2018-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozini ishlab chiqish ishlari jadal olib borilmoqda

15/06/2017 - 18:41 9483

Ma'lumki, mamlakatning makroiqtisodiy prognoz ko‘rsatkichlarini sifatli ishlab chiqish va samarali ijrosini ta'minlash o‘ta muhim vazifalardan sanaladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi asosida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan vazirliklar, idoralar, hududiy boshqaruv organlari hamda korxonalar bilan birgalikda 2018-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ishlab chiqish jadal sur'atlarda olib borilmoqda.

Xususan, 2018-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozini o‘z vaqtida shakllantirish Idoralararo ishchi guruhi tashkil etilgan bo‘lib, unga tegishli vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, prognozning har bir qismini asosli hamda to‘liq ishlab chiqishni ta'minlash uchun har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida kichik ishchi guruhlari tashkil etilgan. Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, investitsiya dasturi va qurilish ishlari, tashqi iqtisodiy faoliyat, monetar va pul agregatlari ko‘rsatkichlari, byudjet siyosatini shakllantirish va ijtimoiy sohani rivojlantirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha ishchi guruhlari shular jumlasidandir.

Iqtisodiyot vazirligining mutasaddi boshqarma va bo‘limlari tomonidan 2018-yilgi  ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ishlab chiqish uchun iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha jadval-maketlari ishlab chiqilgan. Ushbu jadvallar tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimiyatlariga yetkazilgan.

2018-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ishlab chiqish ishlari puxta va asoslangan tarzda joylardagi haqiqiy holatni chuqur tahlil qilish, tuman, shahar, korxona darajasidan viloyat va tarmoq darajasiga, so‘ng respublika miqyosiga tamoyili asosida tashkil etilgan.

2018-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini sifatli ishlab chiqilishini ta'minlash maqsadida, shu yilning 1-mayidan 12-mayigacha har bir hududda amaliy seminarlar bo‘lib o‘tdi.

Amaliy seminar mashg‘ulotlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmalari, tuman hamda shahar iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlari, mutassaddi vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning xodimlari ishtirok etishdi.

Seminar ishtirokchilari prognozlarni shakllantirishning metodologik asoslari, prognozlarni puxta va sifatli tayyorlashning mexanizmlari, xorijiy tajriba va O‘zbekiston amaliyotining o‘ziga xos jihatlari haqida atroflicha fikr almashishdi.