Poytaxtimizda X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi davom etmoqda

02/11/2016 - 09:27 9114

Forumda mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlari va yetakchi korxonalari ishtirok etmoqda. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2007-yil 12-noyabrdagi «Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, 2013-yil 29-yanvardagi «Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatdoshliligini yanada oshirish va tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 3-martdagi «2016-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tashkil etilgan ushbu tadbir korxona, tashkilot va muassasalar, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va ishlab chiqarishni kengaytirishda muhim omil bo‘layotir. 

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida mamlakatimizning barcha tarmoqlari va yetakchi korxonalari ishtirok etmoqda. 

– Mamlakatimizdagi yetakchi sanoat korxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha 130 dan ortiq shartnoma imzoladik, – deydi «O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati savdo-sotiq bo‘limi menejeri Anvar Mamatqulov. – Shuningdek, o‘zimizga kerakli mahsulotlarni xarid qilish yuzasidan ham 300 milliard so‘mlikdan ortiq kelishuvlarga erishdik. Ushbu tadbir hamkorlar va xaridorlarni izlab topish, kerakli xomashyo va tovarlar bozorini o‘rganish, Mahalliylashtirish dasturida belgilangan vazifalarni bajarishda qo‘l kelmoqda. Buning natijasida ishlab chiqarish rivojlanmoqda, xilma-xil, yangi zamonaviy mahsulotlarni o‘zlashtirish, bozorlarimizni sifatli mollar bilan to‘ldirishga erishilmoqda. 

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni tizimidagi korxonalar ham faol ishtirok etayotir. Hozirgi kunda konsern tizimida 54 ishlab chiqarish korxonasi va 3 ilmiy-tadqiqot muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu korxonalarda joriy yilning birinchi yarmida 528 milliard so‘mlikdan ortiq dori vositalari, tibbiyot buyumlari, yordamchi materiallar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarildi. 

Investitsiya loyihalari doirasida yangi dorilar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, ishlab chiqarish jarayonini zamonaviylashtirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Xalqaro sanoat yarmarkasida farmatsevtika korxonalarining ushbu salohiyati keng namoyish etilishi barobarida, ichki bozordan xomashyo sotib olish bo‘yicha 66 milliard so‘mlikdan ortiq 44 shartnoma imzolandi. Xususan, shisha idishlar yasashda foydalaniladigan kalsiylashtirilgan soda va substansiyalar xarid qilish, poligrafiya korxonalari bilan dori-darmonni qadoqlash uchun qog‘oz qutilar va ularga yorliqlar tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

Mamlakatimiz farmatsevtika korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro sifat standartlari bilan kafolatlangan. Ular sifati va samaradorligi jihatidan xorijnikidan qolishmaydi, narxi ancha arzon. Ushbu shifo vositalariga xorijda ham ehtiyoj yuqori. Tadbirda bir qator xorijiy davlatlar bilan dori-darmon yetkazib berish bo‘yicha 24 shartnoma imzolangani buning isbotidir. 

Mazkur tadbir barcha tarmoq va sohalar vakillari, korxona va tashkilotlar uchun ana shunday foydali kelishuvlarga erishish, hamkorlik istiqbollarini belgilashda katta imkoniyat yaratmoqda. Unda nafaqat yirik, balki kichik korxonalar, xususiy tadbirkorlar ham o‘z mahsulotini iste’molchilarga keng targ‘ib etish, savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlar izlab topishga erishmoqda. Poytaxtimizning Olmazor tumanida faoliyat yuritayotgan «Bekshod invest servis» kichik korxonasi faoliyati bunga misoldir. 

– Qurilish sohasida qo‘llaniladigan yuk ko‘targichlarning bir necha turini ishlab chiqaramiz, – deydi korxona direktori Erkin Shodiyev. – Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi faoliyatimizni kengaytirish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Tadbir doirasida qariyb 100 million so‘mlik 10 dan ortiq shartnoma imzoladik. Bu shartnomalarni o‘z vaqtida bajarish uchun sharoitimiz yetarli. Malakali mutaxassislar ishlaydigan kichik korxonamiz zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Joriy yilning o‘tgan davrida 700 million so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqardik va sotdik. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirish, import o‘rnini bosadigan yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni rejalashtirganmiz. 

Xalqaro sanoat yarmarkasining yengil sanoat mahsulotlari bo‘limi stendlarida korxona va tashkilotlar, tadbirkorlarning mahsulotlari keng namoyish etilayotgani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo-sotiq amalga oshirilayotgani barobarida, mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar ham imzolanmoqda. 

– Oilaviy korxonamiz tashkil etilganiga o‘n yildan oshdi, – deydi poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi «Daromad Munira Fayz tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati savdo menejeri Nurislom Baytullayev. – Turli soha xodimlari uchun o‘nga yaqin turdagi ish kiyimlari ishlab chiqarmoqdamiz. Mamlakatimizdagi yetakchi korxona va tashkilotlar bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha hamkorligimiz rivojlanmoqda. Ushbu yarmarka ham foydali kelishuvlarga boy bo‘ldi. Hozirgacha 50 million so‘mlikdan ortiq shartnomalar imzoladik. Tadbirkorlarga o‘z salohiyatini namoyish etish uchun ana shunday qulay imkoniyatlar yaratilayotganidan xursandmiz. 

Manba: O‘zA