«Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi avvalo barqaror ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi

02/03/2017 - 17:55 7890

Prezidentimizning «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni hududlarda sanoatni rivojlantirish yo‘lida yana bir tarixiy qadam bo‘ldi.

Hazorasp Xorazm viloyatining chekka hududi hisoblanib, bu yerda 235,7 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Iqtisodiy faol kishilar 99,2 ming nafarga yaqin bo‘lib, shundan qariyb 94 ming nafari iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishlaydi. Tumanda 2016-2017 o‘quv yilida 3,8 ming nafar yigit-qiz o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha mehnat bozoriga kirib kelmoqda.

— Prezidentimiz farmoni tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda, — deydi Hazorasp tuman hokimi o‘rinbosari Maqsud Rahimov. — Bojxona va soliq to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar investorlar, avvalo, xorijlik sarmoyadorlar uchun qulay biznes muhitini yaratadi. Har bir xorijlik investor uchun birinchi navbatda o‘zi kiritgan sarmoyasini belgilangan muddatlarda qoplash va sof foyda olish imkonini beradi. Hozirning o‘zidayoq «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi uchun tashabbuskorlar tomonidan umumiy qiymati 87,6 million AQSh dollari qiymatidagi 35 loyiha taqdim qilindi. Shundan 17 tasi joriy yilda ishga tushiriladigan loyihalar hisoblanadi. «Pitnak-panel» O‘zbekiston — Xitoy qo‘shma korxonasi yiliga 1 mln.kv.m. penopolistrol bloklarni va sendvich panellarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yana bir qo‘shma korxona tashkil etmoqda. 70 yangi ish o‘rni yaratiladigan mazkur qo‘shma korxonaning umumiy qiymati 3,6 million AQSh dollarini tashkil etib, buning 1,8 million AQSh dollari chet el investitsiyasi hisobidan bo‘ladi. Masalan, «Ma’rufjon Hazorasp servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yiliga ikki yuz ming dona avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona tashkil qilinadi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 300 ming AQSh dollari bo‘lib, uning yarmisi o‘z mablag‘lari hisobidandir.

Yuqorida tilga olinganlar faqatgina joriy yilda ish boshlaydigan korxonalar bo‘lib, salkam sakkiz yuz nafar kishini muqim ish bilan ta’minlaydi. Umuman, so‘nggi yillarda viloyatda bunyodkorlik ishlari keskin ko‘paydi. Xorazmning sanoat salohiyatini oshirish, Urganch shahrini qayta qurish borasidagi qarorlardan so‘ng viloyat ulkan qurilish maydoniga aylandi. Shu bilan birga, eng muhim qurilish xomashyosi bo‘lgan sementning boshqa hududlardan tashib keltirilayotgani shahar uchun katta qiyinchiliklarni tug‘dirayotgan edi.

«Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiruvchi korxonalardan birida aynan yuqori sifatli sement tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda. «Grand Kristal Grup» mas’uliyati cheklangan jamiyati taklif etgan birinchi loyihaga ko‘ra, yiliga 300 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona bunyod etiladi. Bu loyihani amalga oshirish uchun xitoylik hamkorlar tomonidan 16 million 200 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritiladi. Ushbu korxonada 200 yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqarilgan sement viloyatdagi qurilish tashkilotlari va aholiga yetkazib beriladi.

«Grand Kristal Grup» MChJning ikkinchi loyihasi yiliga besh ming metr kub hajmdagi temir-beton mahsulotlarini tayyorlashga mo‘ljallangan. Loyihaning qiymati 750 ming AQSh dollariga teng. Bu ham qurilish tashkilotlari uchun juda katta madad bo‘ladi.

