Sirdaryo viloyatida “Tadbirkor – bunyodkor” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
21/02/2017 - 16:26 8539
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida “Tadbirkor – bunyodkor” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tijorat banklari vakillari, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishtirok etdi.
Unda Toshkent shahri hamda Sirdaryo viloyatidan kichik biznes va ishlab chiqarish korxonalari uchun yangi texnologiyalar yetkazib beruvchi 30 dan ortiq korxona va savdo uyi 150 dan ziyod turdagi uskuna va jihozlar bilan qatnashdi.
– Ko‘rgazma kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, eskportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari M.Eshmatov. – “Gulshana textile invest”, “Vinks”, “Milk tex profi”, “Bahromjon nur savdo”, “Sirdaryo momiq quyonlari” va boshqa korxonalar, savdo uylari, fermer xo‘jaliklari tomonidan taklif etilgan mahsulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. “Mashhura” va “Elegant” o‘quv markazlari tomonidan pazandalik, qandolatchilik, sartaroshlik, tikuvchilik uskuna va jihozlaridan foydalanish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Tadbir davomida uskuna va jihozlar xarid qilish bo‘yicha ko‘plab shartnomalar imzolandi.
– Bir necha yil ilgari non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaradigan sex tashkil etgan edik, – deydi Xovos tumanidan tadbirkor Sh.Sherqo‘ziyev. – Sexdagi uskunalar eskirdi. Ko‘rgazmada taklif etilgan non, qandolat mahsulotlari ishlab chiqaradigan, pista qadoqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bizga juda ma’qul keldi. Sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Bu ishlab chiqarish hajmi va sifatini yanada oshirish bilan birga, yana 10 ga yaqin ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Manba:, O‘zA