Ozod va obod vatanda farovon yashash baxti
29/08/2017 - 20:09 8003
Bugun vazirlik markaziy apparati hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlar xodimlari ishtirokida navbatdagi ma'naviy-ma'rifiy yo‘nalishida mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi. Bu galgi ma'naviy tadbirning mavzusi «Mustaqil davlatimizning yangi istiqbollari» deb nomlandi.
Ma'ruzachi - O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti kafedra mudiri, siyosatshunoslik fanlari doktori, professor, muhtaram yurtdoshimiz Narzulla Qosimovich Jo‘rayev yig‘ilish qatnashchilariga ona Vatanimizning istiqloli bilan bog‘liq tarixidan gapirib berdi. Notiq o‘z so‘zida mamlakatimizning mustaqillikka erishishi o‘z-o‘zidan bo‘lmaganini, o‘tgan yigirma olti yil ichida xom ashyo yetishtirib beruvchi qoloq bir respublikadan dunyoning rivojlangan davlatlari bilan teng manfaatli munosabatlarni o‘rnata olgan qudratli O‘zbekistonga aylanib borishiga turtki bo‘lgan asosiy omillariga, ayniqsa, uning ma'naviy jihatlariga batafsil to‘xtalib o‘tdi. U o‘z chiqishida o‘sha davr bilan bog‘liq tarixiy dalil va misollar orqali yurtimizga nasib etgan ulug‘ ne'mat - Istiqlolning mazmun-mohiyatiga chuqur nazar soldi.
Ma'ruzachi mustaqil davlatimizning bugungi, yangi istiqbollariga to‘xtalarkan, Vatanimiz taraqqiyotini yanada yuksaltirishga qaratilgan Harakatlar Strategiyasida ko‘zda tutilgan masalalar mohiyatiga alohida urg‘u berdi. Bugun butun yurtimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, bunyodkorliklar xususida turli dalil va misollar bilan o‘z fikrlarini to‘ldirdi.
Ma'ruza so‘nggida vazirligimiz mutasaddi va mutaxassislari ham mavzu yuzasidan o‘zlarining fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbir mazmunga boy, ko‘tarinkilik ruhida bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik axborot xizmati