamlakat uchun fidoiylik ko‘rsatayotgan, barakali va ibratli umrguzaronlik qilayotgan aziz yurtdoshlarimizning  samarali mehnati mujassam. Shunday ekan, bunday muhtaram insonlarning mehnati albatta, davlatimiz, xalqimiz tomonidan qadr topadi, e'tirof etiladi.

Shu ma'noda vazirlikda o‘tkazilgan bugungi tantanali tadbir jamoaning uzoq vaqt xotirasida saqlanib qoladigan bo‘ldi. Chunki mazkur tadbirda jamoa shu vazirlik faoliyati uchun qariyb 30-35 yillik umrlarini sarflagan ustozlarimizning mehnatiga Davlatimiz tomonidan qaratilgan katta e'tiborning guvohi bo‘lishdi.  Hamkasblarimizdan bir guruhi  I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanishdi.

Tadbirni Iqtisodiyot vaziri Botir Xo‘jayev ocharkan, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4906-sonli Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta'sis etish to‘g‘risida”gi PQ-3133-sonli qarorining ahamiyatiga batafsil to‘xtaldi.

Shundan so‘ng vazirligimizning bir guruh eng tajribali, malakali xodimlarini ushbu mukofot bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shunday qilib, ustozlarimizdan Obid Umarov - I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni, Nataliya Mamadjanova - II darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni va Baxtiyor Mahmudov - III darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Mukofotlarni Iqtisodiyot vaziri  B. Xo‘jayev tantanali topshirarkan, ularning har birining vazirlik ravnaqiga qo‘shgan ko‘p yillik xolis mehnatlarini alohida e'tirof etib o‘tdi. 

Vazirlik jamoasi nomidan R. Narimov, O. Mahmudov,  A. Solihov, J. Shukurov hamda B. Usmonovlar so‘zga chiqib, ustozlarni qizg‘in tabriklashdi. So‘zga chiquvchilarning har biri bu tajribali, malakali insonlarning o‘zlariga ustozlik qilgani uchun minnatdorchiliklarini bildirishib, ularga uzoq umr, barakotli turmush va mustahkam sog‘liq tilashdi.

Quyida tadbirdan olingan suratlar jamlanmasi ilova qilinadi.

Axborot xizmati