Farg‘ona viloyatida eng yaxshi tadbirkor, fermer va hunarmand aniqlandi

04/05/2017 - 10:53 8351

Farg‘onada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 55 tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi. 

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlik harakati va milliy hunarmandlikni rivojlantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida yalpi ichki mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi yil sayin oshayotir. Fermerlik qishloq xo‘jaligida hal qiluvchi kuchga aylandi. Sohada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning qariyb barchasi fermer xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan 19 mingga yaqin kichik biznes subyektining yalpi hududiy mahsulot tarkibidagi ulushi 64,3 foizni, aholi bandligidagi ulushi 81 foizni tashkil etmoqda. 

An’anaviy “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi faol va ishbilarmon yurtdoshlarimiz faoliyatini keng targ‘ib etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 925 tadbirkorlik subyekti ishtirok etib, ular ishlab chiqargan sanoat va iste’mol tovarlari, oziq-ovqat mahsulotlari, hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda taqdim etilgan turli sanoat mahsulotlari, hunarmandlik buyumlari sifat jihatidan xorijnikidan aslo qolishmasligi bilan alohida e’tirofga loyiq. 

Buvayda tumanidagi “Nurafshon ziyo teks”, Qo‘qon shahridagi “Baraka biznes”, Toshloq tumanidagi “Merfen-co”, Furqat tumanidagi “Kelajak sifat teks” kabi korxonalar mahsulotlari barchaga manzur bo‘ldi. Tanlovda tadbirkor, fermer va hunarmandlar tomonidan 15 dan ortiq turdagi yangi mahsulotlar namoyish etildi. 

Marg‘ilon shahridagi “Muhammad salom omina” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdurahmon Yo‘ldoshev “Eng yaxshi tadbirkor”, Rishton tumanidagi “Ixtiyor SMIK” fermer xo‘jaligi rahbari Mo‘tabar Ahmedova “Eng yaxshi fermer”, Rishton tumanidan kulol Shohrux Bozorboyev “Eng yaxshi hunarmand” yo‘nalishlarida birinchi o‘rinni egalladi. 

Tanlovda bir qator qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi. 

Manba: O‘zA