Muqaddas zamin saxovati - turmushimiz farovonligi omili
11/11/2016 - 19:33 14841
Xalqaro mutaxassislarning e'tiroficha, diyorimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari xushta'mligi, sarxilligi, eng asosiysi, tabiiyligi, foydali va to‘yimliligi bilan mintaqa hamda jahon bozorida juda xaridorgir ekan. Shuning uchun ham saxovatli o‘zbek zaminida yetishtiriladigan meva va sabzavotlar yuqori nufuzga ega bo‘lgan tovar belgisiga aylanib, bu mahsulotlarni sotib oladigan mamlakatlarda ular yuksak raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi. O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq va boshqa ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga chiqarish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘nta davlatdan biridir.
To‘g‘risiyam, shunday. Bundoq o‘ylab qaralsa, yeri serhosil, mevasi ta'mining dunyoda ta'rifi yo‘q bo‘lgan yurtimizning har hovuch tuprog‘i gavharga teng.
Biz ana shunday muqaddas va tabarruk, saxovatpesha diyorda yashaymiz. Asrlar davomida uning bunday noz-ne'matlaridan bahramand bo‘lib kelyapmiz. Shu o‘rinda, o‘z-o‘zidan haqli bir savol tug‘iladi: “Xo‘sh, tabiatning bunday cheksiz marhamatiyu in'omidan qanchalik unumli foydalana bilyapmiz? Ularni tashqi bozorga olib chiqib, sotib, mamlakatga valyuta tushumini ko‘paytirishda mavjud imkoniyatlarimizni qanchalik ishga solayapmiz?”. Tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, masalaning mana shu jihati, nazarimizda, bugun judayam muhim.
Shu ma'noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 30 sentyabrdagi F-4720-sonli “I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan, joriy yilning 8-10 noyabr kunlari Toshkentda “O‘zekspomarkaz” AJ ko‘rgazma majmuasi pavilonlarida I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi (Yarmarka) ning o‘tkazilgani bu xususda teranroq fikrlashga, mavjud imkoniyatlardan yanada to‘laqonli foydalanishga qulay imkoniyat yaratdi, desak, xato qilmagan bo‘lamiz...
Yarmarka: uning maqsadi, ahamiyati va natijalar
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad - deydi Iqtisodiyot vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruzaxon Abdusamatova. - Chet ellik hamkorlarni O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan, o‘zining ajoyib ta'm va xususiyatlarga ega, to‘yimli, vitaminga boy bo‘lgan sabzavot, meva, uzum va poliz mahsulotlari bilan tanishtirish, bu borada ular bilan uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda ho‘l va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarimiz eksport hajmlari va turlarini ko‘paytirishdan iboratdir.
Aytish joizki, Yarmarka tashkilotchilari «O‘zbekoziqovqatxolding» XK, “Uzvinosanoatxolding” XK, «O‘zagroeksport» AJ hamda «Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi Direksiyasi» hisoblanib, tadbir doirasida tashqi bozorlarga jami 1 million tonnadan ziyod ho‘l va 30 ming tonnadan ortiq qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalarini tuzish va kelgusi yil uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mazkur tadbir meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan uni qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlar o‘rtasida uzoq muddatli barqaror kooperatsiya munosabatlari tizimini barpo etish, takomillashtirishga ham sabab bo‘ladi.
Yarmarkada mamlakat meva-sabzavotchilik sohasini iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini o‘zida aks ettiruvchi stend va ekspozitsiyalar tashkil etilgan bo‘lib, jumladan, yurtimiz fermer, dexqon xo‘jaliklari, agrofirmalar va qayta ishlash korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan ho‘l va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarining sara turlari namoyish etilmoqda.
Biz “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazma majmuasining birinchi pavilonidamiz. Bu yerda yurtimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarida yetishtirilgan sarxil meva-sabzavotlari joylashtirilgan. Har bir viloyat meva-sabzavotchilik turlarining ixtisoslashuviga qarab, o‘ziga biriktirilgan joyni shunday chiroyli va nozik ta'b bilan bezashganki, hayratdan, nahotki, ushbu ne'matlar bizning zaminimizda yetishtiriladi, deysiz, beixtiyor.
