Mozori Sharifda “Artel” mahsulotlari taqdimoti

13/07/2017 - 11:10 8496

Yaqinda Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatadigan “Artel” kompaniyasi maishiy texnika vositalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda 100 nafardan ziyod tadbirkor hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, avvalo, keng jamoatchilikni va biznes doiralar vakillarini mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy sanoat mahsulotlarining turlari hamda bu sohadagi imkoniyatlarimiz bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash, xususiy tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro sherikchilik aloqalarini o‘rnatishdan iboratdir.

Taqdimot chog‘ida “Artel” tomonidan ishlab chiqarilgan maishiy texnika vositalarining 50 dan ortiq turi, ularning texnik xususiyatlari hamda kompaniyaning imkoniyatlari haqidagi batafsil ma’lumotlar ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi.

“Bobur Samim” kompaniyasi (“Artel”ning hududiy distribyutorlik markazi) bo‘lim boshlig‘i Habibullo Mustafoning ta’kidlashicha, mazkur kompaniya brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Afg‘onistonning sharqiy hududlaridagi bozorlarda qisqa davr ichida munosib o‘rinni egalladi. Bugungi kunga kelib ularga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda.

Shu o‘rinda H.Mustafo mamlakatimiz iqtisodiyotining ko‘plab sohalarida erishilgan muvaffaqiyatlarni yuqori baholar ekan, o‘zbekistonlik va afg‘onistonlik tadbirkorlarni o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga chaqirdi.

Manba: “Jahon” AA