Qozog‘istonda O‘zbekiston sanoatining salohiyati namoyish etildi

24/03/2017 - 11:56 8443

Ostona shahrida O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz sanoat korxona va kompaniyalari o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etdi. 

Mamlakatimizda sanoat korxonalarini tashkil etish, xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarini eksport qilishga ko‘maklashish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, yurtimiz eksport salohiyatini muttasil oshirish imkonini berayotir. 

O‘zbekiston sanoat mahsulotlari jahon bozorlarida mustahkam o‘rin egallamoqda. Mamlakatimiz korxonalarida oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, qurilish materiallari, yuqori texnologiyali zamonaviy texnika va boshqa tovarlar ishlab chiqarilmoqda. Xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlanayotgan ushbu mahsulotlarga xorijiy davlatlarda talab katta. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ma’lum qilishlaricha, o‘tkazilgan mazkur sanoat ko‘rgazmasida mamlakatimiz tadbirkorlari jamg‘arma ko‘magida Qozog‘istonga to‘qimachilik, meva-sabzavot, oziq-ovqat, mebel va qurilish materiallari yetkazib berish bo‘yicha qiymati 24 million dollardan ziyod qariyb yigirmaga yaqin eksport shartnomasi tuzgan. Ko‘rgazmaga kelganlar savdo, iqtisodiyot sohasida mamlakatimiz imkoniyati va salohiyati, biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, jamg‘armaning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini oshirish, eksport faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyati hamda xizmatlari bilan tanishtirildi. 

Ko‘rgazmada Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Qozog‘istonning yirik savdo tarmoqlari, uyushma va kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Qo‘shni davlat tadbirkorlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatining yuqoriligini va mamlakatimiz kompaniyalari bilan uzoq muddatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Xususan, muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qozog‘istonning «Agromaks Ostona» kompaniyasi bilan ushbu davlatda konservalangan palov tayyorlashni tashkil etish, yurtimizda ishlab chiqarilgan quritilgan va konservalangan meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. «Darxan Grup» (Qozog‘iston) kompaniyasi vakillari maxsus kiyim-kechak, qurilish qo‘lqoplari, kabel va boshqa mahsulotlar sotib olish maqsadida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdor ekanini bildirdi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi "Kazakhexport" eksport sug‘urta kompaniyasi", "KAZNEX INVEST" eksport va import milliy agentligi" aksiyadorlik jamiyatlari, "Meva-sabzavot birlashmasi" xalqaro assotsiatsiyasi va Qozog‘iston savdo korxonalari assotsiatsiyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzoladi. Mazkur hujjatlarda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Qozog‘iston bozorlariga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va ularning nizom jamg‘armasida ishtirok etish, loyihalarni moliyalashtirish, hamkorlikda biznes-forumlar, kooperatsiya birja va boshqa tadbirlar o‘tkazish, ko‘rgazma hamda yarmarkalarda qatnashish, ishonchli sheriklar topish, marketing tadqiqotlar va boshqa ko‘plab tadbirlar tashkil etish orqali O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada faollashtirish ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekistonning Qozog‘istonda o‘tkazilgan milliy sanoat ko‘rgazmasida tuzilgan shartnomalar va erishilgan kelishuvlar eksport hajmini yanada oshirish va ko‘lamini kengaytirish, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. 

Manba: O‘zA