Ushbu Yarmarkada qovun, mosh, qizilmiya ildizi, kunjut, loviya, qizilmiya ekstrakti kabi mahsulotlarimizga ko‘plab import shartnomalarini tuzishga muvaffaq bo‘ldik - deydi Qoraqolpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Saylaubay Doniyarov. - Xorijlik hamkorlarimiz, asosan, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Iroq davlatlari hisoblanadi. Xorijiy hamkorlarimiz geografiyasining ko‘lami yil sayin kengayib borayapti. Eng asosiysi, ular joylardagi tadbirkorlarimiz bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzib, o‘zaro manfaatli aloqalarni muntazam yo‘lga qo‘yishga erishishmoqda.
Joriy yilning 26-27 oktyabr kunlari - deb, suhbatni davom ettirdi Farg‘ona viloyati hokimligi hududlarni kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmasining qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Farhod Akbarov - yuqoridagi Farmoyishga muvofiq, respublikamizning barcha viloyatlarida Hududiy meva-sabzavot yarmarkalari o‘tkazildi. Unga ko‘ra, viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 45 ta eksportyor korxonalar bilan fermer xo‘jaliklar o‘rtasida umumiy qiymati 170 million AQSH dollari miqdorida hamkorlik shartnomalari imzolandi. Ushbu Hududiy yarmarkalarning o‘tkazilishi I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi oldidan o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini ham o‘tadi...
Birinchi pavilon bo‘ylab harakatlanamiz. Mana, bir tomonda shoxlariga meva-sabzavotning o‘ttizdan ziyod(!)turi ilingan, atrofi did bilan bezantirilgan “Saxovat daraxti” (tadbir ishtirokchilari bu daraxtni shunday atashyapti!) Surxondaryo vohasining mahsulotlari joylashtirilgan bo‘lsa, uning shundoq yonida Jizzaxning musaffo tabiatida vitaminga to‘yinib, pishib yetilgan karam, sabzi, kartoshka, oshqovoqdan tortib, xuddi hozir uzilgandek bo‘lib turgan ko‘katlar, ziravorlar barchaning e'tiborini tortadi.
Namangan viloyati dehqonlarining qalb qo‘ri bilan yetishtirgan asaldan totli uzumlariyu, o‘rik, olmalarini aytmaysizmi? Har birining donasi naq 250-300 grammni tashkil qiladigan serta'm, xushbuy olmalarning besh-olti turi ko‘rgazmani bezab turibdi. Yana bir tarafda Sirdaryoning tilyorar qovunlari va boshqa poliz ekinlari mahsulotlari chiroyli qilib terib chiqilgan. Ulardan tatib ko‘rgan kishining bu yerdan sira ketgisi kelmaydi.
Samarqand viloyatining eksponatlari orasida tokzordagi uzum shingilini eslatuvchi hajmi anchagina katta (uzunligi bir yarim metr, eni qariyb yarim metr!) qilib yasatilgan bir shingil uzumni ko‘rib, beixtiyor tamshanib qo‘ydik... Shundoq kiraverishda qovun, tarvuz, oshqovoq, va boshqa turli poliz mahsulotlarining po‘chog‘iga shunday chiroyli zeb berilganki, bu san'at asariga qaraganing sari qaraging kelaveradi. Ha, bu mahsulotlarning barchasi o‘z iste'molchisini kutib yotibdi...
- Serquyosh yurtingizda yetishtiriladigan mevalarni, ayniqsa, olmani yaxshi ko‘raman, - deydi Vladimir Leshuk Rossiya Federatsiyasining "NAORTS" (Ulgurji taqsimot markazlari milliy uyushmasi) ijrochi direktori. - Ko‘rgazma biz uchun kelgusidagi o‘zaro manfaatli hamkorligimiz uchun g‘oyatda foydali bo‘ldi. Tan olish kerak, yurtingizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar inson sog‘lig‘i uchun juda muhim bo‘lgan mikroelementlar va oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boy, buning ustiga, ularning sifati yuqori, asosiysi, ekologik toza va xavfsiz. Bu biz - hamkorlar uchun judayam muhim jihat hisoblanadi.
