Yangi loyihalar – farovonlikka xizmat qiladi
27/07/2017 - 10:06 8620
Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida "Qo‘qon" erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish ishlari boshlandi.
Ayni paytda ma’muriy bino, logistika markazi qurish, elektr-energiyasi, suv, tabiiy gaz va aloqa ta’minotini ta’minlash ishlari avjida. Zonaga keladigan 19 kilometr uzunlikdagi avtomobil va temir yo‘l infratuzilmasini barpo etish ham ko‘zda tutilgan.
Bu yerda sug‘urta, bojxona, soliq, logistika, bank va viza xizmatlarining “Yagona darcha” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilayotgani tadbirkorlik subyektlari uchun qulaylik yaratadi. “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi viloyatda tadbirkorlik faoliyatining yanada jadal rivojlanishi va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
– Mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, turli imtiyoz va imkoniyatlar kengaytirilayotgani iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori Avazjon Rahmonov. – Iqtisodiy zonada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlashga ixtisoslashgan sexlar quriladi. To‘qimachilik, gilamdo‘zlik, charm-poyabzal, kimyo va neft-kimyo, qurilish materiallari, elektrotexnika, mashinasozlik va ehtiyot qismlar, mebel, qog‘oz, farmatsevtika, oziq-ovqat korxonalari tashkil etiladi.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida tatbiq etish uchun tadbirkorlar tomonidan ayni paytgacha 145 loyiha taqdim etilgan. Har bir loyiha mutaxassislar tomonidan belgilangan talablar asosida o‘rganilmoqda. Hozirda 61 loyiha istiqbolli, deb topildi.
Charm-poyabzal yo‘nalishida “Qo‘qon charm-poyabzal” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan oyoq kiyimlar uchun taglik ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerda yiliga 3 ming tonna mahsulot tayyorlanadi. 30 milliard so‘mlik mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida 200 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.
– Erkin iqtisodiy zonada yaratilgan imtiyozlar bizga katta imkoniyatlar bermoqda, – deydi “Rayora textle” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rashid Shamatov. – Bu yerda yengil sanoat yo‘nalishida biznes loyihamizni amalga oshirmoqchimiz. Yiliga 500 ming dona tikuvchilik mahsulotlari, mato tayyorlash hamda yengil sanoat mahsulotlari uchun bo‘yoq jarayonida ishlatiladigan elementlar ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Bu mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltiriladi.
Bularning barchasi viloyat iqtisodiy salohiyatining yuksalishi, yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilishi, eng muhimi, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur loyihalar sharofati bilan hudud infratuzilmasi, me’moriy qiyofasi hamda kommunikatsiya tarmoqlari takomillashadi.
Manba: O‘zA