Tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
07/03/2017 - 17:34 7843
Yangilanish, yasharish fasli bo‘lmish bahor bilan birga betakror bayramlarimiz ham kirib keladi.
Bahor go‘zallik timsolidir! Balki shu sababli ham xotin-qizlar bayrami aynan shu faslda nishonlansa kerak. Darhaqiqat, biz ayolga boqqanimizda uning go‘zalligi, nozik jussasidagi jasorat, fidoyilikni ko‘rib hayratga tushamiz va beixtiyor ular sha'niga tasannolar aytamiz!
Bugun Iqtisodiyot vazirligida ham nozik xilqat vakilalarini tantanali qutlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlikda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni tabriklash uchun vazirlik jamoasi ishtirok etishdi.
Tadbirni vazir o‘rinbosari Dilmurod Turdiyev ochib, yig‘ilganlarni ko‘klam fasli hamda 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan samimiy qutladi. Shundan so‘ng vazir o‘rinbosari Shuhrat Ismoilov so‘z olib, ayollarning jamiyatimizda tutgan o‘rni va ular ko‘rsatayotgan shijoati haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Tadbirda jamoa xotin-qizlariga esdalik sovg‘alar topshirildi.
Tadbir so‘nggida vazir Galina Saidova va boshqa xotin-qizlar so‘zga chiqishib, bugungi kunda mamlakatimizda ayollarimizga yaratilgan shart-sharoitlardan mamnunliklarini, ushbu tadbir ham aynan ana shu e'tibor va g‘amxo‘rlikning namunasi ekanini samimiy e'tirof etishdi.
Axborot xizmati