“Zarur mahsulot bilan, lozim tarzda, kerakli joyda o‘z vaqtida tayyor bo‘lish” - zamonaviy marketingning oltin qoidalaridan sanaladi. Haqiqatdanam, yetishtirilgan har qanday mahsulot iste'molchiga sifatli tarzda o‘z vaqtida yetkazilishi bozor munosabatlari sharoitida juda muhim.
“O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalining ikkinchi pavilonida respublikamizning fermer va dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilgan mevalarni chet ellik va mahalliy iste'molchilarga o‘z vaqtida, sifatli tarzda yetkazib berilishiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar - “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyalari, tijorat banklari, turli konsalting kompaniyalar, agentliklar joylashgan. Ulardan ayrimlarini suhbatga tortdik.
Suhbatdoshlarimiz - “O‘rta Osiyo trans” va “Yevroprint” MCHJ vakillari Burxon Akromov hamda Ayubxon Fozilovlar bo‘lishdi. Ular bunday Yarmarkaning afzalligi xususida to‘xtalishib, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning ishlab chiqaruvchilar bilan bevosita muloqotga kirishishiga, bu borada mavjud muammolarni birgalikda hal etish uchun qulaylik tug‘dirishini aytishdi. Shuningdek, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi joylardagi meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va uni qayta ishlovchi, tayyorlovchi va eksport qiluvchi buyurtmachi tashkilotlar o‘rtasida kelgusida yangi buyurtmalar portfelini shakllantirishga yaqindan yordam berishini ham ta'kidlashdi.
Yarmarkaga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Gromiko, mahalliy ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida jumladan shunday dedi: “O‘zbekistonda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavotchilik ham jadal rivojlanmoqda. Mamlakatingizda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish jarayonining barcha bosqichi zamonaviy talablar asosida, xavfsiz texnologiyalar vositasida amalga oshiriladi. Shu bois meva-sabzavot mahsulotlari sotib olish hajmini yanada oshirish, uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdormiz. Mazkur yarmarka mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini beradi”.
Darhaqiqat, “O‘zekspomarkaz”ning uchinchi va to‘rtinchi pavilonlari ushbu meva-sabzavotlarni qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va eksporter korxonalari, savdo logistika markazlari va sovutgich komplekslari mutasaddilari hamda mutaxassislari bilan gavjum. Bu yerda oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Unda ho‘l va quruq mevalar, sabzavotlar, ko‘katlar, poliz ekinlari, dukkakli o‘simliklar, yong‘oqlar, ziravorlar, ichimliklar, qadoqlar va qadoqlash texnologiyalari, transport va logistikaga oid bo‘limlar ishlab turibdi. Biz Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida mavjud imkoniyatlarga nazar tashlaymiz. Birgina tumanda mevalarni eksport qiluvchi 4 yirik korxona mavjud bo‘lib, bu yerda 70 tonnadan tortib, 150 tonnagacha hajmdagi o‘nga yaqin mevani saqlaydigan muzlatgich va omborxonalar bor. Shuningdek tumanda meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi 2 korxona samarali faoliyat yuritmoqda.
Yarmarka mobaynida O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik sohasini rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risidagi har bitta viloyat vakillari chiqishlar qildi. Shuningdek, ho‘l va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini o‘rta muddatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish tizimini kengaytirish bo‘yicha chet ellik ishtirokchilar ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazilib, o‘zaro fikr almashildi.
Yarmarkada AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi 30 dan ziyod mamlakat qayta ishlash va savdo kompaniyalari, savdo tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi vazirlik va idoralar, logistika kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.
Shunday qilib, “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, Yarmarka yakunlari bo‘yicha qiymati 1 mlrd. dollardan ziyod bo‘lgan 1,4 mln. tonna meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 355 ta shartnoma imzolangan. Eksport qilinadigan mahsulotlarning 32 foizini sabzavot, 16,6 foizini uzum, 25 foizini meva, 13,7 foizini dukkakli va poliz maxsulotlari, 13 foizini quritilgan va qayta ishlangan mahsulotlar, tashkil qilgan.
