Tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
31/10/2017 - 18:32 7867
Kuni kecha vazirlikda mo‘tabar zamondoshlarimizdan biri, ustozimiz Zadorojnaya Raisa Andreyevna bilan mehnat faoliyatining tugaganligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Raisa Andreyevna, asli ukrain millatiga mansub bo‘lib, bir umr O‘zbekistonda yashab, o‘zining halol va xolis xizmatlarini davlat ravnaqi, xalqimizning farovon turmushi yo‘lida samarali mehnat qilib kelmoqda. “Sog‘liqni saqlash a'lochisi” nishondori sog‘liqni saqlash va ta'limni rivojlantirish yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida yoshlarning mehribon maslahatgo‘yi, talabchan ustozi sifatida faoliyat ko‘rsatib, yuzlab shogirdlarni voyaga yetkazganlar.
Tabiatan muloyim va mehribon, nigohida mehr, xulq-atvorida odamiylik xislatlari barq etib turgan, fidokorona xizmatlari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangan - “Do‘stlik” ordeni sohibasi, allaqachon jamoaning hurmatli va sevimli insoniga aylanib ulgurgan. Bu tabarruk yurtdoshimizni jamoada o‘zgacha mehr va ehtirom bilan “Raisa onaxonimiz” deya tilga olishadi.
Raisa Andreyevna sevimli kasbdoshlari, jamoadoshlari bilan xayrlasharkan, qalbining tubidagi quyidagi samimiy so‘zlarni aytdi:
Men bilgan va yashayotgan diyor - O‘zbekiston xalqi mehru muruvvatining cheki yo‘q, bir-biriga oqibatli, mehmondo‘st, tinchlikparvar, saxovatpesha el. Topgan bir burda nonini siz bilan baham ko‘radi, qayg‘ungizga sherik, dardingizga malham, shod kunlaringizda ishonchli hamdam bo‘la oladi.
* * *
Hayotim davomida o‘n ming, yuz minglab kishilar bilan uchrashdim, hamsuhbat bo‘ldim, ulardan ma'naviy ko‘mak oldim, o‘zim ham ularga qaysidir ma'noda yordam qo‘lini cho‘zdim. Va shuni angladimki, bu olamda millati, irqi, diniy mansubligi, dunyo qarashidan qat'iy nazar, odam odamga kerak ekan, inson inson bilan tirik ekan. Ayniqsa, bugungi, bir tomondan, umuminsoniy globallashuv jarayoni davom etayotgan, ikkinchi tomondan, dunyoning turli nuqtalarida odamlar o‘rtasidagi urush, nifoq, o‘zaro kelishilmovchiliklar yuz berayotgan bir paytda, O‘zbekistonda yuzdan ortiq millat va elat vakillarining o‘zaro hamjihat bo‘lib, tinchlik va totuvlikda yashashi, bu umuminsoniy qadriyatlarning mohiyatini anglashda muhim ahamiyat ega.
* * *
Shaxsan men, tug‘ilgan joyim boshqa yurt hisoblansa-da, lekin umrimning ongli davri O‘zbekistonda o‘tganidan, o‘tayotganidan, shu yerda unib-o‘sib, odamlar hurmatiga, qolaversa, davlatimiz darajasida e'tiborga sazovor bo‘lganimdan taqdirimga shukronalar aytaman.
* * *
Hech mubolag‘asiz, aytishim mumkinki, hayotimni qaytadan yashash imkoni bo‘lganida, albatta, ikkilanishsiz, men uchun umrim mazmuniga aylangan muqaddas diyor - O‘zbekistonni, shu go‘shada siz kabi, aziz yurtdoshlar bilan imin-erkinlikdagi osuda hayotni tanlagan bo‘lar edim... Ayting, axir, bunday jannatmonand yurtni, unda umrguzaronlik qilayotgan bunday olijanob hazrati insonlarni qanday sevmay bo‘ladi?!