Tadbirkor Ulug‘bek Qozoqov berilayotgan imtiyoz va qulayliklardan ruhlanib, katta rejalar tuzyapti. U to‘lqinlanib, shunday fikrlarni bildirdi: — Erkin iqtisodiy zona sarmoyasi bor tashabbuskorlar uchun juda katta imkoniyat yaratadi. Men ham o‘z loyihamni amalga oshirishga kirishayapman. Yiliga sakson ming dona ayollar va erkaklar ko‘ylagi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan korxona ochayapman. Bu loyihaning umumiy qiymati 300 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Mablag‘ning bir qismi o‘z hisobimdan bo‘lsa, bir qismini bankdan imtiyozli kredit sifatida olyapman. Korxonada 20 nafar xotin-qiz muqim ish bilan ta’minlanadi. Ishni izchil yo‘lga qo‘ygach, imkoniyatlarimdan kelib chiqib, ishlab chiqarish quvvatini oshirishni qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil qilishni ko‘zlab turibmiz. Erkin iqtisodiy zonada o‘ttiz yil davomida soliqlar va boshqa to‘lovlar bo‘yicha beriladigan imtiyozlar ishimiz rivojiga katta madad bo‘ladi.

Tadbirkor Shuhrat Mahmudov ham suhbatimizga qo‘shildi:

— Xitoyning «Okean» kompaniyasi bilan yiliga ikki million juft paypoq ishlab chiqarish quvvatiga ega qo‘shma korxona tashkil etyapman. 30 kishi ishlaydigan qo‘shma korxona tashkil qilish uchun 1 million 60 ming AQSh dollari zarur bo‘lsa, shuning teng yarmiga chet el investitsiyasi jalb etiladi. Teng sheriklik asosidagi qo‘shma korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlarning bir qismini xorijga eksport qilishni niyat qilganmiz. Kelgusida iqtisodiy imkoniyatlarimiz kengayib, ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirishimizga ishonamiz.

Darvoqe, «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi qulay hududda tashkil qilinmoqda. Buning uchun Pitnak shaharchasida 250 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan.

— Partiyamiz harakat dasturida ijtimoiy muhofazaga juda keng o‘rin berilgan, — deydi O‘zXDP viloyat kengashi bo‘lim mudiri, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Nodira Odamboyeva. — Aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoyalashning eng maqbul yo‘li ularni munosib ish o‘rni bilan ta’minlashdir. Bu borada kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda viloyatimizda erkin iqtisodiy zona tashkil qilinayotgani juda katta ijtimoiy ahamiyatga ega. Bu yerda yaqin yillarda o‘ttiz beshdan ortiq loyiha hayotga tatbiq qilinishi belgilangan. Bu esa birinchi navbatda minglab yangi ish o‘rni demakdir. Yaqinda Pitnak shahrida yoshlar bilan o‘tkazilgan davra suhbatida erkin iqtisodiy zonaning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumotlar berishga harakat qildik. Bu yangilik yoshlarimizda juda katta qiziqish uyg‘otgani bizni quvontirdi. Ular hozirdan yangi korxonalarda ishlash istagidalar.

Viloyatning davlat ahamiyatidagi hamda ichki yo‘llarini joriy ta’mirlash dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Aksariyat yo‘llarning ta’mirtalab ahvolda ekanligi hech kimga sir emas. Bu masalada yo‘l qurilish tashkilotlarining imkoniyatlari bir qadar cheklangan. Ayni shu kamchilikni to‘ldirish uchun erkin iqtisodiy zona hududida yo‘l qurilishi bilan shug‘ullanuvchi yirik qurilish tashkiloti tuziladi. 200 kishi ishlashi kutilayotgan bu yirik tashkilotni bunyod etish, kerakli texnikalar bilan ta’minlash uchun 1,5 million AQSh dollari qiymatida mablag‘ sarflanadi.

Biz erkin iqtisodiy zonada mahalliy tadbirkorlar tashabbuslari bilan amalga oshiriladigan loyihalar haqida so‘z yuritdik xolos. Bular hali boshlanishi. «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasining istiqboli esa yanada porloq.

Manba: «O‘zbekiston ovozi» gazetasi