O‘tgan safargi navbatdan tashqari Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil qilish va o‘tkazishda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan edi, - deydi Jamshid Xolmuxamedov “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi rahbari - bu safargisida ularni bartaraf qilishga harakat qildik. “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi tashkil qilingandan buyon bir qator yirik xorijiy hamkorlar topishga erishdi, jahon bozorida o‘z o‘rnini topib kelmoqda. Quvonarlisi shuki, Yarmarkaga tashrif buyurgan chet ellik mehmonlar shunchaki yurtimizni sayr qilishga, O‘zbekistonning mahsulotlarini ko‘rib ketishga emas, balki ularning aksariyati bizning doimiy hamkorimiz bo‘lib, aniq mahsulot turlarini sotib olish maqsadida shartnomalar tuzish uchun kelishgan. Ayni paytda tuzilgan shartnomalarning kutilganiga nisbatan 40 foizga ko‘pligi buning yorqin dalilidir.
Yarmarkadan katta taassurotlar bilan qaytarkanmiz, beixtiyor istiqolimizning ilk kunlaridagi g‘oyat ayanchli va qo‘rqinchli iqtisodiy manzara ko‘z oldimizga keldi: 90-yillarning oxirlari. Respublika aholisi qashshoqlikka yuz tutgan, iqtisodiy mexanizmlar izdan chiqqan, mamlakatda, bor-yo‘g‘i, bir haftalik bug‘doy zaxirasi qolgan, aholi iste'mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarining salmoqli qismi chetdan keltirilgani sababli, import qilishga valyutaning o‘zi yo‘q, iqtisodiy munosabatlarimiz Markazga to‘liq bog‘langan bir davr. Buning ustiga, ekin maydonlarida paxta monopoliyasi hukm surmoqda.
Ma'lumot o‘rnida: 1990 yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi asosan paxta yetishtirishga qaratilgan bo‘lib, paxta xom ashyosining mamlakat YAIMdagi ulushi 15,9 foizni, yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi esa 47,7 foizni tashkil qilar edi. Oziq-ovqat mahsulotlari asosan sobiq ittifoqning boshqa davlatlaridan olib kirilar edi. Respublikada ishlab chiqariladigan g‘alla miqdori unga bo‘lgan talabni 17,5 foizini, sut va sut maxsulotlarini - 40 foizini, kartoshka va go‘sht mahsulotlarini yarmini qoplardi xolos.
Mana shunday mushkul va chigal vaziyatda rahbariyatning oqilona ish tutishi tufayli respublika inqiroz botqog‘idan eson-omon, hech bir talofatlarsiz chiqib ketishiga muvaffaq bo‘lindi. Uzoqni ko‘zlab qilingan bunday ishlar qatoriga, birinchi galda, aholiga dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha yerlarning ajratilishi, paxta ekiladigan maydonlarning bosqichma-bosqich qisqartirilib, unga mos ravishda meva-sabzavot, poliz mahsulotlari maydonining kengaytirib borilishi kabilarni kiritish mumkin. Eng muhimi, mulk davlat tasarrufidan chiqarilib, xususiylashtirilishi natijasida yer o‘z egasini topdi, ishlab chiqaruvchilarda manfaatdorlik tuyg‘usi kuchayib, ichki bozor asta-sekin to‘yintirib borildi. Qishloq xo‘jaligida bo‘lgani kabi iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham Inson va uning manfaatlari uchun amalga oshirilgan bunday islohotlar samarasini mana bugun o‘zimiz guvohi bo‘lib turibmiz.
Odamzod bor ekan, rivojlanish, oldinga intilish davom etaveradi. Jamiyat va iqtisodiy qonunlar ham xuddi shunday. Hozirgi jadal taraqqiyot oldimizga o‘zining jiddiy talablarini qo‘ymoqda. Chunonchi, bugungi kunda yurtimizdagi u sanoat tarmoqlarida bo‘ladimi, hududlar kesimidami, bundan qat'iy nazar, hali to‘laqonli ishlatilmagan imkoniyatlar, yashirin zaxiralarni ishga solish, ulardan oqilona va unumli foydalanish zaruriyati tug‘ilmoqda. Natijada kam mehnat talab etadigan muqobil mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, raqobatbardosh mahsulotlarimiz sotilishi evaziga mamlakatimiz g‘aznasiga valyuta tushumi ko‘payadi, ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi, aholining ijtimoiy muhofazasi kuchayadi, yashash tarzimiz yangi sifat bosqichiga ko‘tarilib, jamiyat yuksak farovonlik sari yuz tutadi.
Qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi
Axborot xizmati