Ozodalikda fayz bor, tarovot bor!

11/03/2017 - 10:44 8099

Go‘zal va betakror milliy qadriyatlarimizni tarannum etuvchi bahor bayrami - Navro‘z oldidan butun yurtimizda singari iqtisodiyot vazirligida ham umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tdi. Unda jamoaning barcha a'zolari erta tongdan vazirlikka yetib kelishib, vazirlik binosi atrofini obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi 208-f-sonli farmoyishi hamda uning ijrosini ta'minlash maqsadida Iqtisodiyot vazirining 2017-yil 10-martdagi 20-sonli buyrug‘i asosida tashkil etilgan ushbu umumxalq xayriya tadbiri xalqimizning bag‘rikenglik, hamjihatlik, insonparvarlik, o‘zaro hurmat, poklik va ozodalikni saqlash kabi olijanob fazilatlarini yana bir bor namoyon qildi.
 
Darhaqiqat, bugun Iqtisodiyot vazirligida ham o‘zgacha shukuh. Erta tongdan vazirlik xodimlari shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish, fayzli diyorimizning bayramoldi taraddudlariga o‘z hissalarini qo‘shishga bel bog‘lab keldilar.
 
Umumxalq xayriya hasharida vazirlik binosi atrofidagi maydonlar tozalandi, daraxtlarga shakl berildi va oqlandi. Shuningdek, yo‘lkalarning hoshiyalari oqlanib, chiqindilar olib tashlanib, suvlar sepildi. Zero, ozodalikda fayz bor, tarovot bor.

Vazirlik Axborot xizmati