Korporativ boshqaruv samaradorlikning muhim omili
24/10/2016 - 10:50 10204
O‘zbekiston Markaziy banki, Banklar assotsiatsiyasi va Bank-moliya akademiyasi hamkorligida "Iqtisodiyotda korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish va investitsiyaviy muhit jozibadorligini oshirishning dolzarb masalalari" mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Moliya vazirligi, Markaziy bank, Banklar assotsiatsiyasi mas’ul xodimlari, moliya-kredit tashkilotlarining yetakchi mutaxassislari, tijorat banklari, xorijiy moliya institutlari vakolatxonalari vakillari, iqtisodiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodim-izlanuvchilar va magistrantlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasi rektori vazifasini bajaruvchi A.Bekmurodov, O‘zbekiston lizing beruvchilar assotsiatsiyasi bosh direktori Z.Mustafoyev, O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar assotsiatsiyasi raisi M.To‘laxo‘jayeva va boshqalar bank-moliya sohasiga korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, iqtisodiyotda bunday boshqaruv tizimini rivojlantirish hamda mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhitni shakllantirish aksiyadorlik jamiyatlari, xususiy tadbirkorlik subyektlarining innovatsiya faoliyati yuksalishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Konferensiyada korporativ boshqaruv usullarini aksiyadorlik jamiyatlariga joriy etishga qaratilgan qonun, farmon va qarorlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev joriy yil 5-oktabrda imzolagan "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, hususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonda ko‘zda tutilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilgan qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlamoqda. Jahon iqtisodiy forumi reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2014-2015 yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016-2017 yillarda iqtisodiy o‘sish prognozlari bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olgani buning yorqin isbotidir.
Mamlakatimizda bank tizimining kapitallashuv darajasini oshirish, uning likvidligini yanada mustahkamlash, barqarorligini kuchaytirish borasida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada bank tizimida erishilgan ko‘rsatkichlar nafaqat xalqaro umumqabul qilingan me’yorlarga mos, balki ayrim yo‘nalishlarda undan ham yuqori ko‘rsatkichlarni egallamoqda.
– Korporativ boshqaruv aksiyadorlar, menejerlar, kreditorlar, hamkorlar, mijozlar, xodimlar kabi kompaniya faoliyatiga aloqador barcha shaxslarning manfaatlari inobatga olingan holda boshqariladigan tizimdir, – deydi O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi o‘quv markazining kafedra mudiri Nodira Zikrillayeva. – Ular kompaniyaga tegishli qarorlar qabul qilish va kompaniyani boshqarishda ishtirok etadi. Korporativ boshqaruv tizimi ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirish, pul mablag‘laridan samarali foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish, investitsiyaviy va innovatsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun kerakli mablag‘larni jalb qilish, rentabellik darajasini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Korporativ boshqaruvni rivojlantirish davlat mulkini aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish orqali xususiylashtirish bilan ham bog‘liqdir. Bunday ishlar natijasida yurtimizda ko‘plab aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etilgan. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti o‘sishiga munosib hissa qo‘shayotgan yirik korxonalar aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritayotgani ham korporativ boshqaruv sohasini rivojlantirish katta ahamiyat kasb etishidan dalolatdir.
Evropa taraqqiyot va rivojlanish bankining Toshkentdagi vakolatxonasi direktori Masaru Xommanning aytishicha, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor rivojlanishini rag‘batlantirish dunyoning aksariyat davlatlarida dolzarb vazifadir. O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha puxta o‘ylangan strategiyaning amalga oshirilayotgani va menejerlarning chuqur bilimga ega ekani ushbu jarayon muvaffaqiyatini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Konferensiyada O‘zbekiston bank-moliya tizimini barqaror rivojlantirish, bu sohada korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, qulay investitsiyaviy va biznes muhitini yanada rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Manba: O‘zA