Imkoniyatlar kengaytiriladi, himoya kafolatlanadi

27/07/2017 - 17:04 19579

2017 - 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ishbilarmonlik muhitini yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 60 dan ziyod chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish bosh­qarmasi boshlig‘i Dilshod ABDUAZIZOV bilan muxbirimiz ushbu masalalar xususida suhbatlashdi.

- Avvalo, ishbilarmonlik va tadbirkorlikni himoya etishning huquqiy asoslari, ular uchun yaratilayotgan imtiyozlar haqi­da to‘xtalsangiz.

- Bugunga qadar yurtimizda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlarni vujudga keltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 3 qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20 dan ortiq farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 25-qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga muvofiq, mikrokreditlash uchun qamrab olinadigan shaxslar orasida o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan jismoniy shaxslar, mehnat organlarida ro‘yxatga olingan band bo‘lmagan fuqarolar, oilaviy va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan aholi, shuningdek, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tavsiyanomalari bo‘yicha ishga joylashishga ehtiyojmand bo‘lgan boshqa shaxslar mikrokreditlar summasi eng kam ish haqi (EKIH)ning 200 barobarigacha asosiy qarzni to‘lash uchun 6 oylik imtiyozli muddat bilan 3 yilgacha, yaratgan yangi ish joyi soniga qarab, 6 foizdan 9 foizgacha kredit olish huquqlariga ega bo‘ldilar. Ya'ni, qo‘lida yetarli mablag‘i bo‘lmay turib, ish boshlayotgan ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolarga kredit olish masalalarida ham yangiliklar ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, yangi ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik sub'yektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish mexanizmi soddalashtirildi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ta'minot turlari bilan bir qatorda fuqarolarning o‘zini o‘zi bosh­qarish organlarining kafilligi asosida hamda uzoq va borish qiyin bo‘lgan, shuningdek mehnat resurslari ortiqcha bo‘lgan hududlarda imtiyozli kredit berish maxsus jamg‘armasi hisobidan EKIHning 20 barobaridan 100 barobarigacha miqdorda mikrokreditlar ajratish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 2021-yilning 1 yanvarigacha ro‘yxatdan o‘tgan va alohida faoliyat turlari bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar mikrokreditlarni rasmiylashtirishda (EKIHning 20 yoki 60 barobarigacha) 6 oy muddatga qat'iy belgilangan soliq to‘lovlaridan ozod etildi.

Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimini takomillashtirish borasida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. 

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish kechayu kunduz Internet tarmog‘idagi Davlat interaktiv xizmatlari yagona portaliga integratsiyalashgan tizim orqali amalga oshirilmoqda. Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, shu kunga qadar respublikamizda 1644 ta yakka tartibdagi tadbirkor hamda 1506 ta yuridik shaxs mazkur tizim imkoniyatlaridan foydalangan holda, masofadan turib ro‘yxatdan o‘tdi. Shu yilning o‘zida faqat «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatiladigan qo‘shimcha davlat xizmatlari soni 18 taga ko‘payib, 2018-2020-yillarda bosqichma-bosqich joriy etish orqali ularning sonini 68 tagacha ko‘paytirish nazarda tutilgan.

Bu yerda yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, ruxsatnoma va litsenziyalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni «Litsenziya» axborot tizimlari kompleksi doirasida olish imkoniyatini yaratish yo‘li bilan «yagona darcha» markazlari orqali qog‘oz shaklida beriladigan maxsus blankalardagi ruxsatnoma va litsenziya­larni majburiy rasmiylashtirish talabi 2018-yil 1-yanvardan boshlab bekor qilinadigan bo‘ldi.

- Yaqinda Savdo-sanoat palatasi tizimi tubdan isloh etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad haqida kengroq tushuncha bersangiz.

- To‘g‘risini aytish kerak, ayrim tuzilmalarda ish yuritish usuli davr talabidan ancha ortda qolib ketayotgan edi. Shuning uchun biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirish zarurati tug‘ildi.

