Bangladeshlik sheriklar bilan tajriba almashuv

05/01/2017 - 09:49 7750

Samarqand viloyati delegatsiyasi Bangladesh respublikasining to‘qimachilik sohasidagi tajribasini o‘rganish maqsadida ushbu mamlakat poytaxti Dakka shahriga safar qildi.

O‘zbekiston vakillari safar chog‘ida mazkur davlatning To‘qimachilik sanoati va Tashqi ishlar vazirliklarida, Bangladesh to‘qimachilik korxonalari uyushmasida uchrashuvlar o‘tkazdilar hamda Sienkee Group, Mega Washing & Dyeing Ltd, Youngone, Badsha va Prostar Group kabi taniqli kompaniyalar fabrikalarida ham bo‘lishdi.

Tadbirlar doirasida bangladeshlik ishbilarmonlarga O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, jumladan, paxta xomashyosining mamlakat ichkarisida yetishtirilishi, energiya resurslari narxining pastligi hamda yuqori malakali mutaxassislarning mavjudligi haqida batafsil ma'lumot berildi.

O‘z navbatida, Bangladesh kompaniyalar vakillari o‘zbekistonlik sheriklariga yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatini oshirish imkoniyatini beradigan texnologiya va nou-xaularni yetkazib berishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida to‘qimachilik sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari va o‘zaro hamkorlikning xomashyo eksporti bosqichidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish darajasiga o‘tishning zarurligi masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizning ushbu sohadagi imkoniyatlarini yuqori baholar ekan, Bangladesh Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari K.Axsan O‘zbekiston yaqin kelajakda paxta xomashyosi eksportchisidan to‘qimachilik sanoati rivojlangan yirik davlatga aylanishiga ishonch bildirdi.

K.Axsanning fikriga ko‘ra, Bangladesh kompaniyalari O‘zbekistonda zarur xomashyo, energiya resurslari va qulay investitsiya muhitining mavjudligini hisobga olishlari lozim.

Manba: “Jahon” AA