Xususan, Savdo-sanoat palatasi tizimi tubdan qayta isloh etilib, unga muvofiq palata me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash to‘g‘risidagi xulosani berish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Bundan tashqari, nazorat organlari tomonidan rejalashtirilgan tekshiruvlar haqida avvaldan Savdo-sanoat palatasiga xabar berilishi, shuningdek, davlat organlari, jumladan, nazorat va huquqni muhofaza qilish organlari huzurida tashkil etiladigan jamoat maslahat kengashlari tarkibiga Savdo-sanoat palatasi vakillarining kiritilishi tartibi joriy etildi. Eng muhimi, endilikda palata jinoiy ishlar bo‘yicha amaliyotda jamoat himoyachilari sifatida ishtirok etish, qolaversa, davlat organlarining vakolatli shaxslari qarorlari, harakati yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlar bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari nomidan sud jarayonining istalgan bosqichida ishtirok etish, shuningdek, shikoyat arizalari bilan bir qatorda apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlari, arizalar, jumladan nazorat tartibida rad etish to‘g‘risidagi xatlarni taqdim etish huquqiga ega bo‘ldi.

Endilikda palata tarkibida viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida, tumanlar va shaharlardagi bo‘limlari bilan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.

Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad - tadbirkorlik sub'yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, axborot ta'minoti, davlat xizmatlaridan foydalanishda ko‘mak berish, biznes-rejalar ishlab chiqish, shuningdek, lizing, sug‘urta va baholash xizmatlaridan foydalanish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash kabi ko‘plab masalalarda ko‘maklashishdan iboratdir.

- Zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Bugungi tezkor islohotlar tadbirkorlikka yanada keng erkinlik va imkoniyat berishni talab etmoqda, nazarimda. So‘nggi paytlarda ko‘plab qarorlar qabul qilinganiga qaramay, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida to‘siqlar hali ham mavjud. Bu haqda Prezidentimiz joriy yilning 4 iyulida bo‘lib etgan Vazirlar Mahkamasining ayrim kom­plekslari yig‘ilishida ham alohida qayd etib o‘tdi. Bu xususda ham o‘z fikringizni bildirsangiz.

- Hali bu borada qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Masalan, birgina yer ajratish masalasi bo‘yicha oz emas, ko‘p emas, 8 ta alohida tartibning mavjudligi, bu ham yetmagandek, ushbu masala bo‘yicha 19 ta idoraning ruxsati yoki kelishuvi talab etilishining o‘ziyoq tadbirkorlik sub'yektlari uchun qulay biznes muhit haqida gapirishga hali erta ekanligidan dalolat beradi.

Shu boisdan, vazirligimiz tomonidan kichik biznes, xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyatidagi barcha muammolarni batafsil tahlil qilib, ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olgan holda, mamlakatimizda bu soha rivojiga keskin turtki beradigan takliflarni ishlab chiqishga kirishildi. Vazirlik saytida, qolaversa, ommabop internet-nashrlar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali tadbirkorlar bilan bevosita muloqot o‘rnatilib, ularni qiynab kelayotgan muammoli masalalarning tub mohiyatiga yetib borish, erkin biznes faoliyati yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan turli byurokratik to‘siqlarni uzil-kesil bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Ayni payt­da vazirligimiz va hududiy bo‘linmalarimiz xodimlari har kuni tadbirkorlar bilan bevosita yuzma-yuz muloqot qilib, ularning fikrlarini o‘rganib borishmoqda.

Bu jarayonda tadbirkorlarimizning faol ishtirok etayotganlari, ayniqsa, quvonarlidir. O‘tgan qisqa davr mobaynida yuzdan ziyod takliflar kelib tushganini e'tirof etish zarur. Tadbirkorlik qancha rivojlansa, shuncha ko‘p ish o‘rinlari yaratiladi. Bandlik muammosiga yechim topiladi. Bularning barchasi xalqimiz manfaatiga xizmat qiladi.
 
«O‘zbekiston ovozi» gazetasi Vazirlik Axborot xizmati bilan hamkorlikda